Osiyo o‘yinlari kundaligi. Yana 7 medal qo‘lga kiritildi
Bahslarga qo‘shilgan taekvondochilar ham medal olishni boshladi, bokschilar Hasanboy Do‘smatov va Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev dastlabki bosqichdan o‘tishdi. Bahslarning navbatdagi kunidan keyin O‘zbekiston delegatsiyasi umumiy reytingda 4-o‘rinda bormoqda.
25 sentabr kuni Hangjou shahrida XIX yozgi Osiyo o‘yinlari doirasida navbatdagi bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Kun davomida O‘zbekiston delegatsiyasi 15 ta sport turida ishtirok etdi. Kun yakuniga kelib O‘zbekiston nomiga jami 3 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallari qo‘shib qo‘yildi.
Bugungi medallar akademik eshkak eshuvchilar, dzyudochilar va taekvondochilar jamoalari tomonidan qo‘lga kiritildi.
Akademik eshkak eshish
O‘zbekistonga kunning ilk medali akademik eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasida kechgan yakkalik dasturida g‘olib bo‘lgan Anna Prakaten tomonidan taqdim etildi. U finalda raqiblarini katta farq bilan ortda qoldirdi va o‘z faoliyatidagi yana bir chempionlikni nishonladi.
Asli belarus bo‘lgan ushbu sportchi Tokio-2020 olimpiadasida Rossiya nomida qatnashib, kumush medal olgan, 2021 yilgi Yevropa chempionatida esa oltin medalni qo‘lga kiritgandi. 2023 yil aprelida sport fuqaroligini o‘zgartirib, musobaqalarda O‘zbekiston nomidan qatnashadigan bo‘lgandi.
Shu kungi dasturlarda qatnashgan boshqa o‘zbekistonlik eshkakchilarning barchasi medallarga ega bo‘lishdi. M4 dasturida Shehroz Hakimov, Davr Davronov, Dilshod Xudoyberdiyev va Alisher Turdiyev kvarteti marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va jamoa hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.
M4x dasturida Shahzod Nurmatov, Shahboz Xolmirzayev, Mehroj Mamatqulov va Sobirjon Safaraliyev kvarteti
esa kumush bilan kifoyalandi.
Shu tariqa, akademik eshkak eshuvchilarimiz Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroklarini yakunlashdi. Sportchilarimiz musobaqa davomida 2 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, mazkur dasturda Xitoydan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallashdi. Bu Osiyo o‘yinlari tarixida o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilar uchun eng yaxshi natija bo‘ldi.
Dzyudo
Bugungi bahslarda O‘zbekiston dzyudo jamoasining besh a’zosi ishtirok etdi va ularning ikki nafari medal oldi.
-57 kg vazn toifasida Shukurjon Aminova nimchorak finalda viyetnamlik raqibini ippon bahosi bilan mag‘lub etgandi, ammo chorakfinalda yaponiyalik sportchiga yutqazib qo‘yib, ishtirokini erta yakunladi.
-63 kg vazn toifasida Sevinch Isoqova nimchorak finalda hongkonglik va qirg‘izistonlik raqiblarini mag‘lub etib, yarimfinalga chiqdi, ammo yarimfinalda xitoylik sportchiga yutqazdi, keyinroq bronza uchun kurashda qozog‘istonlik Ismigul Kuyulovadan ham mag‘lub bo‘ldi.
-81 kg vazn toifasi vakili Muso Sobirov dastlab viyetnamlik raqibini yengdi, ammo chorakfinalda koreyalik Li Junhvanga yutqazdi, uning bu raqibi finalgacha yetib borgach, bronza uchun kurashadigan bo‘ldi. U bu yo‘lda avvaliga mo‘g‘ulistonlik raqibini mag‘lub etgandi, ammo medal uchun kurashda qozog‘istonlik Jubanazar Abilayxonga yutqazdi.
-70 kg vazn toifasida ishtirok etgan Gulnoza Matniyozova esa ishtirokini Makao vakili ustidan ishonchli g‘alaba bilan boshladi, chorakfinalda eronlik Maryam Barbatni ham ippon bahosi bilan mag‘lub etdi, ammo yarimfinalda KXDR vakili Mun Songuiga yutqazdi, bronza uchun bahsda esa Taypey vakilli Liao Yu Jungni yengib, O‘zbekiston hisobiga navbatdagi medalni qo‘shib qo‘ydi.
-73 kg vazn toifasida Murodjon Yo‘ldoshev ishtirokini bahraynlik sportchi ustidan g‘alaba bilan boshladi, chorakfinalda KXDR vakiliga hech qanday imkoniyat qoldirmadi, yarimfinalda esa mo‘g‘ulistonlik sportchini ham yengib, finalga yo‘l oldi. Hal qiluvchi bellashuvda yaponiyalik Soichi Hashimotoni vazari bahosi bilan yengib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Taekvondo
Bugundan o‘zbekistonlik taekvondochilar ham Osiyo o‘yinlarida ishtirokini boshladi. Sportchilar ikki vazn toifasida va aralash jamoaviy bahslarda qatnashishdi.
