Jahon | 17:53 / 27.09.2023
37461
6 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon harbiylari milliarder Ruben Vardanyanni qo‘lga oldi

Asli rossiyalik ushbu biznesmen 2022 yil noyabridan 2023 yil fevraliga qadar tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi hukumatiga rahbarlik qilgan.

Foto: Ozarboyjon davlat chegara xizmati

Tog‘li Qorabog‘ning sobiq davlat vaziri, rossiyalik milliarder Ruben Vardanyan Lochin yo‘lagi orqali Armanistonga o‘tmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan. Ozarboyjon chegarachilari u Bokuga olib borilib, «tegishli organ»ga topshirilganini ma’lum qildi.

Vardanyanning rafiqasi Veronika Zonabendning aytishicha, uni Ozarboyjon nazorat-o‘tkazish punkti joylashgan Akari ko‘prigidan o‘tayotganida ushlashgan

«Bugun tongda mening turmush o‘rtog‘im, Ruben Vardanyan, filantrop, biznesmen va Arsax Respublikasining (armanlar Qorabog‘ni shunday nomlashadi) sobiq davlat vaziri Ozarboyjon okkupatsiyasidan qochayotgan boshqa minglab armanlar bilan Arsaxni tark etishga uringanida chegarada Ozarboyjon tomonidan qo‘lga olinib, asir qilingan», — degan u RBK nashriga.

Ko‘p o‘tmay Ozarboyjon hukumati qo‘lga olingan biznesmenning fotosuratini namoyish etdi. Unda uning qo‘liga kishan solinganini (suratda bu xiralashtirilgan) ko‘rish mumkin.

Ozarboyjon davlat chegara xizmatiga ko‘ra, Vardanyan Ozarboyjon Respublikasidan Armaniston yo‘nalishida harakatlanganida «Lochin» chegara punktida qo‘lga olingan.

«U Davlat chegara xizmati Tezkor harakatlanish kuchlari xodimlari hamrohligida Boku shahriga olib borildi. Qo‘lga olingan shaxs unga nisbatan tegishli qaror qabul qilish uchun tegishli davlat organiga topshirildi», — deya idora xabaridan iqtibos keltirgan APA agentligi.

Bu haqda xabarlar tarqalgan vaqtda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vardanyanning taqdiri haqida ma’lumotga ega emasligini aytgandi. «Har holda u Rossiya fuqarosi, unda Rossiya fuqaroligi bor, shuning uchun, agar u hibsga olingan bo‘lsa, biz u yoki bu tarzda ma’lumot olishimiz kerak», — degan Peskov. Shu bilan birga, u Vardanyan hamon Rossiya fuqaroligiga egaligini aniq bilmasligini qo‘shimcha qilgan.

Biznesmenning Rossiya Federatsiyasi fuqaroligidan chiqish to‘g‘risidagi so‘rovi Putinning 2022 yil dekabridagi farmoni bilan qanoatlantirilgandi, bu haqda rasmiy huquqiy axborot portalida xabar qilingan.

«Troyka Dialog» investitsiya kompaniyasi va «Skolkovo» biznes maktabi asoschisi, rossiyalik eng badavlat biznesmenlardan (2021 yilda Forbes jurnali uning boyligini bir milliard dollarga baholagan) bo‘lgan Vardanyan 2022 yil sentabrida Rossiya fuqaroligidan voz kechish va Qorabog‘ga ko‘chib o‘tish haqidagi qarorini e’lon qilgandi.

Bir oy o‘tib u tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi prezidenti Araik Arutyunyanning taklifi bilan hukumatga rahbarlik qila boshlaydi, ammo 2023 yil fevraliga kelib iste’foga chiqadi. Bu Ozarboyjon Lochin yo‘lagini bloklab qo‘yishi fonida ro‘y beradi. Vardanyan shundan keyin ham Tog‘li Qorabog‘da yashab kelayotgandi.

Shu kunlarda AFP agentligi Ozarboyjon hukumatidagi manbasiga asoslangan holda ozarboyjonlik chegarachilar Tog‘li Qorabog‘ni tark etib, Armanistonga yo‘l olgan qochqinlar orasidan «harbiy jinoyatlar sodir etishda gumonlanayotganlar»ni qidirayotgani haqida xabar bergandi.

«Ozarboyjon Qorabog‘da qurolini tashlab, taslim bo‘lgan arman jangarilarini amnistiya qilmoqchi. Ammo Qorabog‘ urushi chog‘ida harbiy jinoyat sodir etganlar bizga topshirilishi darkor», — degan manba.

19 sentabr kuni Ozarboyjon Qorabog‘da «konstitutsion rejimni tiklash» maqsadida «mahalliy xarakterdagi aksilterror tadbirlar» boshlanganini e’lon qilgandi. 2020 yildagi urushdan keyin hududga joylashtirilgan rossiyalik tinchlikparvar kuchlar bunga to‘sqinlik qila olmadi.

Ikki kunlik harbiy harakatlardan keyin Tog‘li Qorabog‘ hukumati armiyasini to‘liq qurolsizlantirish va arman harbiy texnikalari hududdan olib ketilishiga rozi bo‘lib, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Harbiy harakatlar oqibatida Tog‘li Qorabog‘dagi arman harbiylarining mingdan ortig‘i, Ozarboyjon qurolli kuchlaridan esa 200 ga yaqin kishi halok bo‘lgan.

Ozarboyjon hukumati Qorabog‘da qoladigan armanlarga hech qanday tahdid yo‘qligini kafolatlamoqda. Lekin Qorabog‘dagi va Armanistondagi armanlar bunga ishonishmayapti.

Chegara tomon harakatlanayotgan avtomobillarning uzun navbati kosmosdan ham ko‘rinmoqda.
Maxar Technologies / Reuters / Scanpix / LETA

Yerevandagilarning ma’lum qilishicha, o‘tgan vaqt ichida Tog‘li Qorabog‘da yashab kelgan 120 mingga yaqin etnik armanlardan kamida 47,1 ming kishi allaqachon Armaniston hududiga o‘tgani haqida ma’lum qilgan.

Odamlar va ularning uy-ro‘zg‘or buyumlari bilan to‘lib-toshgan yuzlab avtomobillar, yuk mashinalari hamda avtobuslar Ozarboyjondan olib keluvchi tog‘li yo‘llar orqali Armaniston tomon harakatlanishda davom etmoqda.

Mavzuga oid