Jahon | 23:29 / 19.09.2023
13264
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon Qorabog‘dagi Armaniston qurolli kuchlarining o‘nlab pozitsiyalarini egallab olganini e’lon qildi 

Ozarboyjon Mudofaa vazirligi Armaniston qurolli kuchlarining Tog‘li Qorabog‘dagi 60 dan ortiq jangovar pozitsiyalari o‘z nazoratiga o‘tganini ma’lum qildi. 

Foto: AFP

Shuningdek, idora tinch aholi nishonga olinganini rad etdi. 19 sentabr kuni Ozarboyjon armiyasi Qorabog‘ hududida «aksilterror operatsiyasini» boshlagan edi. 

«Hodisalar davomida Armaniston Qurolli kuchlarining 60 dan ortiq jangovar pozitsiyalari qurolli kuchlarimiz tomonidan nazoratga olindi», dedi Ozarboyjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmati rahbari Anor Eyvazov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon harbiylari hozir 20 dan ortiq jangovar texnika, 40 dan ortiq artilleriya moslamasi va 30 ta minomyot, 2 ta zenit-raketa majmuasi va kamida 6 ta «Martira» radioelektron jangovar stansiyasini yo‘q qilgan. 

Tog‘li Qorabog‘dagi inson huquqlari bo‘yicha komissar Gegam Stepanyan bergan ma’lumotga ko‘ra, Ozarboyjon qurolli kuchlarining o‘qqa tutishi oqibatida 25 kishi halok bo‘lgan, yana 138 kishi jarohatlangan. 

Avvalroq, Ozarboyjon harbiy boshqarmasi mintaqada tinchlik o‘rnatishning yagona yo‘li arman harbiylarini Qorabog‘dan to‘liq olib chiqib ketish va «Stepanakertdagi rejim»ni tarqatib yuborish ekanligini ma’lum qilgan edi.

Armaniston Tashqi ishlar vazirligi Tog‘li Qorabog‘ hududida o‘z qo‘shinlari yo‘qligini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, Armaniston mojaroga aralashmoqchi emasligini ma’lum qildi. Yerevan Ozarboyjonga qarshi harbiy amaliyotlar boshlash niyatida emas, dedi bosh vazir Nikol Pashinyan. Uning so‘zlari Yerevanda norozilik namoyishlari boshlanishiga sabab bo‘ldi.

Mavzuga oid