Sport | 12:10 / 10.09.2023
45967
21 daqiqa o‘qiladi

Ronalduda nokdaun, grandlarda yo‘qotishlar. Yevro-2024 saralashida 5-tur yakunlari

Yevro-2024 saralashi doirasida yana olti guruhda beshinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

A guruhi

Gurjistonda tarixiy mag‘lubiyat

Gurjiston – Ispaniya 1:7
Gollar:
0:1 – 22 Morata, 0:2 – 27, avtogol Kverkveliya, 0:3 – 38 Olmo, 0:4 – 40 Morata, 1:4 – 49 Chakvetadze, 1:5 – 65 Morata, 1:6 – 68 Uilyams, 1:7 – 74 Yamal.
Gurjiston – Mamardashvili, Gocholeyshvili (Sazonov, 77), Kashiya, Kverkveliya, Azarov (Dvali, 60), Lobjanidze (Davitashvili, 46), Aburjaniya (Chakvetadze, 46), Gagnidze (Mekvabishvili, 46), Kiteyshvili, Mikautadze, Kvaratsxeliya.
Ispaniya – Unai Simon, Karvaxal, Laport, Le Norman, Gayya, Fabian Ruis, Rodri (Subimendi, 72), Gavi (Merino, 58), Olmo (Yamal, 44), Asensio (Uilyams, 44), Morata (Xoselu, 72).
Ogohlantirishlar: Gavi (45), Aburjaniya (45), Kashiya (50), Kiteyshvili (60), Chakvetadze (63), Subimendi (79), Kvaratsxeliya (82).

Ispaniya yaqqol favorit edi, qolaversa, qo‘shimcha ishtiyoq ham bor edi. Chunki Yevro-2024 saralashida ikki o‘yindan keyin ularda atigi uch ochko mavjud edi. Taqqoslash uchun, beshinchi tur arafasida guruh peshqadami shotlandlarda — allaqachon 12 ochko edi. Ular ko‘proq, to‘rt o‘yin o‘tkazishgandi, ammo bu turnir jadvalini o‘zgartira olmaydi. Ispaniya Gurjiston bilan o‘yinga qadar to‘rtinchi o‘rinda joylashgandi va undan quyiroqda — faqat Kipr. Ular safarda g‘alaba qozonishi va guruh peshqadamligi uchun kurashni boshlashi talab etilardi. Va ular buni uddalashdi.

Birinchi bo‘limdayoq mezbonlar o‘z darvozasidan javobsiz to‘rt gol o‘tkazishdi. Tanaffusda Villi Saniol uchta futbolchi almashtirdi va bu dastlabki daqiqalarda o‘z samarasini berib, Chakvetadze hisobni biroz qisqartirishga erishdi. Ammo bu kambekning boshlanishi bo‘lib chiqmadi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarini Ispaniya yana juda kuchli o‘tkazib, sakkiz daqiqada uch gol urdi. Morata het-trikni nishonladi, tajribali hujumchilardan biri Uilyams hisobni yanada oshirdi, bunda noodatiy holat yo‘q. Ammo hatto 16 yoshli Lamin Yamal ham gol urdi. Bu uning uchun milliy jamoadagi debyut o‘yin edi. U milliy jamoa tarixidagi eng yosh gol muallifiga aylandi.

Bir necha daqiqa o‘tib Yamal dublni nishonlashi ham mumkin edi, ammo uning zarbasi biroz yuqoridan ketdi. Bu vaqtga kelib mahalliy muxlislarning aksari allaqachon tribunalarni tark etgandi.

Gurjiston tarixiy mag‘lubiyatga uchradi — ular hali hech kimga 1:7 hisobida yutqazmagandi. Bungacha eng yirik mag‘lubiyat qariyb 20 yil muqaddam Daniya bilan o‘yinda ro‘y bergandi — 1:6.

Kipr — Shotlandiya 0:3
Gollar:
Maktominey (6), Porteus (16), Makginn (30). 
Shotlandiya – Gann, Xiki (Patterson, 84), Tirni, Hendri, Porteus, Roberson, Makgregor, Makginn (Armstrong, 83), Maktominey (Kristi, 90), Gilmur (Maklin, 67), Adams (Dayks, 67).

