Jamiyat | 15:52 / 21.09.2023
52076
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 7 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan shaxs 18 yilga qamaldi

Ushbu shaxs avval ham voyaga yetmaganlarga nisbatan uyatsiz xatti-harakatlari uchun sudlangan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida ko‘p qavatli uylardan birining yo‘lagida 7 yoshli qizga uyatsiz harakatlar qilgan 55 yoshli erkak 18 yilga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari axborot xizmati xabar qildi.

2023 yil 20 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida X.A.ga (1968 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, nafaqada, muqaddam Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 1-qismi bilan sudlangan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining raisi Sh. Bakayev raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq X.A. Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni qattiq tartibli koloniyalarida o‘tashi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 7 iyun kuni soat 17:00 da Mirzo Ulug‘bek tumanida (Musavvirlar bekati) begona erkak 7 yoshli qiz orqasidan pod’yezdga kirgani va unga hujum qilgani aks etgan video tarqalgandi. Erkak qizni qo‘rqitib, ro‘paradagi eshik oldiga olib borib (ko‘cha eshigidan birov ko‘rib qolmasligi uchun), qizga tegingan va turli uyatsiz xatti-harakatlar sodir etgan. Eshik ochilganda u voqea joyidan qochib ketadi.

Foto: Toshkent shahri IIBB matbuot xizmati

Vaziyatdan xabar topgan jabrlanuvchining ota-onasi darhol ichki ishlar organlariga murojaat qiladi. 9 iyun kuni Toshkent shahar IIBB gumonlanuvchi shaxs ushlanganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid