O‘zbekiston | 07:52 / 26.09.2023
3853
2 daqiqa o‘qiladi

Nagoya shahrida O‘zbekistonning faxriy konsulligi ochildi

Hozirgi kunda O‘zbekistonning turli xorijiy mamlakatlarda 40 ga yaqin faxriy konsulliklari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Foto: Getty Images

Nagoya shahrida O‘zbekiston faxriy konsulligi ochildi. Faxriy konsullikning ochilish marosimida O‘zbekistonning Nagoya shahridagi faxriy konsuli etib tayinlangan IM Corporation kompaniyasi maslahatchisi, "Nagoya-O‘zbekiston" do‘stlik assotsiatsiyasi maslahatchisi Xiroyuki Itoga tegishli konsullik patenti tantanali topshirildi.

O‘zbekistonning Tokiodagi diplomatiya vakolatxonasi ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda so‘zga chiqqan Yaponiya tomoni vakillari yangi tashkil etilgan O‘zbekistonning Nagoya shahridagi faxriy konsulligi prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil dekabr oyida Nagoya shahriga tashrifining amaliy natijalaridan biri bo‘lganini qayd etdi. 

Yaponiya parlamenti quyi palatasi Qonunchilik va sud masalalari qo‘mitasining raisi Tadaxiko Ito Aichi prefekturasida istiqomat qilayotgan 500 nafardan ortiq vatandosh va yapon turistlarini O‘zbekistonga keng jalb qilish maqsadida Faxriy konsullik bilan birgalikda "Nagoya-Toshkent" havo qatnovlarini tiklash va charter qatnovlarini ishlab chiqishga ehtiyoj katta ekanini aytdi.

Ma’lumot uchun, hozirgi kunda O‘zbekistonning turli xorijiy mamlakatlarda 40 ga yaqin faxriy konsulliklari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid