O‘zbekiston | 15:25 / 29.09.2023
7592
2 daqiqa o‘qiladi

Xususiylashtirilgan yer uchastkalariga oid qoidalar takomillashtirilmoqda

Endilikda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan elektron onlayn auksion orqali olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlar boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin bo‘ladi.

Foto: Senat axborot xizmati

Senatorlar tomonidan “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi

Qonun o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini amalga oshirish tartibini, yer ijarasi bilan bog‘liq munosabatlarni va xususiylashtirilgan yer uchastkalariga oid qoidalarni takomillashtirishga qaratilgan qator normalarni o‘z ichiga olgan.

Ta’kidlanishicha, qonunda ijaraga olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari huquq va majburiyatlar bilan birga ijaraga beruvchining roziligi asosida boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligi belgilanmoqda. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan elektron onlayn-auksion orqali olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlar boshqa shaxsga ijara muddatidan oshmagan muddatga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, qonunda o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi, ya’ni servitut belgilangan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda ham servitut saqlanib qolinishi, servitut oldi-sotdi, hadya, garov yoki ijaraning mustaqil predmeti bo‘lishi mumkin emasligi belgilanyapti. Servitutning yer egasi, yerdan foydalanuvchi, yer uchastkasining ijarachisi va mulkdori ushbu yer uchastkasiga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqidan mahrum etilmasligi ko‘zda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Mavzuga oid