Jahon | 19:11 / 14.09.2023
8897
2 daqiqa o‘qiladi

Moldovaning birinchi prezidenti vafot etdi 

Mircha Snegur chorshanba kuni kechqurun 83 yoshida olamdan o‘tdi. 

Foto: TASS

Moldovaning birinchi prezidenti Mircha Snegur chorshanba kuni kechqurun 83 yoshida vafot etdi. 

«13 sentabr kuni Moldova Respublikasi prezidenti Mircha Snegur bedavo kasallikdan vafot etdi», deb yozdi sobiq bosh vazir o‘rinbosari Konstantin Tampiza. 

Snegur 1940 yil 17 yanvarda Ruminiyaning Trifaneshti qishlog‘ida tug‘ilgan. 1990 yil 3 sentabrda u Oliy Kengash tomonidan Moldova SSR prezidenti etib tayinlandi. 1990 yil 3 sentabrdan 1996 yil 1 dekabrgacha Moldova Respublikasi prezidenti lavozimida ishladi. 

Mircha Snegur prezidentlik davrida Moldova mustaqilligini 130 dan ortiq davlat tan oldi. Moldova BMT va boshqa 40 dan ortiq xalqaro tuzilmalarga a’zo bo‘ldi. Biroq, o‘sha paytda mamlakatda ishlab chiqarish hajmi pasayib, emigratsiya kuchaydi. G‘arb sarmoyasi va Moldova mahsulotlarining G‘arb bozorlariga kirishi bo‘yicha rejalar amalga oshmadi. Ishlab chiqarishning tanazzulga uchrashi oqibatida ishsizlik ortdi. 1995 yilda rasmiy va yashirin ishsizlik 200 ming kishidan oshdi. Ta’lim sohasi katta zarar ko‘rdi. Yetarlicha moliyalashtirilmaganligi sababli 1991-1995 yillarda maktabgacha ta’lim muassasalarining 28,2 foizi yopildi. 1990-1994 yillarda o‘rta maktabni tamomlaganlar soni 32,3 mingdan 19 ming kishigacha kamaydi. 

1996 yilgi prezidentlik saylovida Mircha Snegur birinchi turda nisbatan ko‘pchilik ovozni (38,7 foiz) oldi. Pyotr Luchinskiy 27,7 foiz ovoz bilan ikkinchi bo‘ldi. Biroq, ikkinchi turda chap va markaziy kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Luchinskiy Snegurga (45,98 foiz) qaraganda ko‘proq (54,02 foiz) ovoz to‘pladi. Shu bilan Snegurning prezidentlik davri tugadi.

Mavzuga oid