Jamiyat | 15:46 / 03.10.2023
39380
3 daqiqa o‘qiladi

Buxorolik erkak “Yor-yor” ko‘rsatuvi orqali tanishgan g‘uzorlik ayolni o‘ldirib qo‘ydi 

Qashqadaryoda bir-biri bilan “Zo‘rTV” telekanalining “Yor-yor” ko‘rsatuvi orqali tanishgan juftlikning navbatdagi uchrashuvi qotillik bilan tugadi. “Kuyov”ga sud hukmi bilan 13 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Foto: Videodan kadr

G‘uzor tumanida o‘zi bilan uchrashib yurgan ayolni o‘ldirgan jondorlik 36 yoshli erkakka sud hukmi o‘qildi.

“Bir jinoyat izidan” ko‘rsatuvida ma’lum qilinishicha, 2023 yilning 28 fevral kuni G‘uzor tumani IIBga tumanning Mirishkor qishlog‘ida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan Surayyo Meliqulova singlisining uyida o‘ldirib ketilgani haqida xabar kelib tushgan. Tezkor tergov guruhi zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan.

Marhumaning jasadi hovlidagi chuqurligi 2,5 metrlik quduqdan chiqarib olingan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘tilib, tergov harakatlari boshlangan.

Tergov jarayonida marhuma keyingi paytlarda Buxoro viloyatining Jondor tumani, Demun mahallasida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan Surat Ergashev bilan ahdu-paymon qilib, uchrashib yurganligi aniqlangan.

2021 yilda turmush o‘rtog‘idan ajrashgan Surayyo oila qurish maqsadida “Zo‘rTV” telekanalida efirga uzatiladigan “Yor-yor” ko‘rsatuviga chiqish qiladi. 2021 yilning dekabr oyida unga Jondor tumanida yashovchi Surat Ergashevdan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Ularning ilk tanishuvi shunday boshlangan edi.

Gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan Surat Ergashev avvaliga tergovni chalg‘itishga urinadi. Ammo bundan naf chiqmagach, Surayyo Meliqulova bilan “Yor-yor” ko‘rsatuvi orqali tanishib, uchrashib yurganligini aytib beradi.

G‘uzorga serqatnov bo‘lib qolgan “kuyov” Surayyo bilan uning singlisining uyida uchrashib yuraveradi. Ammo to‘ydan darak yo‘q edi. Bundan toqati-toq bo‘lgan Surayyo navbatdagi uchrashuvda Surat Ergashev bilan janjallashib qoladi. Janjalning oxiri esa yaxshilik bilan tugamaydi: erkak ayolga tan jarohati yetkazib, hushsiz holga keltiradi. So‘ngra esa uni o‘ldi degan o‘yda hovlidagi quduqqa tashlab yuborib, o‘limiga sababchi bo‘ladi.  

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudining hukmi bilan Surat Ergashevga 13 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.  

“Yor-yor” ko‘rsatuvida turmush qurish istagida bo‘lganlar efirga olib chiqiladi. 2021 yil 24 noyabr kuni prezident Shayxontohur tumaniga tashrif buyurib, mahallalar faollari bilan uchrashganida davlat rahbariga “Yor-yor” ko‘rsatuvidan shikoyat qilingan edi. Prezident o‘shanda tadbirda ishtirok etayotgan bosh vazirga ushbu masalani nazoratga olish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Mavzuga oid