O‘zbekiston | 12:42 / 12.09.2023
28125
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «iqlimiy yoz» davom etmoqda - «O‘zgidromet»

O‘zbekistonda kuzning boshlanishi iqlim sharoitiga ko‘ra taqvim sanalariga mos kelmaydi.

Foto: Kun.uz

Sentyabr oyi, taqvim bo‘yicha kuz oyi deb hisoblansa-da, lekin O‘zbekistonda yoz fasli kabi hali ham asosan kam bulutli va quruq ob-havo, faqat yozga qaraganda qulayroq harorat foni ustun turadi.

Iqlimshunos olimlarning fikricha, O‘zbekistonda kuz aslida o‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati +20 darajadan pastga tushganda boshlanadi.

“O‘zgidromet”ning ko‘p yillik iqlimiy ma’lumotlarga tayanib xabar berishicha, O‘zbekiston hududining katta qismida o‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati sentabr oyining so‘nggi o‘n kunligida +20 darajadan pastga tushadi, ammo oy oxirigacha ushbu qiymatga yaqin bo‘lib turadi.

Sentyabr oyida yog‘ingarchilik yilning eng quruq oyi - avgust oyiga nisbatan biroz ko‘p bo‘ladi. Hududning katta qismi bo‘yicha oylik yog‘ingarchilik miqdori biroz bo‘lib, 2-5 mmni tashkil etadi, janubda va cho‘l hududlarda esa undan ham kam bo‘ladi.

Oktyabr oyida kunlar qisqara boshlaganda, harorat pasayishi sezilarli bo‘lganda, yomg‘ir tez-tez yog‘ganda haqiqiy kuz boshlanadi.

Sentyabr oyidagi ob-havo sharoiti har doim ham iqlimiy, ya’ni o‘rtacha ko‘p yillik sharoitlarga mos kelmaydi. Ayrim yillarda yog‘ingarchilik me’yordan 2-3 marta ko‘p yoki oyning o‘rtacha harorati me’yordan +1...+1,5 darajaga past bo‘ladi. Ammo bunday sentabr oylari kam, o‘rtacha har 6-8 yilda bir marta kuzatiladi.

Oktyabrda va ayniqsa, noyabrda o‘rtacha havo harorati yanada yuqori tezlikda pasayishda davom etadi. Yog‘ingarchilik tez-tez va ko‘proq miqdorda bo‘ladi. Noyabr oyida va kamdan-kam hollarda oktyabr oyida harorat salbiy qiymatlargacha pasayadi va yog‘ingarchilik nafaqat yomg‘ir shaklida, balki qor shaklida ham yog‘adi.

O‘zbekistonda kuz o‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati +5 darajagacha pasayganga qadar davom etadi. Hududning katta qismida bu taqvim sanalariga mos bo‘lib, noyabr oyining eng oxirida sodir bo‘ladi. Biroq, respublika shimolida «iqlimiy kuz» noyabr oyining birinchi o‘n kunligida tugaydi. Ammo eng chekka janubda esa deyarli dekabr oyining oxirigacha o‘rtacha kecha-kunduzlik harorat +5 darajadan yuqori bo‘lib qoladi.

Ushbu haftaning oxirigacha respublika hududi bo‘yicha ob-havo sharoitida deyarli o‘zgarishlar kutilmaydi. Keyingi haftada ob-havo yomonlashishi mumkin, ammo bu qisqa muddatli bo‘ladi. Shuni aytish joizki, sentabr oyining o‘rtasi bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonda «iqlimiy yoz» davom etmoqda.

Mavzuga oid