Tbilisi – Issiq buloq shahri: Gurjiston poytaxtiga sayohat (Fotogalereya)
Gurjiston poytaxti Tbilisi shahrining 1500 yildan oshiq tarixi bor. Bugun bu shaharning Eski shahar deb atalgan qismida butun boshli tarixiy dahalar saqlanib qolgan. Kun.uz muxbiri ushbu shaharda bo‘lib, uning diqqatga sazovor joylarini kadrlarga muhrladi.
Gurjiston deganda eng avvalo Kavkazdagi tog‘li yurt va u yerda yashaydigan mag‘rur xalq eslanadi. Agar boshqa millatlarga qiyosan olinsa, dunyoda gurjilar uncha ko‘p emas.
Biroq ana shu kam sonli millat o‘zining alifbosini, boshqalarnikiga o‘xshamaydigan ism-sharifini saqlab qolgani tahsinga sazovor.
Yaqinda Kun.uz muxbiri Gurjiston poytaxtida bo‘lib, ushbu shahar hayoti va undagi diqqatga sazovor bo‘lgan tarixiy joylarini kadrga muhrladi.
Gurjiston-Sakartvelo haqida
Kavkazdagi bu mamlakatni yaqin qo‘shnilari Turkiya, Eron, Ozarboyjon va qisman O‘zbekistonda Gurjiston deb atashadi. Bu atama fors tilidagi gurg-bo‘ri so‘zidan olingan.
Gurjistonni sobiq ittifoq respublikalarida yashovchilar Gruziya deydi. Bu atama ilk bor ruslar orqali tarqalgan. Rossiya imperiyasi Gurjistonni bosib olar ekan, ruslar «Gurjiston» atamasini talaffuz qilishda qiynalishadi.
Ular bu davlat nomini Gurdjiya, Gurziya, gurjilarni esa «gurzin» deb atay boshlashadi. Keyinchalik Gurziya atamasi Gruziyaga, gurzin esa «gruzin»ga o‘zgaradi.
G‘arb davlatlarida Gurjistonni «Jorjiya» deyishadi va bu uning qadimda Georgiya deb atalishidan kelib chiqqan.
Gurjilar o‘z yurtlarini Gruziya deyilishini uncha xushlashmaydi va uni Sakartvelo deb atashadi. Bu atama «kartvelilar yurti» degan ma’noni anglatadi.
Gurjilarning Gruziya atamasini yoqtirmasligi Rossiyaning 2008 yil 8 avgust kuni bu mamlakatga bostirib kirib, uning bir qismi bo‘lgan Janubiy Osetiya va Abxaziyaning bosib olinishidan so‘ng kuchaygan. Biroq ungacha ham gurjilar Gruziya atamasini xushlamagan.
Gurjiston hududi 69 789 kilometr kvadrat, aholisi 3,8 million. Mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmi 25 milliard dollarni tashkil etadi va aholi jon boshiga hisoblaganda qariyb 7 ming dollardan to‘g‘ri keladi.
Gurjistonning yirik shaharlari Tbilisi, Batumi, Kutaisi, Rustavi, Zugdidi, Gori, Poti, Suxumi va Tsxinvali hisoblanadi (Suxumi va Tsxinvali rasmiy Tbilisi boshqaruvida emas).
Tbilisi
O‘zbek tiliga tarjima qilinganda «Issiq buloq»ni anglatuvchi Tbilisi shahriga 458 yilda asos solingan. Aytishlaricha Gurjistonning o‘sha paytdagi hukmdori Vaxtang Gorgasal I ov qilib yurganda qirg‘ovulni uchratadi va uni nishonga olib, yaralaydi.
Yarador qirg‘ovul shu yaqin atrofdagi buloqqa qo‘nadi, uning suviga kirib chiqqanida yaradan asar ham qolmaydi. Bu ajoyibotga guvoh bo‘lgan hukmdor buloq atrofida shahar bunyod etishni amr qiladi. Shu tariqa Tbilisi paydo bo‘ladi.
Ko‘p o‘tmasdan poytaxt tog‘lar orasida joylashgan Msxeta shahridan Tbilisiga ko‘chiriladi. O‘shanda Tbilisi shahri bunyod etilishiga oltingugurtga boy suv chiqadigan shifobaxsh buloq sabab bo‘ladi.
Aslida Tbilisi joylashgan yer shahar tiklash uchun noqulay bo‘lgan past-balandliklardan iborat. Biroq bu narsa shaharning chiroyli arxitektura bilan qurilishiga to‘sqinlik qila olmagan.
Gurjiston Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinganidan so‘ng ruslar Tbilisi atamasini talaffuz qilishda ham qiynalishadi va uni Tiflis deb atashadi. Hatto rasmiy hujjatlarga ham Tiflis tarzida yoziladi. 1936 yilda shahar o‘zining eski nomiga qaytariladi.
