Frontdagi vaziyat: Ukraina qarshi hujumdan ishtahasini tiydi, ammo dengizda ustunlik qilmoqda
Ukraina qurolli kuchlarining olg‘a siljishi deyarli to‘xtab qoldi, yaqin oylardagi vazifa Tokmak shahrini egallash bo‘lib turibdi. Baxmut ostonasida og‘ir janglar davom etmoqda. Qrimdagi Sevastopol shahri esa Ukraina raketalari oldida ojiz qolmoqda, RFning Qora dengizdagi ustunligi yo‘qqa chiqarilmoqda.
Germaniyaning Bremen universiteti qoshidagi Sharqiy Yevropani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Nikolay Mitroxin Ukraina frontida bo‘layotgan so‘nggi voqealarni tahlil qilib chiqdi.
Ukraina QKning yangi (kamtarona) mo‘ljali — Tokmakni egallash
Frontdagi faollik darajasi urush boshlanganidan buyon eng pasaygan davr. Velika Novosilkadan pastroqda joylashgan va iyun oyidan buyon to‘xtovsiz janglar ketayotgan Vrimyiv tepaligida ham jimlik hukmron. Bunga sabab Ukraina qismlarining o‘rin almashayotgani bo‘lishi mumkin.
Xalqaro nashrlarda «yorib o‘tish» deb atalayotgan yagona harakat — Ukraina qo‘shinlarining Orixiv shahri janubida bir kilometr olg‘a siljigani bo‘ldi. Bu yerda Novoprokivka va Verbove orasida, Tokmak shahrining sharqiy yo‘nalishida Ukraina QK Rossiya qo‘shinlari pozitsiyalari o‘rtasida o‘ziga chuqurroq «in» qazmoqda. Ukraina QKning «Tavriya» operativ-strategik tuzilmasi qo‘mondoni Oleksandr Tarnavskiyga ko‘ra Tokmak UQKning «minimal maqsadi» bo‘lib turibdi. Bu holatda u bu yo‘nalishda «dushman tomonning kichik-kichik va katta ziyon yetkazuvchi guruhlari to‘plami borligi va ular ayni paytda juda aniq va aql bilan joylashtirilgani»ni tan olgan.
Front chizig‘idan bor-yo‘g‘i 20 km narida joylashgan Tokmak bunday sifatda ilk bor tilga olinayotgani sababli uni keng ko‘lamli yozgi qarshi hujumning so‘nggi maqsadi sifatida belgilashgani ko‘rinib turibdi. Yil oxirigacha qolgan uch oy ichida uning egallanishi qarshi hujumni oqlab berishi mumkin bo‘lgan vazifaning amalga oshishi bo‘ladi. Tokmakning yagona qiymati — u orqali Dnipro sohilida joylashgan Vasilivkaga eltuvchi yo‘l va ishlamayotgan temiryo‘l borligi. U yondosh hududlar uchun «asosiy transport bo‘g‘ini» bo‘lsa ham, ozod etilganidan so‘ng front chizig‘ida pritsipial o‘zgarishlar ro‘y bermaydi va janubdagi chindan ham yirik shaharlarga Ukraina QKning yetib borishiga hali bor.
Rabotine atrofida ishlash va Tarnavskiy tomonidan tilga olingan rejalar navbatdagi «tutunli to‘siq» ham bo‘lishi mumkin. Rossiya manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina QK Nova Kaxovka qarshisida desant bo‘linmalarini to‘playapti va Dnipro daryosini ikkiga bo‘luvchi Kazachiy oroli uchun jang olib bormoqda.
Rossiya qo‘shinlarini Qrim mudofaasi bilan andarmon qilish ham umumiy rejaga kirishi mumkin — Ukraina QK o‘tgan hafta ichida uch bor Tarxankut yarimoroliga tushishga harakat qilgan.
Rossiya qo‘shinining front orti hududlari HIMARS va boshqa uzoq masofani uruvchi qurollar tomonidan muntazam o‘qqa tutilishi davom etmoqda. Ukraina manbalariga ko‘ra, 21 sentabr kuni «Melitopoldagi mahalliy motor zavodida rossiyaliklarning maxfiy bazasi» yo‘q qilingan. UXX ma’lumotlariga ko‘ra, raketa zarbasidan so‘ng Zaporijjya yo‘nalishida janglarga rahbarlik qilayotgan RF 58-armiyasi qo‘mondoni va shtab boshlig‘i yaralangan. Hozircha bu axborot tasdiqlanmagan. 24 sentabr kuni Tokmakka HIMARS’ning uchta paketi, ya’ni 36 ta raketasi yetib borgan. Bu zarbalarning natijasi ham ma’lum emas.
Umumiy jimlik fonida Baxmut janubida og‘ir janglar davom etayotgani xabar qilinmoqda (lekin bu ukrainlarga siljish imkonini bermagan).
