Iqtisodiyot | 12:56 / 16.09.2023
34956
2 daqiqa o‘qiladi

“Jamiyat qabul qilmagan qaror – noto‘g‘ri qaror” - Mamarizo Nurmurodov

Banklar va biznesga valuta operatsiyalari bo‘yicha cheklov kiritilgani jamoatchilik tanqidlariga sabab bo‘lgach, MB raisi jurnalistlar bilan uchrashdi va bu qaror bekor qilinganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bu qaror keskin munozaralarga sabab bo‘lgani uchun tez orada bekor qilingan. 

Foto: Kun.uz

Markaziy bank O‘zbekistonda banklar va tadbirkorlik sub’yektlari uchun valuta operatsiyalariga cheklovlar joriy etish to‘g‘risidagi qarorini bekor qildi. 16 sentabr kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator raisi Mamarizo Nurmurodov jamoatchilikning keskin noroziligidan keyin bu qaror bekor qilinganini aytdi. 

 “Bu qaror keskin muzokaralarga sabab bo‘ldi. Eng asosiysi, bu qaror bo‘yicha biz ma’lum bir ijobiy qarashlarni ko‘rmadik. Shu narsani aytish kerakki, jamiyat qabul qilmagan qaror - noto‘g‘ri qaror. U qaysi maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishidan qat’i nazar… xuddi shu tamoyildan kelib chiqib kechasi bilan o‘ylab bu qarorni bekor qildik”, – dedi Mamarizo Nurmurodov.

MB raisining qo‘shimcha qilishicha, banklarga ehtimoliy xavfning oldini olish uchun ko‘rsatma berilgan.

“To‘g‘ri tushunish kerak, Markaziy bank mustaqil, buni ta’minlash kerak deysizlar-u, qarorlarni jamiyat bilan muhokama qilish kerakligini aytasiz. Jamiyat bilan muhokama qilinadigan qarorlarimiz bor – u alohida. Bunda esa bevosita bankning faoliyatidagi kamchiligini ko‘rsatib, to‘g‘rilashni aytyapmiz. Buning bank mijoziga daxldor joyi yo‘q. Bank nazoratni kuchli qila olmagani uchun, xavf kelyapti, shuning oldini oling degan ma’noda banklarga berilgan ko‘rsatma edi”, - dedi Nurmurodov.

Mavzuga oid