Bugun Tbilisida shahar atrofidagi yo‘ldosh shaharchalar aholisini qo‘shib hisoblaganda 1,2 million odam yashamoqda. Shahar hududi Tbilisi darasi bo‘ylab 40 kilometr masofaga cho‘zilib ketgan.
Tbilisining o‘rtasidan Kura daryosi oqib o‘tadi. Bu daryo Turkiyadagi tog‘lardan boshlanadi va Gruziya hamda Ozarboyjonni kesib o‘tib, Kaspiy dengiziga quyiladi.
Tbilisiga har yili dunyoning ko‘plab davlatlaridan millionlab sayyohlar kelmoqda. Ularning asosiy qismi Gurjiston poytaxtining Eski shahar qismini tomosha qilishga oshiqadi.
Bu yerda ko‘plab mehmonxonalar, ovqatlanish shoxobchalari joylashganiga qaramasdan shahar o‘zining tarixiy ko‘rinishini saqlab qolgan.
Hozirda Tbilisiga o‘tmishdagi taniqli futbolchi Kaxaber Kaladze hokimlik qilmoqda.
Tilga e’tibor
Gurjilarning o‘z tiliga bo‘lgan munosabati Tbilisi aeroportidan boshlab yaqqol ko‘rinadi. Turli yozuvlar, e’lonlar asosan gurji va ingliz tillarida.
Shahar ko‘chalarida barcha yozuvlar faqat va faqat gurji tilida. Bizga yo‘lboshlovchilik qilgan Sashaning aytishicha, gurjilar avvaldan o‘z tillariga, yozuvlariga e’tiborli bo‘lib kelishgan.
«Sovet davrida ittifoqdash respublikalarda juda ko‘p joylarga, shahar va qishloqlarga kommunistlarning nomlari berilgan paytda Gurjistonda vaziyat boshqacha bo‘lgan va aksariyat joylar o‘zining asl nomini saqlab qolgan. Boshqalarga nisbatan olganda dunyoda gurjilar soni juda kam, 5 million nafar atrofida. Biroq millatimiz o‘z alifbosini saqlab kelyapti. Bugun dunyoda ommabop alifbolar soni sanoqli. Ulardan biri gurji alifbosi ekanidan faxrlanamiz», deydi Sasha.
Tbilisida aylanib yurar ekanmiz, juda ko‘p yoshlar rus tilini bilmasligi, biroq o‘zining ona tili bilan birga va ingliz tilida burro gaplashishini ko‘rdik.
Sashaning aytishicha, Gurjistonda ham ko‘p sonli armanlar, ozarboyjonlar, ruslar, yahudiylar, greklar yashashadi. Yaqin yillargacha ular uchun rus tili o‘zaro muloqot tili hisoblangan bo‘lsa, hozirda uning o‘rnini gurji tili egalladi.
Bugun Gurjistonda yashayotgan boshqa millatlarning birontasi rus tilining darajasi tushirib yuborilganiga e’tiroz bildirmaydi. Aksincha o‘z tilini hurmat va himoya qilayotgan gurjilarning ishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Narx-navo
Gurjiston pul birligi lari deb ataladi. Hozirda 1 dollar 2,6,-2,7 atrofida oldi-sotdi bo‘lmoqda.
Tbilisida narx-navo ancha baland. Masalan, 15-20 dollarga mehmonxona topish qiyin. Eng arzonlari 30-40 dollardan boshlanadi. Bunga shaharga juda ko‘p xorijiy sayyohlar kelayotgani sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, mamlakatning o‘zida yetishtiriladigan meva va sabzavotlar narxi ham ancha qimmat. Shaftoli, nok, uzum, anor, olxo‘ri va boshqa mevalar 10-20 lari (40-90 ming so‘m) atrofida.
Tbilisiga yetib borgach uch kunlik cheklanmagan internet va so‘zlashuvlarga ega sim kartani 160 ming so‘mga oldik va bu ham bizdagi narxlar bilan solishtirganda ancha qimmat.
Tbilisida benzin narxlari ham juda baland. Jumladan:
Ai98 – 3,70-3,75 lari (1,4 dollar, so‘mda 17 000 so‘m);
Ai95 – 3,28-3,30 lari (1,22 dollar, so‘mda 15 000 so‘m);
Ai92 – 3,03-3,05 lari (1,150 dollar, so‘mda qariyb 14 000 so‘m);
Dizel – 3,35-3,40 lari (1,260 lari, so‘mda 15 500 so‘m) sotilmoqda.
Garchi benzin biroz qimmat bo‘lsa ham, biron joyda siqilgan yoki suyultirilgan gaz sotilayotganiga guvoh bo‘lmadik. Barcha mashinalar benzin yoki dizelda harakatlanadi.