Sevastopol zarba ostida, Ukraina dengizda ustunlik qilmoqda
Ukraina QK harbiy harakatlarning Qora dengiz teatrida ko‘proq muvaffaqiyat qozonmoqda. Bu yerda Rossiya HHM/RHM tizimlarini bosqichma-bosqich yo‘q qilish hamda paydo bo‘lgan imkoniyatdan muvaffaqiyatni rivojlantirish rejasi ko‘zga tashlanmoqda.
So‘nggi oy ichida Rossiyaning Tarxankut burni va Yevpatoriyada joylashtirilgan C-400 majmualari, Rossiyaning Xerson oblasti osmonini kuzatuvchi tizimlari, Qora dengizdagi «Boyko minoralari» yo‘q qilingach, Ukraina havo himoyasisiz qolgan Sevastopolga va u yerdagi RF Qora dengiz floti kemalariga, ko‘plab harbiy obektlar va quruqlikdagi aerodromlarga bemalol hujum uyushtirishdek «shirinlik»ka ega bo‘lish va tatib ko‘rish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Rossiya hisobotlariga qaraganda, hafta ichida har kunlikka aylangan Sevastopolga hujumlar bitta sxema bo‘yicha o‘tkazilmoqda. Avvaliga Ukraina pilotsiz qurilmalari guruhi (21 sentabr kuni UQK biryo‘la 75 tasidan foydalangan) va aldovchi raketalari Rossiya HHM tizimini zo‘riqtiradi va S-400 o‘rniga joylashtirilgan «Pansir»larni o‘z raketalarini kam ahamiyatli nishonlarga sarflashga majburlaydi. Shundan so‘ng Ukraina aviatsiyasi ishga kirishadi va Xmelnitskiy oblastidagi Starokonstantinove aerodromi yoki Ukraina markaziy qismidagi aerodromlardan ko‘tarilib, Sevastopol ustiga o‘nlab Storm Shadow raketalarini yog‘diradi.
Rossiya HHM/RHM bu kuchli raketalardan bir nechtasini urib tushirishga muvaffaq bo‘ladi, lekin qolganlari o‘ta muhim nishonlarga borib uriladi. Hafta ichida bunday nishonlar Sevastopolning Niximov rayonidagi RF Qora dengiz floti qo‘mondonligining maxfiy 744-aloqa markazi, buxtalarda turgan «Gollandiya» va «Suxarniy» kemalari, Sakidagi aerodrom va uchta ketma-ket raketa nishoniga aylangan Sevastopoldagi Qora dengiz floti bosh shtabi binosi bo‘ldi.
Flot shtabi — Rossiyaning Qora dengizda mavjudligi ramzidir. Bino vayron qilingan, Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, bu payt u yerda flot qo‘mondonligi yig‘ilishi o‘tayotgan bo‘lgan. Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanovga ko‘ra majlis qatnashchilari Ukraina maxsus operatsiyalar kuchlari tomonidan o‘tkazilgan «Qisqichbaqa tuzog‘i» tadbiri qurbonlariga aylanishgan: og‘ir yaralanishgan, o‘lganlar bor. «Yaralanganlar orasida Zaporijjya yo‘nalishidagi tuzilmalar qo‘mondoni general-polkovnik Aleksandr Romanchuk juda og‘ir holatda. Shtab boshlig‘i general-leytenant Oleg Tsekov hushsiz holatda», — degan Budanov.
Rossiyaning yarimrasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, bo‘sh binoda faqat navbatchilik qismi zararlangan. Bu rost yoki yolg‘onligini bir oyning nari berisida Rossiya provinsiyalarida oliy martabali dengiz ofitserlari dafn marosimlaridan keladigan (agar kelsa) ma’lumotlarga qarab bilib olish mumkin. Hozircha Rossiya nashrlari bo‘lib o‘tgan hodisalar tafsilotlarini, jumladan vayron qilingan binoda yong‘in 5 soat davom etganini ham oshkor qilishmayapti.
Umuman olganda, RF Qora dengiz floti yo‘q qilinishi harbiy masalada Qora dengizda hozir kim ustunlik qilayotganidan dalolat beradi. Agar ramzlar emas, Rossiya floti faolligiga e’tibor qaratilsa, yoz boshlaridagi holatdan ham juz’iy farq ko‘zga tashlanadi. Rossiya kemalarining guruh bo‘lib suvga chiqishi, suvosti kemalaridan «Kalibr» raketalari bilan Ukraina hududiga zarba berish o‘tmishda qoldi. Yoki ishlab chiqarish g‘arbdan keltiriluvchi tarkibiy qismlarga bog‘liq bo‘lgan bu raketalar taqchil bo‘lib qolgan, yoki Rossiya floti dengiz pilotsiz suzuvchi qurilmalaridan cho‘chimoqda. Bunday dronlarning ayrimlari Qrim qirg‘oqlari yaqinida razvedka (translatsiya) olib borish va zaruriyat tug‘ilganda zarba berish uchun jangovar navbatchilikka qo‘yilgan.
