Fan-texnika | 18:00 / 14.10.2023
140386
5 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi birinchi uchar avtomobil, Toyota Crown 2024 va uchuvchisiz yuk samolyotlari – hafta texnodayjesti 

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Toyota Crown 2024

Toyota Crown 2024 taqdim etildi. U yaxshilangan intererga ega bo‘ladi va hozirgi dizaynini saqlab qoladi. Avtomobil uch xil – XLE, Limited va Platinum komplektatsiyalarida sotuvga chiqariladi.

Foto: carscoops.com
Foto: carscoops.com

Yangilangan Toyota Crown’ning eng arzon komplektatsiyasi narxi 40 ming 50 dollardan boshlanadi, u 100 km masofaga 5,7 litr benzin sarflaydi. Eng zamonaviy Crown Platinum modeli esa 53 ming 70 dollarga baholangan bo‘lib, umumiy quvvati 340 ot kuchiga teng, 100 km masofaga 7,8 litr benzin sarflaydi.

Haydovchisiz avtomobillar poygasi

Birlashgan Arab Amirliklarida haydovchisiz avtomobillarning dunyodagi eng yirik poygasi o‘tkaziladi. Musobaqada 10 ta jamoa ishtirok etadi. Poyga 2024 yil 28 aprelida Abu-Dabida bo‘lib o‘tadi. 

Foto: khaleejtimes.com

Formula 1 uchun mo‘ljallangan Yas Marina trekida poygachilar o‘rniga koderlar — spetsifikatsiya bo‘yicha kod yozishga ixtisoslashgan dasturchilar raqobatlashadi. 

Avtonom poygalar nafaqat yangi sport turi, balki avtonom avtomobillar texnologiyasini tadqiq qilish va rivojlantirish uchun platformadir. Ushbu tadbirlarda tadqiqotchilar va muhandislar o‘z algoritmlari va tizimlarini sinab ko‘rishi va yaxshilashi mumkin.

Uchuvchisiz yuk samolyotlari

Britaniyaning Droneliner aviakompaniyasi yuk ko‘tarishi 300 tonnadan ortiq bo‘lgan uchuvchisiz yuk samolyotlarini yaratish ustida ishlamoqda. Bu butun dunyo bo‘ylab havo qatnovi narxini pasaytirish imkonini berishi mumkin. Samolyotlar masofadan boshqariladi, bu esa eng kamida ekipaj xarajatlarini kamaytiradi.

Foto: 24gadget.ru

Ma’lum qilinishicha, Droneliner ikkita model ishlab chiqarishni rejalashtirgan: DL200'ning maksimal yuk ko‘tarish quvvati 180 tonnani tashkil etadi, 36 dan 40 tagacha konteynerni tashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. DL350 esa 70 dan 80 tagacha konteynerni sig‘dira oladi va 318 tonnagacha yukni ko‘tarish imkoniga ega bo‘ladi.

Foto: 24gadget.ru

Kompaniyaning ta’kidlashicha, Droneliner'dan foydalanish havo qatnovi narxini 70 foizdan ko‘proqqa kamaytirishi mumkin. 

Yangi PlayStation 5

Sony PlayStation 5’ning yangi versiyasini e’lon qildi. O‘lchamlari bo‘yicha yangilangan PS5 avvalgilariga qaraganda taxminan 30 foizga ixchamroq. Vazni esa 18-24 foizga yengilroq. Mahsuldorlik nuqtai nazaridan hech qanday o‘zgarishlar yo‘q. Ushbu nozik versiya avvalgisi kabi kuchli. O‘rnatilgan xotira hajmi - 1 TB.

Konsollar 2023 yil noyabr oyida sotuvga chiqariladi. Ultra HD Blu-ray diskli versiyaning narxi 500 dollarni, Digital versiyasi esa 450 dollarni tashkil qiladi. Disk qabul qilgichni 80 dollarga sotib olish mumkin.

iPhone 16’ning taxminiy dizayni

Ijtimoiy tarmoqlarda iPhone 16’ning ehtimoliy dizaynini namoyish etuvchi rasmlar paydo bo‘ldi. Qayd etilishicha, asosiy o‘zgarishlar kamera blokida bo‘lishi kutilmoqda. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, iPhone 16 Pro oltita kameraga ega bo‘ladi. Ulardan ikkitasi 3D formatida bo‘lib, fazoviy suratlar va videolarni yaratishda ishlatilishi mumkin.

Foto: MajinBuOfficial/Twitter

Umuman olganda, iPhone 16 to‘rtta modelni o‘z ichiga oladi: iPhone 16, iPhone 16 Plus, iPhone 16 Pro va iPhone 16 Pro Max. Asosiy yangiliklardan yana biri – ramkasiz dizayn bo‘lib, u ekranni yanada jozibali qiladi. Apple’ning keyingi smartfoni yangi materiallar tufayli yengilroq va ingichka bo‘lishi ham xabar qilingan.

Dunyodagi birinchi uchar avtomobil prototi

Amerikaning Detroyt avtosalonida dunyodagi birinchi uchar avtomobilning prototipi taqdim etildi.  

Foto: Alef Aeronautics / SWNS

«Alef Aeronautics kompaniyasi avtomobilning standart sedanga juda o‘xshab ketadigan Model A prototipini namoyish etdi, u uchar likopchaga o‘xshash pufakchali intererdan iborot va ikki yo‘lovchini sig‘dira oladigan darajada keng», deyiladi xabarda.

Foto: Alef Aeronautics / SWNS
Foto: Alef Aeronautics / SWNS

Dunyodagi birinchi uchar avtomobilni seriyali ishlab chiqarish taxminan ikki yildan keyin boshlanishi rejalashtirilgan. Mashinaning narxi 300 ming dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda.  

Mavzuga oid