Shahar transporti
Tbilisida metro bor va u Toshkentdagidan ancha avval, 1966 yilda qurila boshlangan. Metroda ikkita liniya va 23 ta bekat bor. Uning umumiy uzunligi 29 kilometrni tashkil etadi. Mustaqillik yillarida bor-yo‘g‘i ikkita bekat ishga tushirilgan.
Tbilisining o‘rtasidan Kura daryosi oqib o‘tadi va bu yerda metroning yangi bekatlarini qurish uchun noqulay hisoblanadi. Shu sababli shahar hokimligi so‘nggi yillarda avtobus qatnovlarini ko‘paytirishga e’tibor qaratayapti.
Shahar ko‘chalarida asosan 12 metrli MAN va 8 metrli Isuzu avtobuslari xizmat qiladi.
Jamoat transportida (metro va avtobuslarda) yo‘lkira narxi 4 500 so‘m (1 lari). Yo‘lovchilar deyarli naqd puldan foydalanishmaydi. Yo‘lkirani asosan bank kartasi yoki transport kartasi orqali to‘lashadi.
Aksariyat bekatlarda transport kartalari sotiladi va ularga pul tashlash uchun maxsus qurilmalar o‘rnatilgan.
Yoqilg‘i qimmatligi uchun Tbilisida taksi juda qimmat. Masalan, Toshkentda 20-30 ming so‘mga yetib oladigan joyga Tbilisida kamida 70-100 ming so‘m to‘lashingiz kerak bo‘ladi.
Tbilisi ko‘chalarida mashinalarning raqamlari bir xil. Gurjistonda yuridik va jismoniy shaxslarga alohida avtoraqam berish amaliyoti yo‘q. Barchaga bir xil avtoraqam beriladi. Fuqarolar va yuridik shaxslar o‘z mashinalariga harf va raqamlar ketma-ketligini tanlashi mumkin.
Oddiy raqamlar 72 lari (330 ming so‘m)dan boshlanadi. Eng qimmat raqamlar 10 ming larigacha (45 million so‘m) yetadi. Avtoraqamlar undan qimmat sotilishi mumkin emas.
Tbilisining go‘zal manzaralari
Tbilisi ham dunyoning boshqa shaharlarida bo‘lgani kabi eski va yangi shaharga bo‘linadi. Uning eski shahar qismida butun boshli dahalar saqlanib qolgan. Sayyohlarni asosan ana shu narsa o‘ziga jalb qiladi.
Tbilisining eski shahar qismini bemalol ayvonlar shahri deyish mumkin. Bu yerdagi 2-5 qavatli eski uylarning qariyb barchasida ayvon bor. Aytgancha, gurjilar ham ayvonni «ayvan» deyishadi.
Eski shaharning markaziy qismida ozarboyjonlar mahallasi bor va shahardagi yagona jome masjid shu yerda joylashgan. Masjid yaqinida Usmonlilar davrida qurilgan eski hammom binosi saqlanib qolgan.
Tbilisini ikki tomondan past tog‘lar qurshab turadi. Shahar o‘rtasidan Kura daryosi oqib o‘tadi. Tbilisini o‘rab turgan tog‘lar tepasida shaharning eski vayronalarini bor. Shuningdek, daryoning oldi to‘silib, ko‘lga aylantirilgan.
Tbilisida chinor daraxtlarining juda ko‘pligi hayratimizga sabab bo‘ldi. O‘zimcha chamalab ko‘rdim, O‘zbekistondagi barcha chinorlar qo‘shib hisoblansa ham Tbilisidagi chinorlar soniga yetmaydi.
Kura daryosining ikki sohilida 15-20 kilometrga cho‘zilib ketgan yo‘llarning ikki chetiga, eski shahardagi ko‘chalar yoqasiga to‘liq chinor ekilgan.
Tbilisida aholi o‘z hovlisidagi istalgan daraxtni shunchaki kesa olmaydi. Bu uchun shahar hokimligidan ruxsat olish kerak. Agar kimdir ruxsatsiz daraxt kessa bu uchun salmoqli miqdorda jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Qisqasi, Tbilisiga kelayotgan barcha yoshdagi sayyohlar uchun maroqli dam olish uchun sharoit bor. Ana shu holat ham shaharga sayyohlarning oqib kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Haydovchilik madaniyati va ko‘chalar
Tbilisi ko‘chalarida mashinalar juda ko‘p. Bu bejizga emas. Gurjistonda aholi soniga hisoblaganda mashinalar soni bo‘yicha yuqori o‘rinlarda turadi.
