Avtomobil gazballoni portlamasligi uchun nimalarga e’tibor berish kerak? - mutaxassis tavsiyalari
Avtomobil gazballonlaridan belgilangan xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmay foydalanilsa, u xavfli qurilmaga aylanadi. Nafaqat haydovchining o‘zi, balki atrofdagilar hayoti xavf ostida qoladi. Gazballonlari nega portlaydi, qachon haqiqiy xavfga aylanib qoladi? Shu kabi savollarga Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Yong‘in-texnikaviy ekspertizasi mutaxassisi Yoqubjon Rustamov javob beradi.
– Ëqubjon aka, gazballoni mavjud avtomobilda qanday xavfsizlik qoidalariga amal qilish kerak?
Haydovchilarimiz e’tiborga olishi kerak bo‘lgan asosiy jihatlardan biri shundaki, gazballoni o‘rnatilgan temir asos bilan ballon o‘rtasidagi rezinalar siljib ketib, ishqalanishni vujudga keltirishi mumkin. Natijada esa gaz balloni yemiriladi. Shu sababli muntazam ravishda uni ko‘zdan kechirib, mustahkamligini tekshirib turish lozim. Haydovchi, qolaversa, uzatish tizimiga ulanib ketuvchi joylardan gaz sizib chiqmayotganligiga ishonch hosil qilgandan keyingina avtomobilni boshqarishi lozim. Agar yukxonasidan gaz hidi kelayotgan bo‘lsa, zudlik bilan malakali mutaxassislarga xabar berib, muammoni bartaraf qilish chorasi ko‘rilishi kerak.
– Gazballonlarining foydalanish muddati qancha vaqtni tashkil qiladi?
15 yilni tashkil qiladi. Biroq texnik talablarga rioya qilmasdan foydalanilganda bu muddat yanada qisqaradi. Bitta gaz balloniga 15000 martagacha gaz quyish mumkin. Ushbu raqamdan oshirmaslik shart. Aks holda ko‘ngilsizliklar yuz berishi mumkin.
– Gazballonini havo bilan shishuvchi sharga qiyos qilsak. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi, qanday qilib temir gazballoni xuddi shar kabi kengayadi?
Katta bosim ostida gaz quyilgach, ballon o‘z-o‘zidan kengayadi. Bu jarayon inson ko‘zi ilg‘ar-ilg‘amas darajada sodir bo‘ladi. Dvigatel ishga tushib, mashina yurgach esa ichidagi gaz kamayib, ballon yana o‘z holiga qaytadi. Shishib yana joyiga qaytish jarayoni yillar mobaynida takrorlanavergach, vaqt o‘tib unda mikroyoriqlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu esa juda xavfli.
– Gaz to‘ldirish shoxobchalarida me’yoridan ortiq miqdordagi gaz quydirishga urinayotgan haydovchilar uchrab turibdi. Ularga nima degan bo‘lar edingiz?
O‘rnatilgan tartib qoidalarga muvofiq 20 megapaskaldan ortiq gaz quyish xavfli degan bo‘lar edim.
– Ortiqcha yuk bilan gazballoni ish faoliyatiga zarar yetkazib qo‘yish mumkinmi? Qolaversa, unga yomg‘irning, boshqa unsurlarning ta’siri qanday?
Suv yoki turli kimyoviy moddalarning ballonga to‘kilishi natijasida unda korroziya hodisasi yuz berishi mumkin. Bu esa gazballonining texnik holatiga ta’sir qiladi. Avtomobillarimiz har xil yo‘llarda yuradi. Shu sababli takroran bo‘lsa-da haydovchilarimizga avtomobillarini o‘z vaqtida bilan texnik ko‘rikdan o‘tkazib turishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim.
Shohro‘z Mirzaqobilov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Nuriddin Nursaidov
Mavzuga oid
11:25
Xitoyda 2024 yilning eng yaxshi avtomobillari e’lon qilindi
10:56 / 22.12.2024
2024 yil 11 oyda qancha yengil avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi
15:01 / 17.12.2024
Andijonda fuqarolarning mashinalarini ijaraga olib, ularni yo‘q qilish bilan shug‘ullangan yirik uyushgan guruh ustidan sud boshlandi
21:48 / 23.11.2024