Guruhda ideal darajada ilgarilab ketgan Shotlandiya Ispaniyaning kuchli o‘yinini hisobga olishi talab etiladi. Hozirda Stiv Klark jamoasi o‘z darajasidan yuqori o‘yin ko‘rsatmoqda va kerakli ochkolarni yig‘ib kelmoqda. Kiprliklar besh daqiqadan ortiqroq bardosh berishdi — Roberson o‘z uslubida oldinga chopib, qanotdan uzatma berdi va bu siklda hayratlanarli o‘yin ko‘rsatayotgan Maktominay o‘ziga yetib kelgan to‘pni bosh bilan darvoza to‘riga joyladi. «MYu»da zaxira futbolchisiga aylanib qolgan havbek milliy jamoada yuqori samaradorlik namoyish etmoqda. U besh o‘yinda olti gol urgan va to‘purarlar poygasida bormoqda, holbuki u bu safargi saralash bosqichigacha milliy jamoada birgina gol urgandi.

Birinchi golli hujumda assistentlik vazifasini shotlandlarning yana bir yetakchisi — Makginn bajardi. Bu yarimhimoyachi milliy jamoaning hozirgi murabbiylar shtabi bilan boshlangan uyg‘onish davri ramzlaridan biriga aylangan. Makginn — Roberson birgalikda jamoaning asosiy va juda samarali futbolchisi. U bo‘limning ikkinchi qismida o‘z saviyasini namoyish etib, jarima maydoni chizig‘i hududidan zarba berdi va darvozabon joyidan qimirlashga ulgurmadi. Endi shotlandlarning oktyabr oyida Ispaniyaga safarini barcha futbol muxlislari sabrsizlik bilan kutishmoqda. Ular oltinchi turni o‘tkazib yuborishadi va Angliya bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishadi.

12 sentabr. Norvegiya — Gurjiston, Ispaniya — Kipr.

S  guruhi

Angliyada ilk yo‘qotish

Ukraina — Angliya 1:1
Gollar:
Zinchenko (26) — Uoker (41). 
Ukraina – Bushan, Konoplya, Matviyenko (Krivsov, 46), Zabarniy, Mikolenko, Zinchenko (Buyalskiy, 76), Stepanenko, Mudrik (Nazarina, 90), Sudakov (Sidorchuk, 65), Tsigankov, Yaremchuk (Dovbik, 65).
Angliya – Pikford, Uoker, Maguayr, Gexi, Chiluell, Henderson, Rays, Bellingem (Reshford, 65), Meddison (Foden, 66), Saka (Gallaher, 86), Keyn.

Birinchi davradagi o‘yinda Angliya ukrainlarni o‘z uyida xotirjamlik bilan mag‘lub etgan bo‘lsa, bu safar Garet Sautgeyt jamoasi durangga rozi bo‘lib, ilk bor ochko yo‘qotdi. Britaniyaliklar birinchi bo‘lim davomida hisobda ortda borishga majbur bo‘lishdi, ammo tanaffus arafasida Keynning deyarli maydon markazidan yetkazib bergan pasini darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib borgan Uoker golga aylantirdi. Ushbu himoyachi klublarida ko‘p gol urgan bo‘lsa-da, bu uning milliy jamoadagi ilk goli bo‘ldi va bu natijani 33 yoshu 105 kunligida nishonladi.

Angliya futboli tarixida undan kattaroq yoshda (34 yosh) debyut golni urish faqat Jimmi Murga nasib qilgan va bu roppa-rosa yuz yil muqaddam, 1923 yilda ro‘y bergan. Uoker boshqa bir rekordni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi — birinchi goli uchun milliy jamoada 77 o‘yin o‘tkazgan futbolchi sifatida. Umuman olganda, faxriy futbolchi boshqa qanot himoyachilari — Eshli Koul va Gari Nevill kampaniyasini tark etdi, ushbu taniqli futbolchilar milliy jamoada mos ravishda 107 va 85 tadan o‘yin o‘tkazgan holda birorta gol ura olmagan.

Shimoliy Makedoniya — Italiya 1:1
Gollar:
Bardi (81) — Immobile (47). 
Shimoliy Makedoniya – Dimitriyevski, Zaykov, Musliu (Serafimov, 78), Manev, Alioski, Bardi, Atanasov (Iljazovski, 90), Elezi (Alimi, 74), Elmaz, Ashkovski (Dimoski, 74), Miovski.
Italiya – Donnarumma, Di Lorenso, Manchini (Skalvini, 59), Bastoni, Dimarko (Biragi, 82), Kristante, Barella, Tonali (Raspadori, 89), Dzakkani (Nionto, 82), Politano (Dzaniolo, 46), Immobile.
Ogohlantirishlar: Manev (68), Dimarko (70), Tonali (75), Dzaniolo (79), Alimi (88).

