O‘zbekiston | 11:45 / 11.09.2023
35521
5 daqiqa o‘qiladi

Sherali Jo‘rayev va O‘zbekistondagi ijod erkinligi masalasi

2016 yilga qadar ijodkorlar biror-bir huquqbuzarligi sababli emas, shunchaki faqat bir shaxsga yoqmay qolgani uchungina o‘nlab yillar davomida taqiqda bo‘lishi mumkin edi. Bu siyosat o‘zbek san’atining yirik vakillari, xususan Sherali Jo‘rayevni ham chetlab o‘tmagandi.

4 avgust kuni O‘zbekiston xalq xofizi, taniqli xonanda Sherali Jo‘rayev 77 yoshida vafot etdi. Sherali Jo‘rayevning o‘zbek san’ati, milliy qo‘shiqchiligiga qo‘shgan hissasi nihoyatda katta. Har bir millatning, xalqning qo‘shiqlarda ifodalangan ruhiy dunyosi bo‘ladi. O‘zbek qo‘shiqchiligi orqali ifodalangan ruhiy dunyo – nihoyatda boy. Va mana shu ruhiy dunyoning boyishida Sherali Jo‘rayevning qo‘shgan hissasi juda sermahsul.

Ayni paytda, Sherali Jo‘rayev juda uzoq vaqt to‘laqonli ijod qila olmadi, o‘zining muxlislari bilan O‘zbekistonning katta sanat qasrlarida ko‘risha olmadi. Sababi, u 90-yillarning boshidan to 2016 yilga qadar “zapret”da, ya’ni taqiq ostida bo‘ldi.

O‘sha davrda, Sherali Jo‘rayev “Xalqlar do‘stligi”, “Turkiston” yoki boshqa yirik san’at koshonalariga qo‘yilmadi. Ba’zi yillarda esa uni hatto to‘ylarga chaqirish ham davlat tomonidan salbiy qabul qilinar edi. Oddiy qilib aytganda, Sherali Jo‘rayev o‘zining eng sermahsul yillarini davlatning qora ro‘yxatida, taqiq ostida o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

Qolaversa, taqiqqa uchragan faqat u emasdi. Yulduz Usmonova ma’lum yillar Turkiyaga chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Obid Asomov Rossiyada o‘z ijodini davom ettirdi. O‘zbekistonning ichida qolganlar ham qattiq bosim, nazorat va cheklangan ijodiy faoliyat doirasida qolardi.

Buning sababi – O‘zbekistonda hukm surgan qattiq avtoritarizm edi. Yakka shaxs avtoritarizmi. Butun bir davlatchilik, davlat institutlari, davlatning ichki va tashqi siyosati yakka bir shaxsning qarashlari, kayfiyati, injiqliklariga to‘liq qaram bo‘lib qolgan edi.

Dunyoda 200 dan ortiq davlat bor. Demokratik davlatlarda hokimiyat to‘liq xalqning xizmatkori hisoblanadi. Bunda xalq injiq, hokimiyat esa muttasil o‘zgaruvchan hisoblanadi. Hatto, dunyoning ko‘plab avtoritar davlatlarida ham, butun bir davlatchilik yakka shaxsning kayfiyat va injiqliklariga asir bo‘lib qolmagan.

O‘zbekistondagi san’atkorlarga tushgan taqiqlarning sababi mafkura yoki huquq emas. O‘zbekistondagi avtoritarizm – mafkuraviy avtoritarizm emasdi. Ya’ni ma’lum mafkuraviy qarashlardan kelib chiqib, u yoki bu sanatkorni taqiq ostiga olmagandi. Qolaversa, san’atkorlar biron bir qonunni buzgani uchun ham taqiq ostiga olinmagandi. Chunki san’atkorlar, shoirlar yoki boshqa ijod ahli ham, biron bir qonunni buzmagandi. Asosiy sabab – oldingi davlat rahbarining shaxsiy qarashlari, kayfiyati, talqinlari edi. O‘sha shaxs yoqtirmadimi, asosli huquqiy sabab bo‘ladimi-yo‘qmi – farqi yo‘q, yoqtirilmagan shaxs qora ro‘yxatga tushardi.

Nafaqat sanatkorlar, qo‘shiqchilar, shoirlar, adiblar, balki siyosatchilar va davlat mulozimlari ham jamoatchilikka ko‘rinmas edi, o‘zini xalqqa ko‘rsatgani qo‘rqardi. Agar biron bir mulozim yoki siyosatchi xalqqa ko‘rinsa, “demak, bu xalqqa yoqish niyatida, hokimiyatni qo‘lga olishga intilmoqda” degan primitiv talqinda baholanardi, bu shaxslarning siyosiy umri qisqarardi.

Erkinlik – kompleks tushuncha. Ijodkor ahli uchun, ijodiy erkinlik – eng muhim zarurat. 2016 yilga kelib, hokimiyat o‘zgardi. Hokimiyat bilan birga, davlatning siyosati ham. Bugungi kunda O‘zbekistonda erkinlik ruhiyati bor. Jumladan, ijod erkinligi mavjud. Men shu kunlarda qaysi qo‘shiqchi taqiq ostida bo‘lishi mumkin, degan savolga qiziqib, jurnalist do‘stlarimga yuzlandim. Aniqlashimcha, bugun davlatga yoqimsiz bo‘lgan ayrim qo‘shiqchilar ham ijod erkinligi doirasida o‘z faoliyatini olib bormoqda.

2016 yildan boshlab O‘zbekiston davlatchiligi jiddiy o‘zgara boshladi. Lekin, hali huquqiy-demokratik darajaga yetish uchun oldimizda jiddiy islohotlar turibdi. Jamiyat, odamlar shunday siyosiy madaniyatga erishishi kerakki, bir tomondan bo‘layotgan o‘zgarishlarni anglash va qo‘llab-quvvatlash, ikkinchi tomondan, qilinishi kerak bo‘lgan o‘zgarishlarga qanday erishish borasida malakaga ega bo‘lishlari zarur.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzuga oid