O‘zbekiston | 20:47 / 21.09.2023
7162
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusning «Pirola» shtammi alomatlari O‘RVI simptomlariga o‘xshash - SSV

Bemorlarda isitma, uzoq muddatli yo‘tal, bosh og‘rig‘i, holsizlik, hid va ta’m bilish qobiliyati yo‘qolishi kabi qator belgilar kuzatilmoqda. 

Foto: Getty Images

Kuz mavsumi boshlanishi bilan dunyoning ba’zi mintaqalarida koronavirus mavzusi yana kun tartibiga chiqdi. Epidemiologik hisobotlarda ayrim davlatlarda kasallanishlar soni o‘sishi qayd etilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, mutaxassislar buni COVID-19 yangi — BA.2.86 shtammi tarqalayotgani bilan izohlayapti. «Pirola» deb nomlangan mazkur mutatsiya ilk bor shu yil avgust oyida Fransiyada aniqlangandi. Ko‘p o‘tmay u Isroil, Kanada, Daniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Shvetsiya, Norvegiya, Shveytsariya, Tailand va AQSh kabi mamlakatlarda ham ro‘yxatga olindi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yangi shtammni kuzatuv ostiga olgach, chuqur laboratoriya tekshiruvlari natijasida uning tarkibida Spike genining 30 dan ziyod mutatsiyasi mavjudligini aniqladi. Bu «Pirola»ning yuqumlilik ko‘rsatkichi yuqoriligini tasdiqlaydi. 

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, BA.2.86 alomatlari so‘nggi uch yil ichida tarqalgan boshqa koronavirus shtammlari singari o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) simptomlariga o‘xshash. 

Bemorlarda isitma, uzoq muddatli yo‘tal, bosh og‘rig‘i, holsizlik, hid va ta’m bilish qobiliyati yo‘qolishi kabi qator belgilar kuzatilmoqda. Kasallik ba’zilarda nisbatan yengil o‘tayotgan bo‘lsa, boshqalarda xastalikning chekinishi uchun bir haftadan ko‘proq vaqt zarur bo‘lyapti. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha, BA.2.86 bilan bog‘liq o‘lim holatlari qayd etilmagan. 

Avvalroq, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mamlakatimizda va qo‘shni davlatlarda koronavirusning ushbu shtammi bilan kasallanganlar qayd etilmagani, O‘zbekistonda epidemologik vaziyat barqaror ekani haqida xabar bergan edi.

Mavzuga oid