Luchano Spalletti skudettoni qo‘lga kiritganidan keyin milliy jamoa boshqaruviga kelgan holda Antonio Kontening yo‘lini takrorladi. «Napoli»ning sobiq ustozining ilk raqibi esa Italiyani sensatsion ravishda JCh-2022 turniri yo‘llanmasidan mahrum etgan shimoliy makedoniyaliklar bo‘ldi. Birinchi bo‘limdagi ayrim pallalarda makedonliklar hozir ham istalgan daqiqada hayron qoldira olishini namoyish etishdi. Italyanlar esa o‘z ustunligidan foyda chiqara olmadi, Tonalining zarbasi ustunga tegdi, Dzakkanining zarbasini esa mezbonlar darvozaboni qiyinchilik bilan to‘xtatdi.

Shu kuni sardorlik bog‘ichini taqib tushgan Immobile ikkinchi bo‘lim boshida baribir hisobni ochdi. Barella uyushtirgan hujumdan keyin «Latsio» forvardi darvoza to‘sinidan qaytgan to‘pga boshi bilan aniq zarba berdi va uni tabriklash uchun zaxira o‘rindig‘idagi barcha futbolchilar yetib kelishdi. Chiro makedonlar bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi, u milliy jamoalar darajasida aynan shu raqibga eng ko‘p golini (3) urgan.

Ammo yakunda bolqonlar jamoasi butun Italiyani ranjitdi. Bardining jarima nuqtasidan yo‘llangan zarbasi aniq chiqdi, noto‘g‘ri pozitsiya tanlagan Donnarumma to‘pga yeta olmadi. U aftidan raqib «jonli devor» ustidan oshirib zarba yo‘llashini kutgandi. Makedoniyaliklar — «skuadra adzurra» uchun o‘ta noqulay raqib bo‘lib qolmoqda. Bu jamoaga qarshi o‘yinlardagi inqiroz Roberto Manchini davrida boshlanganli, endi esa Spalletti ikkinchi o‘ringa yaqinlashib olish imkonini yo‘qotdi. Lekin jamoa ixtiyorida zaxira o‘yini bor va seshanba kuni Ukrainaga qarshi kechadigan o‘yin hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

12 sentabr. Italiya — Ukraina, Malta — Shimoliy Makedoniya.

F guruhi

Shvetsiya imkoniyatini yaxshiladi

Estoniya — Shvetsiya 0:5
Gollar:
Diokeresh (18), Kulusevski (24), Isak (39), Kuayson (75), Klasson (90+2). 
Shvetsiya – Olsen, Valkvist (Holm, 79), Lindelyof, Hin (Starfelt, 46), Kulusevski, Sema, Forsberg (Karlsson, 79), Gustafsson, Kayuste, Diokeresh (Kuayson, 64), Isak (Klasson, 64).

Startda Belgiyaga ham, Avstriyaga ham mag‘lub bo‘lgan Shvetsiya qiyin ahvolga tushib qolgandi. Ammo estoniyaliklar skandinavlar uchun muammo tug‘dirmadi. Shvedlar 11 yil ichida safardagi eng yirik g‘alabasiga erishdi. Qolaversa, mehmonlar ko‘plab vaziyatlardan foydalana olmadi, «Arsenal»ning zaxira darvozaboni Yakob Heyn bir qancha ajoyib seyvlar amalga oshirdi. Bu g‘alabadan keyin Shvetsiyada umid paydo bo‘ldi — barchasi seshanba kuni Ralf Rangnik boshqaruvidagi avstriyaliklar bilan kechadigan o‘yinda hal bo‘ladi.

Ozarboyjon — Belgiya 0:1
Gol:
Karrasko (38).
Ozarboyjon – Magomedaliyev, Bayramov (Emreli, 62), Mamedov, Mustafazade, Krivotsyuk, Jafarguliyev (Nabiyev, 85), Mahmudov, Diniyev (Ozobich, 84), Isayev (Safarov, 62), Dadashov (Gurbanli, 62), Sheydayev.
Belgiya – Kastels, Kastan, Vertongen, Fas, Teate, Tilemans (Mangalya, 66), Onana, Karrasko (Openda, 84), Trossar (Lukebakio, 79), Bakayoko (Doku, 66), Lukaku (Batshuayi, 66).
Ogohlantirishlar: Sheydayev (78), Doku (90+2), Batshuayi (90+3).