Bu yoqda hali Rossiya kemalarini Germaniya o‘z harbiy dengiz kuchlari uchun sotib olgan va keyingi harbiy yordam paketida berishni va’da qilayotgan AQShning Remus-100 dengiz dronlari bilan uchrashuv kutib turibdi.
Remus-100 suv ostiga 100 metrgacha tushib tushib harakat qila oladi, demak, ularni kemalar «oddiy ko‘z» bilan aniqlay olishmaydi. Bunday dronlar kema tanasida ulkan tuynuk paydo qila oladi.
Rossiya «havo jangi»ni qayta tiklamoqda, xatarli «Lanset»larni modernizatsiya qildi
Haftaning yana bir yangiligi Rossiyaning fuqarolik nishonlari va ikkilamchi maqsaddagi nishonlarga avvalgi (qishning so‘ngidagi kabi) ko‘lamlarda havodan hujum uyushtira boshlagani bo‘ldi. Taqriban ikki haftacha muqaddam hujumlar soni kamaygandi, o‘tgan yakshanbadan boshlab yana osha boshladi.
RF qurolli kuchlari o‘zi ishlab chiqargan «Shahed» («Geran») pilotsiz qurilmalardan 20-30 tasini butun Ukraina bo‘ylab omborlar, sanoat obektlari, avvalgidek elektr nimstansiyalariga zarba berishda ishlatmoqda. Bundan tashqari, ayrim tunlarda RF QK turli modifikatsiyalardagi, samolyotdan uchiriluvchi 20 tagacha bo‘lgan X raketalaridan foydalanmoqda. Xarkiv kabi yaqinroqdagi mo‘ljallar S-300 zenit raketalaridan nishonga olinmoqda. RF QK yuqorida ta’kidlanganidek, «Kalibr»lardan foydalanishni bas qilgan, «Iskander»lardan ham juda kam foydalanmoqda. Ehtimol ularning zaxirasi tugagan yoki tugashga yaqin bo‘lishi mumkin.
Ukraina HHM tizimi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, «Shahed»larning 3/4 qismini urib tushirilmoqda. Aslida qancha ekani tushunarsiz, chunki fuqarolik obektlariga berilgan zarba haqidagi rasmiy xabarlar o‘rnini «dronlarning zarbdor qismlari qulagani» to‘g‘risidagi yangiliklar egallab oldi. Garchi bu yangiliklarda yaxshigina ziyon ko‘rgan binolar surati ko‘rinib turgan esa-da. «Infratuzilma obektlarining talafot ko‘rishi» natijasida 21 sentabr kuni Ukrainaning 400 dan ortiq aholi punktida bahordan beri ilk marta elektr uzatish uzilib qolgan.
Ukraina uchun boshqa bir noxush hol Rossiyaning «Lanset» o‘ziuchar dronlarining modernizatsiya qilingan partiyasi frontga yetkazilgan. Ularning uchish masofasi ikki barobarga uzaygan va endi front chizig‘idan 70 km naridagi nishonlarni ham adashmay ura oladi. Zarba kuchi unchalik yuqori bo‘lmagan, biroq soni ko‘p va HHM tizimi tutishi qiyin bo‘lgan «Lanset»lar harbiy texnikalar va transportlarni ovlaydi. Ular ancha vaqtdan buyon frontning old chizig‘i va unga yaqin hududlarda Ukraina QK uchun eng noxush «boshog‘riq» bo‘lib kelmoqda. Endi ular front chizig‘idan uzoqroqda joylashgan obektlarni, masalan aerodromdagi samolyotlarni ham nishonga ololadi. Bu holatda Ukraina pulemyotlar bilan qurollangan kichik va mobil HHM otryadlarini tuzishi kerakligi to‘g‘risida masala paydo bo‘lgan.
Ukraina uchun frontda yaxshi yangiliklar ham bor. «Kommersant» nashriga ko‘ra, Xitoy 1 sentabrdan boshlab Rossiyaga yirik dronlar, kvadrokopterlar, teplovizorlar hamda ular uchun ehtiyot qismlar yetkazib berishni keskin qisqartirgan va bu bilan RFga qarshi sanksiyalarga qo‘shilgan.
Ukraina QK esa, o‘z navbatida, «havo urushi»da o‘zida mavjud resurslarning asosiy qismini Rossiyaning markaziy qismi, ayniqsa Moskvaga zarba berishdan olib, Qrimga yo‘naltirgan. Ammo alohida hujumlar davom ettirilmoqda. Masalan, 20 sentabr kuni Sochida yoqilg‘i rezervuari yo‘q qilingan. Bu Ukraina pilotsiz uchar qurilmalari uchun Rossiya janubidagi eng olis nishon bo‘ldi. 24 sentabr kuni Ukrainaning ikkita droni shahar kunini nishonlayotgan Kurskdagi ma’muriy binoga borib urilgan. Biroq, bu hujumlarning ko‘lami avgust oyidagidan ancha kam.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024