Iqtisodiyot | 20:49 / 06.10.2023
29658
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Bank 6 ta tijorat bankini jarimaga tortdi 

Shuningdek, 1 ta tijorat bankining aktiv va passiv operatsiyalari to‘xtatildi hamda 4 ta to‘lov tashkilotidan litsenziya chaqirib olindi. 

Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan Markaziy Bankning nazoratga doir vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida 2023 yil sentabr oyidagi yig‘ilishlarida, asosiy e’tibor, to‘lov tashkilotlari va banklarda ustav fondi (ustav kapitali) bo‘yicha qonunchilik talablarining bajarilishi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga doir talablarga hamda prudensial me’yorlarga rioya qilinishi, shuningdek, o‘tkazilgan tekshiruv natijalarida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etishga qaratildi. 

Qayd qilinishicha, 1 ta tijorat banki va 1 ta to‘lov tashkilotining ayrim operatsiyalarini amalga oshirishiga cheklov o‘rnatilgan hamda 13 ta tijorat banki faoliyatida qoidabuzarliklar aniqlanganligi sababli chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan. 

Shuningdek, 6 ta tijorat bankiga nisbatan jarima chorasi qo‘llangan hamda ustav kapitali qonunchilik talablariga muvofiq shakllantirilmagani sababli 1 ta tijorat bankining aktiv va passiv operatsiyalarini to‘xtatish hamda 4 ta to‘lov tashkilotidan faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalarini chaqirib olish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. 

Markaziy Bank xabarida ushbu tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari nomi keltirilmagan. 

Bundan tashqari, tijorat banklari boshqaruvlari zimmasiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralarni yaratish, shuningdek, Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf qilish va moliyaviy holatni sog‘lomlashtirish bilan bog‘liq talablarga rioya etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgani va vazifalar yuklatilgani aytilmoqda.

Mavzuga oid