O‘zbekiston | 21:21 / 15.09.2023
12740
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun qo‘shimcha qabul kvotalari tasdiqlandi 

Respublika davlat oliy ta’lim muassasalariga – davlat granti asosida 3 mingta, viloyatlardagi davlat oliy ta’lim muassasalariga – bazaviy to‘lov-kontrakt asosida 6,5 mingta qo‘shimcha qabul parametrlari tasdiqlandi. 

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidentining 2022 yil 31 avgustdagi PF–213-son farmonida qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun davlat granti asosida 3 mingta, to‘lov-kontrakt asosida 6,5 mingta qo‘shimcha kvota ajratilishi belgilangan edi. 

Mazkur farmon ijrosi yuzasidan Davlat komissiyasining navbatdagi bayonida qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun tumanlarda tarmoq sohalari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari kesimida:

- respublika davlat oliy ta’lim muassasalariga – davlat granti asosida 3 mingta;

- viloyatlardagi davlat oliy ta’lim muassasalariga – bazaviy to‘lov-kontrakt asosida 6,5 mingta qo‘shimcha qabul parametrlari tasdiqlandi. 

Bunda:

- davlat granti asosidagi qabul parametrlari – kirish imtihonlarida 68,0 va undan yuqori ball to‘plagan, lekin davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar hisobidan;

- bazaviy to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari – kirish imtihonlarida 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan, lekin talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar hisobidan shakllantirildi. 

Qo‘shimcha qabul parametrlari doirasida talabalikka tavsiya etilgan qoraqalpog‘istonlik yoshlar tavsiya etilganlik holatini my.uzbmb.uz sayti orqali shaxsiy kabinetidan bilishi mumkin.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga tanlov qaydnomalari ham yetkazilgan. 

Mavzuga oid