-58 kg vazn toifasi vakili Omonjon Otajonov ishtirokini 1/32 finaldan boshladi va filippinlik raqibini 2:0 hisobida yengdi, ammo keyingi bosqichda eronlik sportchiga yutqazdi.
-49 kg vazn toifasi vakili Madinabonu Mannopova bahslarga 1/16 finaldan kirishib, dastlab Makao vakilini yengdi, keyin viyetnamlik sportchidan ustun keldi, ammo yarimfinalda Tailand vakiliga yutqazdi va bronza medal bilan kifoyalandi (yarimfinalga chiqqan sportchilar avtomatik ravishda bronzani kafolatlaydi).
Aralash jamoaviy bellashuvlarda ham O‘zbekiston vakillari shohsupaga ko‘tarildi. Chorakfinaldan bahslarga kirishgan jamoa Hongkongni 101:4 hisobida mag‘lub etdi. Ammo yarimfinalda Shuhrat Salayev, Jasur Jaysunov, Ozoda Sobirjonova va Svetlana Osipovdan iborat jamoa Janubiy Koreya vakillariga 47:48 hisobida yutqazib, bronza bilan kifoyalandi.
Boks
Bugun O‘zbekiston boks jamoasining uch vakili turnirdagi bahslarga kirishdi.
Navbahor Hamidova (-66 kg) Osiyo o‘yinlaridagi birinchi bellashuvida ringga ko‘tarildi. Ammo tailandlik Jangayev Suvannapeng bilan jang qilgan Hamidova imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etdi.
Rio-2016 Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov Osiyo o‘yinlarini ajoyib g‘alaba bilan boshladi. Janubiy koreyalik Tsexeong Joga qarshi jangda yaqqol ustunlik qilgan Do‘smatov keyingi bosqich masalasini muddatidan avval hal qildi. Shifokorlar 2-raundda Hasanboyning kuchli zarbalari natijasida jarohat olgan raqibga jangni davom ettirishga ruxsat berishmadi.
Jahon chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (-71 kg) ham ilk jangini yuqori notada o‘tkazdi. KXDR vakiliga qarshi ringga ko‘tarilgan ushbu sportchi 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Futbol
Timur Kapadze boshchiligidagi futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya jamoasi guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi. C guruhida Hongkong bilan ikki o‘yin o‘tkazgan (guruhning qolgan ikki ishtirokchisi Afg‘oniston va Suriya turnirga kelmagani tufayli shunday qarorga kelingan) o‘zbekistonliklar ikki uchrashuvda ham g‘alaba qozonishdi (1:0, 2:1) va birinchi o‘rin bilan pley-off bosqichiga yo‘l oldi.
Pley-off bosqichida ilk o‘yin 28 sentabr kuni Indoneziyaga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Osiyo o‘yinlarida birinchi bor ishtirok etayotgan futbolchi qizlarimiz yirik hisobda g‘alaba qozonishdi. Guruh bosqiching ilk bahsida Mo‘g‘ulistonga qarshi maydonga tushgan Minori Xonda shogirdlari raqib darvozasini javobsiz 6 bor ishg‘ol qilishdi.
Sport gimnastikasi
Gimnastika afsonasi Oksana Chusovitina Osiyo o‘yinlarining final bosqichiga yo‘l oldi. Hamyurtimiz tayanib sakrash dasturida yana bir bor chempionlik uchun bahs olib boradigan bo‘ldi. Uning saralashdagi ikki chiqishi o‘rtacha hisobda 12.949 ballga baholandi.
Handbol
Bugundan handbolchilarimiz ham Osiyo o‘yinlarida bahslarga kirishishdi. Ammo birinchi tur erkaklar va ayollar terma jamoalari uchun omadsiz yakunlandi. Erkaklar jamoasi Qozog‘istonga 27:31 hisobida imkoniyatni boy berishgan bo‘lsa, ayollar jamoasi Janubiy Koreyaga 16:42 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Shu tariqa, bugun ham jami 7 medal jamg‘argan O‘zbekiston delegatsiyasi jami 14 medal (4 tadan oltin va kumush, 6 ta bronza) bilan umumiy reytingda 4-o‘rinda bormoqda.
Mavzuga oid
17:22
Husanov – yilning eng yaxshi yosh sportchisi, Do‘smatov va Keldiyorova yilning eng yaxshi sportchilari. «Milliy sport mukofoti-2024» g‘oliblari e’lon qilindi
20:49 / 02.12.2024
MOQ yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari-2025 mezbonligi O‘zbekistondan olib qo‘yilganiga izoh berdi
20:26 / 09.08.2024
Shavkat Mirziyoyev Olimpiada chempionlariga qo‘ng‘iroq qildi
01:59 / 09.08.2024