Kurtuaning og‘ir jarohati «Real» posboni va bosh murabbiy Domeniko Tedesko o‘rtasidagi ziddiyatni kamida kun tartibidan tushirdi. Endilikda jamoada Kastels birinchi raqam va shanba kungi o‘yinda birinchi bo‘limda u Dadashevning hujumlaridan keyin ikki bor jamoasini qutqarishiga to‘g‘ri keldi. Yana bir epizodda esa mehmonlar himoyachisi mezbonlar vakili Mahmudovning zarbasi yo‘lini to‘sib chiqdi.

Lekin Belgiya o‘z darajasini namoyish eta olmagan o‘yinida ham mezbonlar alamli tarzda mag‘lubiyatga uchradi. Lukaku to‘pni olib qo‘ydi, Bakayoko u qadar xavfli bo‘lmagan zarba yo‘lladi va to‘p Ferreyra-Karraskoning oyog‘iga tekkan holda darvozabon tashlangan yo‘nalishdan boshqa tomonga yo‘l oldi. «Qizil iblislar» ortiqcha urinmay g‘alabani o‘ziniki qildi. De Bryuynesiz bu butkul boshqa jamoa ekani ko‘rinib qolmoqda. Ozarboyjon esa mag‘lubiyatga loyiq emasdi. Faqat tabloda 0:1 hisobi saqlanib qoldi va Belgiya bu turda dam olgan Avstriyani qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha ortda qoldirgan holda, guruh yetakchisiga aylandi.

11 sentabr. Belgiya — Estoniya, Shvetsiya — Avstriya.

I guruhi

Duranglar kuni

Kosovo — Shveytsariya 2:2
Gollar: Muriqi (65, 90+4) — Froyler (14), Rrahmani (79, avtogol).
Kosovo – Murich, Voyvoda, Rrahmani, Aliti, Pakyarada, Berisha (Jyegrova, 46), Berisha (Krasniki, 54), Loshay (Haderjonay, 69), Fazlii (Musliya, 46), Rashitsa (Korenitsa, 80), Muriqi.
Shveytsariya – Zommer, Sher, Akanji, Rodriges, Jaka, Froyler (Sou, 84), Zakariyo, Fernandesh, Shaqiri (Okafor, 85), Vargas (Ndoyye, 63), Amduni (Itten, 63).
Ogohlantirishlar: Aliti (39), Loshay (42), Rrahmani (80), Voyvoda (90).

Shveytsariya o‘z o‘yinini guruh peshqadami sifatida boshladi — o‘yin boshidayoq Froyler hisobni ochdi, ushbu forvard Fernandeshning qanotdan bergan uzatmasidan unumli foydalandi. Keyin esa Zommer mehmonlar safidagi asosiy figuraga aylandi. Mezbonlar ko‘p vaziyatlarda Murat Yaqin jamoasini ochiqchasiga kechirishdi, ammo bu abadiy davom etishi mumkin emasdi va ikkinchi bo‘limda Sher juda bo‘sh harakat qilib, Muriqini yosh qoldirganida hujumchi bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi.

Lekin shanba kuni Prishtinedagi o‘yinda ikki jamoada ham tajribali markaziy himoyachilar «minus»ga o‘ynashdi. Froylerning ikkinchi zarbasi Rrahmanining oyog‘iga tekkan holda darvozaga borib tushdi. Ammo kosovoliklar sardori hal qiluvchi hujumda ishtirok etdi. Uning jarima maydoniga yetkazib bergan to‘pini Korenitsa tovoni bilan Muriqiga yetkazib berdi va hisob tenglashdi.

Ruminiya — Isroil 1:1
Gollar:
Alibek (27) — Glux (53).
Ruminiya – Moldovan, Manya, Burke, Dregushin, Banku, Stanchu (Chikildeu, 88), Marin, Soresku (Morutsan, 57), Marin (Olaru, 65), Alibek (Pushkash, 65), Koman (Mixeile, 57).
Isroil – Glazer, Dasa, Migel Vitor, Goldberg (Lemkin, 77), Revivo, Perets (Abu-Fani, 73), Lavi, Glux, Yexezkel (Kanixovskiy, 73), Solomon, Turgeman (Veysman, 62).
Ogohlantirishlar: Marin (56), Dregushin (62), Pushkash (85), Kanixovskiy (89).

