Osiyo o‘yinlari kundaligi. Boksdagi oltinlar va uch karra sovrindor bo‘lgan Assakalov
O‘zbekiston vakillari kun davomida 3 ta oltin va 3 ta bronza qo‘lga kiritishdi, delegatsiya hisobidagi jami medallar soni 60 taga yetdi.
5 oktyabr kuni Osiyo o‘yinlarida karate, slalomda eshkak eshish, jiu-jitsu kabi sport turlarida ham bahslar boshlandi. O‘zbekiston vakillari boks va kurash bo‘yicha bahslarda navbatdagi medallarni qo‘lga kiritdi.
Yunon-rum kurashi
O‘zbekiston uchun bugungi dasturlardagi ilk medal tajribali kurashchi, 39 yoshli Rustam Assakalov tomonidan olib berildi. -97 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchi dastlabki bosqichdayoq eronlik kuchli raqib Saravi Muhammadiyga duch keldi va 3:6 hisobida yutqazdi. Ammo ushbu raqibi yakunda finalga yetib borgani tufayli (u finalda oltin medalni ham o‘ziniki qildi), Assakalov bronza uchun o‘tish bahslarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bronza yo‘lida dastlab qirg‘izistonlik Uzur Juzupbekovni mag‘lub etgan (8:1) Assakalov medal uchun bahsda qozog‘istonlik Islam Umayevni ham taslim etdi.
Shu tariqa, Assakalov Osiyo o‘yinlarining uch karra sovrindoriga aylandi. U Inchxon-2014 o‘yinlarida oltin, Jakarta-2018 turnirida kumush medalni qo‘lga kiritgandi.
-130 kg vazn toifasi vakili Temurbek Nasimov esa ishtirokini muvaffaqiyatli boshlab, yaponiyalik Sota Okumara ustidan g‘alaba qozondi (9:0). Ammo chorakfinalda qozog‘istonlik Alimxan Sizdikovga yutqazdi (1:9), uning raqibi finalga yetib bora olmadi va unda bronza uchun kurashish imkoni bo‘lmadi.
Ayollar kurashi
Ayollar jamoasi uch imkoniyatda ikki medal qo‘lga kiritdi. Dastlab -53 kg vazn toifasi vakili Jasmina Immayeva hindistonlik Antimga yutqazdi (0:11), unda bronza kurashish imkoniyati ham yuzaga kelmadi.
-50 kg vazn toifasida ishtirok etgan va ishtirokini chorakfinaldan boshlagan Aktenge Keunimjayeva ham dastlabki kurashni yaponiyalik Yoshimoto Reminaga boy bergandi (3:14), ammo uning raqibi finalgacha yetib bordi (oltin medalni ham qo‘lga kiritdi), o‘zbekistonlik sportchida esa bronza uchun kurashish imkoniyati paydo bo‘ldi. U o‘tish bahsida Kamboja vakili Samnang Dit to‘sig‘idan o‘tdi, bronza uchun bahsda hindistonlik Gehlot Pujani mag‘lubiyatga uchratdi (9:2) va ushbu sport turida Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan ilk ayol kurashchiga aylandi.
-57 kg vazn toifasi vakili Laylo Sobirova ham o‘z nomini Osiyo o‘yinlari sovrindorlari qatoriga qo‘shib qo‘ydi. U ham ishtirokini chorakfinaldan boshlab, tailandlik Sriprapa To Kayuni yengdi (9:0), yarimfinalda yaponiyalik Tsugumu Sakuraiga yutqazdi (0:11), bronza uchun bahsda esa hindistonlik Mansini mag‘lub etdi (2:0).
Boks
Bugun O‘zbekiston boks jamoasining finalga yetib kelgan uch vakili oltin medal uchun janglarda ishtirok etdi va ularning uchalasi ham oltin medallarni qo‘lga kiritdi.
Rio olimpiadasi chempioni, jahon chempioni, uch karra Osiyo chempionati g‘olibi, Osiyo o‘yinlari kumush medali sohibi bo‘lgan Hasanboy Do‘smatov nihoyat Osiyo o‘yinlari g‘olibiga ham aylandi va unda har bir bokschi erishishi mumkin bo‘lgan titullar to‘liq ko‘rinishga keldi. U finalda tailandlik Thitisan Panmotga hech qanday imkoniyat qoldirmay (5:0), O‘zbekiston hisobiga navbatdagi oltin medalni taqdim etdi.
30 yoshli bokschi finalgacha koreyalik Jo Seheong (nokaut), qozog‘istonlik Saken Bibossinov (4:1), pokistonlik Rashid Zuhayb (5:0) va yaponiyalik Tsuboi Tomoya (4:1) kabi raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgandi.
-57 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Abdumalik Xalokov ham ishonchni oqladi va final jangida yaponiyalik Harada Shudaini nokautga uchratib, oltin medalga ega chiqdi. Bunga qadar jahon chempioni va Osiyo chempionati g‘olibi ham bo‘lgan 23 yoshli bokschi finalga tomon yo‘lda taybeylik Cheng Vei (5:0), viyetnamlik Nguyeng Van Duong (5:0), filippinlik Karlo Palam (5:0) va xitoylik Lyu Ping (5:0) to‘sig‘idan o‘tgandi.
