O‘zbekiston | 20:04 / 29.09.2023
24222
6 daqiqa o‘qiladi

“Zararni albatta MChJga to‘latamiz” - Sergelidagi xarajatlar budjetdan qoplanayotganiga izoh berildi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, talafot summasi 5,5–6 mlrd so‘mga baholanyapti, deya Kun.uz'ga ma’lum qildi bosh vazirning matbuot kotibi Behzod Hidoyatov. U ushbu xarajatlar davlat tomonidan qoplanayotgani haqidagi savolga javoban, sarflangan mablag‘lar tegishli tartibda javobgar tomondan undirilishini aytdi. “Buni albatta MChJga to‘latamiz. Davlatning puli ko‘chada qolmagan”, – dedi u.

Foto: Kun.uz

28 sentabr kuni Toshkentning Sergeli tumani Quruvchilar dahasidagi Interlogistics kompaniyasiga qarashli omborda sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida 26 ta ko‘p qavatli uydagi 592 ta xonadon hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, bitta maktab va ikkita bog‘cha binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetdi.

Toshkent shahar hokimi zarar ko‘rgan xonadonlar va ijtimoiy obektlarni ta’mirlashni poytaxt tumanlarining hokimliklariga taqsimlab berdi.

Kun.uz bosh vazir matbuot kotibi Behzod Hidoyatovga xususiy kompaniya yetkazgan zarar nima uchun mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplanayotgani, “Interlogistics”ning moddiy zararni qoplash yuzasidan javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilayotgani yoki yo‘qligi haqida savol yo‘lladi.

Foto: Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov

Hidoyatovning aytishicha, hukumat farmoyishida amalga oshirish lozim bo‘lgan va kechiktirib bo‘lmaydigan masalalarga urg‘u berilgan. U MChJ yetkazgan zarar davlat tomonidan qoplanishi to‘g‘ri emasligini ta’kidladi.

“Hukumat komissiyasi raisining o‘rinbosari Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umrzoqov bo‘lgani uchun ijroni tashkil etish maqsadida poytaxtning har bir tumaniga ish taqsimlab bergan. To‘g‘ri, haqiqan ham mablag‘ ajratilyapti, lekin budjetdan emas, zaxira mablag‘laridan. Shunday vaziyatlar uchun o‘zini hurmat qilgan mamlakat alohida fond yuritadi va zarur hollarda undagi mablag‘lar ishlatiladi.

Siz aytayotgan gap to‘g‘ri, MChJ yetkazgan zararni davlat budjetidan bo‘ladimi, zaxira mablag‘laridan bo‘ladimi, qoplab berish noto‘g‘ri. Lekin ayni paytda u yerda 600ga yaqin xonadonga zarar yetgan: deraza romlar, uylarning fasad qismi, devorlari ko‘chib ketgan. Havo sovib boryapti, har bir xonadonda 4 nafardan odam yashaganda ham bu 2400 odam degani. Shuncha odam sovuqda qolishi mumkin. Tezkor chora ko‘rish uchun zaxira fonddan mablag‘ olindi. Yangilangan konstitutsiyada ham davlat xalqiga g‘amxo‘rlik qilish kafolatlab qo‘yilgan. Shuning uchun shu qarorga kelingan, prezidentimiz topshiriq qo‘yganlar”, – dedi Hidoyatov.

Bosh vazirning matbuot kotibiga ko‘ra, davlatning hozirgi xarajatlari korxona zimmasiga yuklanadi.

“Ayni paytda MChJga nisabatan ish ochilgan. Tergov surishtiruv ishlari amalga oshirilyapti. Oddiy uyda yong‘in chiqsa ham, o‘t o‘chirish xizmati kelib yong‘inni o‘chirib beradi, lekin uy egasiga jarimasini to‘latadi.

Bu pul qolib ketmaydi. Sud qaror chiqaradi. Hozircha dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, talofat summasi 5,5-6 mlrd so‘m deb baholanyapti. Bu yana o‘zgarishi mumkin. Bizning taxminiy hisob-kitoblarimiz 10 mrd so‘m atrofida. Buni albatta MChJga to‘latamiz. Davlatning puli ko‘chada qolmagan.

Sizlar qo‘yayotgan savol to‘g‘ri: nega MChJning zarari davlatga bo‘lishi kerak? Buni davlat rahbari ham, hukumat ham juda yaxshi bilishadi. Lekin bu yerda inson omili haqida gap ketyapti. Shu sababli zaxira mablag‘larini ishlatib, zararni MChJdan undirib olamiz, degan masala ketyapti”, – deya tushuntirdi u.

Hidoyatovning qo‘shimcha qilishicha, prezident bosh vazirga zaxira fondidan mablag‘ olib, odamlarni tezroq, sovuq tushmasidan uylariga kirgizish borasida topshiriq bergan.

“Bugun shifoxonada jarohat olgan odamlardan xabar olib keldik, ularning ahvoli ancha yaxshi. Davlat rahbari odamlar shifoxonadan chiqquncha uyi tayyor holda bo‘lsin deb topshiriq qo‘yganlar. Bu vazifani bajarish uchun hukumat komissiyasi 24 soat ish tashkil qilgan. Bugun borib ko‘rgan bo‘lsangiz, singan eshik derazalarni olib chiqib ketib, sifatli eshik derazalar qo‘yib berilyapti”, – dedi Behzod Hidoyatov.

Portlagan omborxona kimga tegishli?

Portlash sodir bo‘lgan bino “Interlogistics” MChJga qarashli bojxona ombori bo‘lgan.

Yuridik shaxslar reyestriga ko‘ra, Interlogistics 2016 yil 11 avgustda ro‘yxatga olingan. Kompaniya noturar joy binolarini ijaraga berish va boshqarish bilan shug‘ullanadi. Ustav kapitali – 48,9 mlrd so‘m. Ta’sischilari – Integra benefit investmens (78,9 foiz) va “Benif LTD” MChJ QK (21,1 foiz).

Integra benefit investmens BAAda ro‘yxatdan o‘tgan. Benif LTD esa O‘zbekistonda, 1995 yilning 18 sentabr kuni ro‘yxatga olingan. Ulushdorlari – Integra benefit investmens (80,7 foiz) va “Madad-Tijorat” MChJ (19,3 foiz). Rahbari – Payziyev Rustam Abdushukurovich. Ustav fondi – 3,7 mln dollar. Kompaniya noturar joyni ijaraga berish va boshqarish bilan ham shug‘ullanadi.

Madad-Tijorat 2000 yil 8 fevralda tashkil etilgan. Ustav fondi – 4,8 mln so‘m. Rahbari – Mirzahmedov Xotam Sharipovich. Ta’sischilari – Irgashev Baxtiyor Ilyasevich va Irgasheva Shoira Shamshitdinovna (50 foizdan). Faoliyat yo‘nalishi – metall konstruksiyalar va buyumlar ishlab chiqarish.

Mavzuga oid