Parallel tarzda Buxarestda kechgan o‘yinda ikkinchi o‘rin uchun jang kechdi va Ruminiya tashabbusni qo‘lga olgandek ko‘ringan isroilliklar mudofaasidagi xatolar zanjiridan keyin hisobni ochdi. Das qanotdan berilgan oddiy uzatmani to‘sa olmadi va darvozabon Stanchuning zarbasini qaytarganida to‘pga birinchi bo‘lib Alibek yetib keldi. Faqat bu gol mezbonlarga tashabbusni qo‘lga olishni ta’minlamadi, Isroil esa tanaffusdan keyinoq o‘z ustunligini Gluxning zarbasidan keyin golga aylantirdi. Mezbonlar bosimni kuchaytirib, oldinga o‘tganida esa uning qarshi hujumda bergan zarbasi darvoza ustuniga tegdi. Agar o‘yindagi barcha vaziyatlardan kelib chiqilsa — ikki tomon ham ochko olishga haqli edi. Duranglar turida isroilliklar ruminlarni ikkinchi o‘rindan tushira olmadi.

Andorra — Belarus 0:0

12 sentabr. Shveytsariya — Andorra, Isroil — Belarus, Ruminiya — Kosovo.

J guruhi

Fernandesh o‘zini tabrikladi

Slovakiya — Portugaliya 0:1
Gol:
Fernandesh (43). 
Slovakiya – Dubravka, Pekarik, Shkrinyar, Vavro, Gansko, Kutska (Benesh, 75), Lobotka (Groshovski, 83), Duda, Garaslin (Dyurish, 83), Shrans (Suslov, 63), Poliyevka (Bojyenik, 64).
Portugaliya – Koshta, Dalot, Diash, A.Silva, Kanselu (Semedu, 63), Fernandesh, Palinya, Vitinya (Otavio, 63), B.Silva, Leau (Netu, 63), Ronaldu.
Ogohlantirishlar: Shrans (35), Duda (53), Ronaldu (62).

Portugaliya o‘zining asosiy ta’qibchisi mehmoni bo‘ldi va maksimal darajadagi qarshilikka duch keldi. Slovaklar birinchi bo‘lib hisobni ochishi mumkin edi, ammo jarima maydoni chizig‘idan yo‘llangan zarbadan keyin to‘p darvoza ustuniga tekkan holda maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Javob hujumida esa Brunu Fernandesh 29 yoshga to‘lgani bilan o‘zini o‘zi tabrikladi. «MYu» futbolchisi o‘tkir burchakdan kuchli zarba berdi, to‘p himoyachi oyoqlari orasidan o‘tishi darvozabonni ilojsiz ahvolda qoldirdi.

Krishtianu Ronaldu esa zarba berishga urinib, Dubravkaga og‘ir jarohat yetkazishiga bir baxya qoldi. Yaxshiki portugallar sardori bir oyog‘ini ko‘tarishga ulgurdi, ikkinchisi bilan darvozabonga kuchsizroq borib urildi. Arbitr bu vaziyatni sariq kartochka bilan baholadi, shundan keyin Ronalduning darvoza tomon zarba berishga har bir urinishi tribunalarda hushtakbozlik keltirib chiqardi. O‘yin oxirida esa uning o‘zi yoqimsiz holatni boshdan kechirishiga to‘g‘ri keldi.

Jarima zarbasi ijro etilgan vaqtda jonli devorga turganida to‘p to‘g‘ri Ronalduning yuziga kelib urildi va u nokdaun holatiga tushib qoldi. Unda miya chayqalishi ro‘y bergan bo‘lishi ham mumkin edi va uni maydon tashqarisiga olib chiqib ketishdi. Nima bo‘lganda ham unga o‘ziga kelishi uchun biroz vaqt talab etildi va o‘yinni davom ettirdi, portugallar qiyin g‘alabani saqlab qolishdi. Lekin uchinchi sariq kartochka olgani tufayli jamoa sardori (u bu borada saralash bosqichi yetakchisi) keyingi turda o‘zining sevimli raqibi Lyuksemburgga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi, u bu jamoaga 11 gol urgan. «Oltin to‘p»ning besh karra sohibi oktyabr oyida slovaklarning Portugaliyaga tashrifi vaqtida maydonga qaytadi. Roberto Martines jamoasi keyingi turdagi g‘alaba bilan amalda yo‘llanmani hal qilishi mumkin.

