Ukraina Sevastopoldagi kema ta’mirlash zavodiga hujum qildi. Ikki kema shikastlangan
Sevastopolda raketalar zarbasidan keyin kema ta’mirlash zavodida yirik yong‘in chiqdi. Havo hujumidan mudofaa kuchlari nega harbiy obektlarni ishonchli himoyalay olmayapti?
Ukrainlar anneksiya qilingan Sevastopolga qanotli raketalar orqali zarba berishi oqibatida ikki kema shikastlangan. Bu haqda RF mudofaa vazirligi ma’lum qilgan. Bundan tashqari, vazirlikning tasdiqlashicha, 13 sentabrga o‘tar kechasi xuddi shu vaqtda uchta dengiz droni ham Qora dengiz floti kemalariga hujum uyushtirgan, ammo ular yo‘q qilingan.
Hodisa haqida dastlab Sevastopolning Rossiya tomonidan tayinlangan meri Mixail Razvojayev xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharga tonggi soat 3 atrofida raketalar uchib kelgan.
U raketalardan biri Sevmorzavodga kelib tushgani va u yerda yirik yong‘in boshlanganini ma’lum qilgan. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida jami 24 kishi jabrlangan, to‘rt kishining — ahvoli o‘rta og‘ir darajada», — deya yozgan Razvojayev.
Rossiyadagi huquq-tartibot idoralariga aloqador sanalgan Baza va Shot telegram-kanallari esa zavodning 26 ishchisi jarohatlanib, yana ikki kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan. Qurbonlar haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Kanallarning tasdiqlashicha, hujum oqibatida ta’mirlash uchun zavod hududiga joylashtirilgan «Minsk» nomli katta desant kemasi va «Rostov-na-Don» dizel-elektrik suvosti kemasi shikastlangan.
Sevmorzavod — Sevastopoldagi Sergo Ordjonikidze nomidagi kemasozlik zavodi bo‘lib, bu yerda Rossiya Qora dengiz floti kemalari turgan va ta’mirlangan.
Hujumdan bir necha soat o‘tib Rossiya mudofaa vazirligi tunda Ukraina qurolli kuchlari Sevastopoldagi mazkur zavodga o‘nta qanotli raketa bilan zarba berganini xabar qildi. Vazirlik Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari yetti raketani urib tushirgani — qolgan uch raketa ta’mirlash jarayonida bo‘lgan ikki kemaga shikast yetkazganini ma’lum qilgan.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va telegram-kanallar tarqatgan videolarda kemasozlik zavodi hududida uchta portlash ovozi eshitilgani aks etgan.
Rossiya mudofaa vazirligi uchta ekipajsiz kater Qora dengiz flotining dengizga chiqayotgan kemalari otryadiga hujum qilishga uringani, ammo «Vasiliy Bikov» patrul kemasi ularni yo‘q qilgani haqida ham xabar bergan.
Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov ham ukrain nashrlariga bergan ma’lumotida Sevastopol bo‘ylab berilgan zarbalar oqibatida kema va suvosti kemasiga shikast yetkazilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida kemasozlik zavodining uskunalari ham shikastlangan.
Ukraina QK havo kuchlari qo‘mondoni, general-leytenant Nikolay Oleshchuk Sevastopol bo‘ylab zarba ukrain aviatsiyasi tomonidan berilganiga ishora qilgan. «Ukraina QK Havo kuchlari pilotlariga a’lo darajada bajarilgan jangovar ish uchun minnatdorchilik bildiraman», — deyiladi uning telegram-kanalida.
Britaniyaning Sky News nashri Ukraina va G‘arbning boshqa mamlakatlaridagi manbalariga tayangan holda Ukraina Sevastopoldagi zavodga zarba berishda britanlarning Storm Shadow raketalaridan foydalangani haqida xabar bergan.
Sky News zavod bo‘ylab berilgan zarbani «Rossiya harbiy-dengiz obektlariga butun urush davomida yo‘llangan eng yirik hujum» deb baholagan.
Oryx tahlilchilari internetda tarqalgan suratni hisobga olib, RFga tegishli desant kemasi shunchaki zararlanmagan, tiklanmaydigan tarzda yo‘q qilingan degan xulosaga kelishgan.
Doklardagi kemalar nima uchun yaxshi himoyalanmagan - BBC rus xizmati sharhlovchisi Pavel Aksenov:
Sevastopoldagi kemasozlik zavodiga berilgan raketa zarbasi bu shaharga urush boshidan buyon qilingan eng yirik hujum bo‘ldi. Rossiya mudofaa vazirligi jami 10 ta raketa uchirilgani, shundan yettitasi urib tushirilganini ma’lum qilgan.
Sevastopoldagi harbiy obektlar — anneksiya qilingan Qrimdagi eng yaxshi qo‘riqlanadigan hududlar qatorida sanaladi va bu amaliyot Ukraina QK kuchlari uchun oson kechmagan. Natijalarga qaraganda, Ukraina raqibning havo hujumidan mudofaa kuchlariga yoppasiga raketa uchirish orqali «ortiqcha yuklama» tashlashga muvaffaq bo‘lgan va ular shunchaki buncha miqdordagi nishonlarning barini yo‘q qilishga ulgurmagan.
Bunday zarbalar natijalari haqida xulosa qilish murakkab, ammo fotosuratlardan ko‘rish mumkinki, zavoddagi yong‘in kuchli va uzoq davom etgan.
Kemasozlik korxonasidagi yong‘inlar og‘ir oqibatlarga olib kelishining sababi shundaki, jangovar shay holatda va omon qolish uchun kurashuvchi ekipajsiz uni saqlab qoladigan kuchlar yetarli bo‘lmaydi. Bortda zavod ishchilari bo‘ladi. Kemalarni ta’mirlash ishlarini bajarish uchun qoidalar va ko‘rsatmalar mavjud, biroq ularga qanchalik rioya etilgani noma’lum. Bortda shuningdek, turli yonuvchan materiallar, bo‘yoqlar, eritmalar va boshqa turli moddalar bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Hozircha u yerda aynan qanday kemalar bo‘lgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda katta desant kemasi va suvosti kemasi turgan bo‘lishi mumkin.
Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk rasmiy telegram-kanalida zarba aviatsiya orqali berilganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, u «shtormit» iborasini qo‘llagan, bu esa zarba berishda Storm Shadow yoki SCALP raketalari qo‘llanganini anglatishi mumkin. Ukrain harbiylari ularni bunday qurollarni qo‘llash uchun takomillashtirilgan Su-24 samolyotlaridan uchirishadi.
Zarbalarning hozircha aniq aytish qiyin bo‘lgan yana bir oqibati zavodning o‘zidagi vayrongarchiliklar bo‘lishi mumkin. Rossiya Qora dengiz floti tez-tez dengiz dronlari hujumiga uchrayotgani inobatga olinsa, bu zavod va uning doklari muhim harbiy resursga aylangani oydinlashadi. Ikki dokda ham kemalar turgani esa u ishlayotgani va harbiylarda ular uchun talab bo‘lganini anglatadi.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024