Bahodir Jalolov ham havaskor boksdagi oltinlari sonini to‘liq ko‘rinishga keltirdi - uch karra Osiyo chempionligi, ikki karra jahon chempionligi, bir karra Olimpiada g‘olibligi yoniga Osiyo o‘yinlari g‘olibligi ham qo‘shib qo‘yildi. +92 kg vazn toifasi finalida bahs olib borgan Jalolov azaliy raqiblaridan biri, qozog‘istonlik Qamshibek Konkabayev ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozondi va O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.
U chorakfinalda tojikistonlik Muhammadjon Abroriddinovni, yarimfinalda esa xitoylik Bayikevuzi Danabiyekeni 1-raunddayoq nokaut bilan mag‘lubiyatga uchratishga erishgan va final yo‘llanmasi bilan birga Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega chiqqandi.
Bungacha To‘rabek Habibullayev hamda Nigina O‘ktamova bronza medallarni qo‘lga kiritishgandi.
Shu tariqa, O‘zbekiston boks jamoasi turnirni 3 ta oltin va 2 ta bronza bilan yakunladi, natijada O‘zbekiston boks jamoasi xitoyliklardan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi.
Karate
-75 kg vazn toifasida bahslarga kirishgan Quvonchbek Muhammadiyev Eron vakili Bahman Askari Gunchehga yutqazib (0:6), saralash bosqichidan o‘ta olmadi.
-68 kg vazn toifasi vakili Bonu Egamberdiyeva tailandlik Kevalin Songklin to‘sig‘idan o‘tgandi, ammo chorakfinalda falastinlik Hala Alqadiga yutqazdi (7:8).
Shaxmat
O‘zbekiston yigitlar jamoasi 7-raundda Janubiy Koreya jamoasini 4:0 hisobida mag‘lub etdi va jami ochkolar sonini 18,5 ochkoga yetkazdi.
Qizlar jamoasi esa tailandlik raqiblarini 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi - jami ochkolar soni - 17.
Yengil atletika
Erkaklar o‘rtasida marafonda qatnashgan Shohruxbek Davlatov 2:17:49 natija bilan 9-o‘rinni egalladi. U oltin medal sohibi bo‘lgan xitoylik He Jiyedan 4:47 daqiqa ortda qoldi.
Og‘ir atletika
Sunnatilla O‘sarov dast ko‘tarishda 165 kg, siltab ko‘tarishda 190 kg tosh ko‘tardi (355) va sakkizinchi o‘rinda qolib ketdi. Bu vaznda chempionlik Xitoy vakili Tian Taoga nasib etdi (180+210), ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni KXDR va Tailand vakillari Ro Kvangryol (170+216) hamda Sarat Sumradit (176+208) qo‘lga kiritdi.
Veloshosse
Guruh poygasida Murodjon Xolmurodov 9, Dmitriy Bocharov 23-bo‘lib keldi. Behzodbek Rahimboyev va Akramjon Sunnatov esa marragacha yetib kela olmadi. Oltin va kumush medallarni Qozog‘iston vakillari Yevgeniy Fedorov va Aleksey Lutsenko qo‘lga kiritdi.
Slalomda eshkak eshish
Bugundan slalomda eshkak eshish bo‘yicha bellashuvlar boshlandi. Erkaklar o‘rtasida kanoye slalomida kechgan birinchi saralash bahsida O‘zbekiston vakili Anvar Klevlev (92.44 soniya) eng yaxshi natija bilan keyingi bosqichga yo‘l oldi. Yarimfinal bosqichi 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Saralash bosqichining ikkinchi guruhida ham O‘zbekiston vakili Alibek Temirgaliyev birinchi natija bilan (95:38) yarimfinalga chiqdi.
Baydarka slalomida erkaklar o‘rtasidagi birinchi saralash bahsi yakunlandi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston jamoasi a’zolari Jonibek Temirgaliyev to‘rtinchi, Shahobiddin Boltaboyev esa ikkinchi natija bilan 7 oktyabr kuni o‘tadigan yarimfinalga yo‘llanma olishdi.
Jiu-jitsu
O‘zbekiston vakillari uchun bugungi dasturlar o‘ta muvaffaqiyatsiz chiqdi va besh sportchi ham saralash bahslaridayoq yutqazdi: Gulnur Matbayeva (-48 kg) janubiy koreyalik Kim Siyeunga, Sarvarbek Rahmonberdiyev (-62 kg) falastinlik Muhammad Ajajga, Sirojbek Rustamov (-62) tailandlik Sujivak Kuntongga, Husrav Xolov (-69 kg) qirg‘izistonlik Toktorbay Jusup uliga, Hasanjon Nabiyev (-69 kg) iordaniyalik Abdulkarim Alrashidga.
***
Kun yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi oltin medallar soni 19 taga, bronza medallar soni 25 taga yetdi, kumush medallar soni o‘zgarishsiz qoldi - 16. Ayni vaqtda O‘zbekiston jami 60 ta medal bilan umumiy reytingda Hindistondan keyingi 5-o‘rinda bormoqda.
6 oktyabr kungi bahslarda qatnashadigan o‘zbekistonlik sportchilar:
Mavzuga oid
17:22
Husanov – yilning eng yaxshi yosh sportchisi, Do‘smatov va Keldiyorova yilning eng yaxshi sportchilari. «Milliy sport mukofoti-2024» g‘oliblari e’lon qilindi
20:49 / 02.12.2024
MOQ yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari-2025 mezbonligi O‘zbekistondan olib qo‘yilganiga izoh berdi
17:11 / 29.11.2024
Bahodir Jalolovning professional boksdagi navbatdagi raqibi ma’lum bo‘ldi
03:07 / 11.08.2024