Qorabog‘ni deyarli barcha armanlar tark etdi. Xonkandining huvullagan ko‘chalaridan suratlar
BMT ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda qolgan aholi soni mingga yetmaydi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda 100 mingdan ortiq kishi Qorabog‘ni tark etganidan keyin, bu yerda qolgan etnik armanlar soni 1000 nafarga yetmaydi. Bu haqda hududga 30 yil ichidagi ilk tashrifini amalga oshirgan BMT missiyasi xabar berdi.
BMT missiyasi regionga yakshanba kuni tongda kelgan, uning asosiy vazifasi humanitar vaziyatga baho berish hisoblanadi.
BMTning Ozarboyjondagi doimiy koordinatori hamda agentlikning boshqa yuqori martabali xodimlari boshchiligida o‘tkazilgan safar yakunlariga ko‘ra e’lon qilingan bayonotda missiyaning kuzatuvlari va bu yerda qolgan mahalliy aholi vakillari bilan suhbatlari tasvirlangan.
BMT xodimlari Agdamdan Xonkandigacha (armanlar Stepanakert deb ataydi) borgan. Qayd etilishicha, Xonkandining ular borgan qismlarida fuqarolik infratuzilmasi, jumladan, shifoxonalar, maktablar va turar joy binolari, madaniy va diniy obidalarga hech qanday zarar yetkazilmagani aniqlandi. Shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish rejimidan keyin kuch ishlatish holatlari haqida xabarlar bo‘lmagan.
Ammo missiya a’zolari shahar bo‘shab yotganidan hayratga tushishgan.
«Missiya mahalliy aholi uylarini naqadar tezlik bilan tark etgani va ular qanday azoblarni boshdan kechirganidan hayratda qoldi. Biz suhbatdoshlardan eshitishimizcha, butun Qorabog‘ hududida 50 dan 1000 nafargacha etnik arman qolgan», deyilgan bayonotda.
Qorabog‘ qutqaruv xizmati vakili Xunan Tadevosyan yakshanba kuni Xonkandida qolgan aholini «bir qo‘l barmoqlari bilan sanash» mumkinligini aytgandi.
Yakshanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 100 mingdan ortiq arman Qorabog‘dan Armaniston hududiga o‘tgani haqida xabar berdi.
Armaniston hukumati dushanba kuni kechqurun holatiga Qorabog‘dan u yerda Ozarboyjonning so‘nggi harbiy amaliyotiga qadar yashagan 100,5 ming kishi qochib kelgani haqida ma’lum qildi.
Dam olish kunlarida Al Jazeera telekanalida namoyish etilgan kadrlarda Xonkandining markaziy maydoni bo‘shab yotgani, hudud chiqindilar, tashlab ketilgan aravachalar va samokatlar bilan to‘lgani aks etgan.
BMT missiyasi Lochin yo‘lagi bo‘ylab chegara punkti tomon harakatlangan va yo‘lda avtomobillarga duch kelmagan. Guruh a’zolarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda mahalliy aholining kelgusida bu yerga qaytish niyati bor yoki yo‘qligini aniqlash qiyin.
BMT kuzatuvchilari qayd etishicha, vaziyat normallashi uchun tomonlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlanishi talab etiladi, buning uchun esa vaqt va barcha tomonlarning sa’y-harakatlari lozim.
Seshanba kuni Yerevanga Fransiya tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna tashrif buyurgan. U bu tashrifi orqali Fransiya Qorabog‘dan qochqinlar oqimi sharoitida Armanistonni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlashga qaratilgan.
Katrin Kolonna mamlakatga favqulodda tibbiy yordam olib kelgan va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashgan. Avvalroq Fransiya yordam hajmini 12,5 mln yevroga oshirishi xabar qilingandi.
Bu vaqtda Rossiya mudofaa vazirligi dushanba kuni rossiyalik va ozarboyjonlik harbiylar Qorabog‘da mergan tomonidan o‘qqa tutilgani haqida xabar bergan.
«Xonkandida (Stepanakert) noma’lum shaxs merganlik qurolidan Rossiya-Ozarboyjon qo‘shma patruliga qarata o‘q uzdi. Jabrlanganlar yo‘q», — deyilgan Rossiya mudofaa vazirligi xabarida.
Ozarboyjon mudofaa vazirligi dushanba kuni arman kuchlari dron orqali zarba bergani haqida xabar qilgandi.
Arman harbiylari esa shu kuni Ozarboyjonni Armaniston qurolli kuchlari shaxsiy tarkibi uchun oziq-ovqat olib ketayotgan mashinani o‘qqa tutishda aybladi. Bunga javoban Boku bu ma’lumotni «mutlaqo yolg‘on» deb atadi.
Mavzuga oid
10:44 / 14.12.2024
GFRda XDI/XSIning ikki a’zosi Ozarboyjonga pora evaziga yordam berganlikda ayblanmoqda
14:22 / 08.12.2024
Ozarboyjonda mushkul vaziyatda qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi
09:23 / 05.12.2024
Pashinyan: Armaniston KXShT bilan munosabatlarda hal qiluvchi nuqtadan o‘tdi
00:59 / 21.11.2024