Jahon | 23:07 / 06.10.2023
8602
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkoziga yangi ayblovlar qo‘yildi

Foto: TASS

Sarkoziga o‘zining saylovoldi kompaniyasi uchun «Liviya hukumatidan pul olganlik ishi» bo‘yicha yangi ayblovlar qo‘yildi.

Bu gal sobiq davlat rahbariga ikki xil ayblov qo‘yilgan: o‘ziga qarshi tergov jarayonida guvohga pora berganlik va «uyushgan guruh tomonidan firibgarlik sodir qilish uchun jinoiy til biriktirganlik».

Sarkozi seshanba kunidan buyon Parij sudida so‘roq qilinmoqda va unga ayblov qo‘yilgani yangi sud mahkamasi bo‘lishini anglatadi.

Gap shundaki, Sarkozining prezidentlik kampaniyasi Liviya tomonidan moliyalashtirilgani ishi bo‘yicha vositachi Ziyod Taqyiddin o‘z ko‘rsatmalaridan qaytgan. Endi Sarkozi guvohga bosim o‘tkazganlikda gumon qilinmoqda, biroq bu ishda aybini tan olmayapti.

Saylov kampaniyasini moliyalashtirish bo‘yicha sud 2025 yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Unda siyosatchi «passiv korrupsiya, jinoiy til biriktirish, saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish va davlat mablag‘larini o‘zlashtirish» aybi bilan mahkamaga tortiladi.

2021 yilda Mediapart nashri Sarkozining prezidentlik kampaniyasiga Liviya hukumati 50 million yevro o‘tkazgani haqidagi hujjatlarni e’lon qildi.

2016 yilda Ziyod Taqyiddin 2006 yil oxiri va 2007 yil boshida Liviyadan Fransiyaga besh million yevro naqd pul solingan jomadonlarni yetkazib berganini aytdi. Ikki marta u Sarkozi ma’muriyati rahbari Klod Guenaga va bir marta shaxsan sobiq prezidentga pul berganini ta’kidlagan.

Yuqorida tilga olingan ayblovlar bo‘yicha ish 2018 yilda qo‘zg‘atildi va 2020 yil noyabrida Taqyiddin Sarkoziga qarshi ko‘rsatmasidan voz kechgan edi.

Mavzuga oid