Bosniya va Gersegovina — Lixtenshteyn 2:1
Gollar:
Jyeko (3), Luchinger (18, avtogol) — Volfinger (21). 

Lyuksemburg — Islandiya 3:1
Gollar:
Shanot (9, penalti), Borxes (70), Sinani (90) — Haraldsson (88).

11 sentabr. Islandiya — Bosniya, Portugaliya — Lyuksemburg, Slovakiya — Lixtenshteyn.

D guruhi

Turkiyada drama

Turkiya — Armaniston 1:1
Gollar:
O‘zgur (88) — Dashyan (49). 
Turkiya – Gunok, Chelik (Mo‘ldur, 61), Demiral, Suyunchi, O‘zkajar (Bulut, 72), Chalxono‘g‘li, Ko‘kchi, Yuksak (Qahvachi, 61), Under, Yilmaz (Darvisho‘g‘li, 61), Oqturko‘g‘li (Yildirim, 80).
Armaniston – Chancharevich, Aroyan, Mkrtchyan, Arutyunyan, Tiknizyan, Bichaxchyan (Serobyan, 62), Selarayan (Briasko, 83), Spersyan, Ivu, Dashyan, Ranos (Adamyan, 62).

Turkiyaga qarshi prinsipial qarama-qarshilikni armanlar jamoasi juda dadil boshladi. Yozdagi o‘yinlarda maydonning ikkinchi qismidan gol urgan Dashyan yana uzoq masofadan xavfli zarba yo‘lladi. Ammo, umuman olganda, mehmonlar ko‘p vaqtni himoyada o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Oqturko‘g‘li va Barish Yilmaz qulay vaziyatlardan foydalana olmadi. Boshqa holatlarda esa asli serb bo‘lgan va Armaniston fuqaroligini olgan Chancharevich o‘zini ko‘rsatdi.

Lekin sen urmasang senga urishadi iborasi yana bir bor ishladi va Dashyan ikkinchi bo‘lim boshida Tiknizyanning qanotdan bergan uzatmasidan keyin yaqin masofadan turib darvozani ishg‘ol etdi. Turklar baribir o‘yin oxirida mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Mehmonlar darvozaboni yana bir bor yakkama-yakka vaziyatda qutqargandi, ammo shu kuni milliy jamoada debyutini nishonlagan Bertug‘ Yildirimning qaytgan to‘pga bergan zarbasi qarshisida ojiz qoldi.

Chancharevich bundan sinib qolmadi va qo‘shimcha daqiqalarda ham maksimal darajada ishonchli harakat qildi. Nima bo‘lganda ham durang — mag‘lubiyatdan yaxshiroq. Ammo beshinchi turdan keyin Armaniston guruhda qiyin vaziyatda qolmoqda. Ular hamon turklardan uch ochkoga ortda qolishmoqda, ikkinchi o‘ringa esa Xorvatiya chiqib oldi. «Shashkachilar» — soyadagi peshqadam, chunki Millatlar ligasi final bosqichidagi ishtiroki tufayli bitta zaxira o‘yiniga ega.

Xorvatiya — Latviya 5:0
Gollar:
Petkovich (3, 44), Ivanushets (13), Kramarich (68), Pashalich (78). 
Xorvatiya – Livakovich, Yuranovich, Shutalo, Gvardiol (Vida, 46), Sosa (Barishich, 67), Perishich, Modrich (Vlashich, 61), Brozovich (Pashalich, 61), Ivanushets, Kramarich, Petkovich (Musa, 67).

Zlatko Dalich jamoasi Latviyani qabul qildi va Riyekada to‘plangan muxlislar uchun haqiqiy shou uyushtirib berishdi. Ular o‘ylagan barcha ish amalga oshdi. Masalan, taran forvard hisoblanadigan Petkovich jarima zarbasidan yo‘llagan ajoyib zarba darvoza to‘riga borib tushdi. Perishich esa tovon bilan bergan pasidan keyin ushbu forvard bo‘sh burchakni ishg‘ol etdi. Bir so‘z bilan aytganda — jamoada barcha ko‘ngildagidek o‘yin namoyish etdi.

11 sentabr. Armaniston — Xorvatiya, Latviya — Uels.

Mavzuga oid