Jamiyat | 09:22 / 03.09.2023
36300
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda bog‘cha bolalarini urgan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarni kaltaklagani aks etgan video tarqalishi ortidan mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotida tekshiruv o‘tkazilgan.

Bu holat «MuhammadYusuf bolajonlari» bog‘chasida ro‘y bergan. Videoda tarbiyachi bolalarni videoga olayotganida esnab o‘tirishda ayblagan va ularning boshiga urib chiqqan.

Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mazkur holatga munosabat bildirdi.

«Mazkur holat darhaqiqat Andijon viloyati Marhamat tumanidagi «MuhammadYusuf bolajonlari» nodavlat ta’lim tashkilotida sodir bo‘lib, ushbu holatga yo‘l qo‘ygan ta’lim tashkiloti tarbiyachisi egallab turgan lavozimidan ozod etildi», — deyiladi munosabatda.

Shuningdek, «ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lib, ta’lim tizimi imijiga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi holatni yuzaga keltirgani uchun» bog‘cha rahbariyatiga belgilangan tartibda intizomiy chora qo‘llangan.

Mavzuga oid