Jahon | 18:21 / 03.09.2023
17567
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Britaniya mudofaa vazirining iste’fosiga AQSh bilan diplomatik mojaro qo‘zg‘agani sabab bo‘lgan

Ben Uolles Amerika vertolyotlari xaridi bo‘yicha qimmatbaho shartnomani bekor qilishga uringan.

Foto: The Times

Buyuk Britaniya sobiq mudofaa vaziri Ben Uolles iste’foga chiqishidan oldin Amerikaning 14 dona Chinook H-47 vertolyotlari yetkazib berilishi bo‘yicha 2,3 milliard funt sterlinglik shartnomani bekor qilishga urinib, AQSh bilan diplomatik mojaro keltirib chiqargan. Bu haqda The Sunday Times manbasi xabar bermoqda.

Shartnomaga ko‘ra, Boeing kompaniyasi ishlab chiqargan vertolyotlar yetkazib berilishi 2026 yilda boshlanishi kerak bo‘lgan. Pentagondagilar bu mashinalar Buyuk Britaniyaga AQSh hamda NATOning boshqa mamlakatlari bilan birgalikdagi qo‘shma amaliyotlarda ishtirok etish uchun zarurligini bildirgan. Ammo, gazeta suhbatdoshiga ko‘ra, so‘nggi haftada Ben Uolles bu kelishuv to‘g‘riligi bo‘yicha shubhaga borib, Buyuk Britaniya mudofaa budjetiga bosimni kamaytirish maqsadida uni bekor qilishni taklif etgan.

10 avgust kuni u Pentagon rahbari Lloyd Ostinga xat yo‘llab, unda Londonning vertolyotlar xaridi bo‘yicha kelishuvni qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilayotganini bildirgan. Bunga javoban Amerika hukumati Buyuk Britaniya elchisi Karen Pirsni chaqirtirib, u orqali bosh vazir Rishi Sunakka kelishuvni bekor qilish «yomon g‘oya» ekanini bildirgan. The Times manbalariga ko‘ra, britaniyalik mulozimlar amerikalik hamkasblarini Uolles lavozimini tark etgach, muammo hal etilishiga ishontirishgan.

Britaniya hukumatining ayrim a’zolari Uolles o‘z harakatlari bilan AQSh prezidenti uning NATO bosh kotibligiga nomzodini qo‘llamagani uchun amerikaliklarni afsuslantirmoqchi bo‘lgan, degan fikrda. Ammo vazirning atrofidagi kishilar bu ikki holatning aloqadorligini rad etishmoqda. Uolles avval ham qimmatbaho kelishuvlarga qarshi bo‘lib kelgan. Buyuk Britaniyada allaqachon Amerikaning 60 ta Chinook vertolyoti mavjud va uning transport aviatexnika parki NATOning Yevropadagi a’zolari orasida eng yirigi hisoblanadi.

  • Ben Uolles 2019 yil iyulidan buyon Buyuk Britaniya mudofaa vaziri edi. U Britaniya hukumati RF qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqiniga tezkor reaksiya qilishida muhim rolni o‘ynagan. Xususan, Buyuk  Britaniya g‘arb mamlakatlari ichida birinchi bo‘lib Ukrainaga 250 kilometrdan ortiq radiusda harakatlana oluvchi Storm Shadow qanotlari raketalarini yetkazib bergan mamlakatga aylangan. Uolles 2023 yil 31 avgust kuni iste’fo berdi, uning o‘rnini esa energetika vaziri  Grant Shapps egalladi.

Mavzuga oid