Masalan, 2022 yil ma’lumotlariga ko‘ra Gurjistonda jami transport vositalari soni 1,5 million donaga yetgan. Aholi jon boshiga hisoblaganda har 1 000 kishiga qariyb 400 dona mashina to‘g‘ri keladi.
(Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 12 yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekistonda har 1 000 kishiga 95 ta mashina to‘g‘ri keladi. Demak, Gurjistonda aholi jon boshiga hisoblaganda mashina bizdagidan 4 barobar ko‘p)
Tbilisi ko‘chalarida bir-biriga o‘xshash mashinalarga ko‘zingiz tushmaydi. Shuningdek, Rossiya yoki Xitoyda ishlab chiqarilgan mashinalar ham yo‘q. Gurjiston poytaxtida eng ko‘p Yaponiya, Koreya va Yevropada ishlab chiqarilgan mashinalarni ko‘rish mumkin.
Kichik ko‘chalarda yo‘lning har ikki tomonida mashinalar to‘xtaydigan joylar (parkovka) qilingan. Ular alohida chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan va bepul.
Tbilisida mashina juda ko‘p bo‘lganiga qarmasdan eng tig‘iz paytlarda ham jiddiy tiqilinchlar yuz bermaydi. Buning sababi yo‘llar juda ko‘p va haydovchilar juda madaniyatli.
Tbilisida uch kun yurgan bo‘lsak biron joyda mashina signalini eshitmadik. Haydovchilar juda ham toqatli va bir biriga yo‘l berib, tartib bilan harakatlanadi.
Aksariyat yirik ko‘chalarda avtobuslar harakatlanishi uchun alohida yo‘laklar qilingan. Tiqilinch bo‘lib qolsa ham bironta haydovchi avtobuslar uchun belgilangan yo‘lakka o‘tmaydi.
Har qanday vaziyatlarda yengil mashina haydovchilari avtobuslarni o‘tkazib yuboradi. Yo‘lboshlovchimizning aytishicha, bu narsa yo‘l harakati qoidalarida belgilanmagan. Shunchaki haydovchilar avtobuslarni o‘tkazib yuborishga odatlanishgan. (Shu joyida shaharlarimizda yengil mashinalar avtobuslarning yo‘lini to‘sib, haydovchilarning o‘zaro janjallashib yurgani esimga tushib ketdi).
Nafaqat Tbilisida, Gurjistonning barcha hududlarida yo‘llarning sifati a’lo darajada. Yo‘l belgilari ham juda ko‘p. Tbilisi ko‘chalarida ayrim joylarda 15-20 metr masofada, o‘nlab yo‘l belgilari o‘rnatilgan.
Xizmat ko‘rsatish sohasi
Tbilisida xizmat ko‘rsatish sohalari juda rivojlangan. Shaharning eski shahar qismida va boshqa hududlarida qadamda restoran, kafe, yengil tamaddixonalar hamda mehmonxonalar joylashgan.
Kura daryosida turli qayiqlar bilan sayr qilish mumkin. Tbilisi markazida dor yo‘li qilingan va shaharning eski qo‘rg‘oniga olib chiqadi. Tbilisi ko‘chalari bo‘ylab aylantiradigan ikki qavatli avtobuslar bor.
Shaharning tarixiy joylarida ko‘plab gidlar bor va ular ma’lum haq evaziga Tbilisi tarixini bajonidil so‘zlab berishadi. Jumladan, bizga biriktirilgan Sasha ham Gurjiston va Tbilisi tarixi bilan birga, qo‘shnilar Turkiya, Eron, Ozarboyjon, hatto O‘zbekiston tarixiga doir juda ko‘p ma’lumotlarni bilar ekan.
Tbilisining eski shahar qismida joylashgan dahalarni aylanar ekansiz, bu yerda dunyoning juda ko‘p davlatlaridan kelgan sayyohlarni ko‘rish mumkin.
Eng ko‘p eronliklar, turklar, ozarboyjonlar, hindlar, ruslar va Yevropaning turli davlatlaridan kelgan odamlarni uchratdik.
Umumiy manzarani ko‘rib aytish mumkinki, Tbilisi aholisi asosan xorijiy mehmonlarga xizmat ko‘rsatish bilan band va ular shundan daromad qilishadi.
Gurjistonda valuta almashtirish sohasi banklar tomonidan monopoliya qilinmaydi. Istalgan shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tib xohlagan joyida valuta almashtirish shoxobchasini ochishi mumkin. Shaharda bunday shoxobchalar har qadamda bor va bu sayyohlar uchun juda qulay.
Tbilisida ham dunyoning boshqa joylarida bo‘lgani kabi sayyohlarga narxlar biroz balandroq aytiladi. Ayrim hollarda kichik do‘konlar o‘zlari yozib qo‘ygan narxdan qimmatroq pul olganiga ham guvoh bo‘ldik.
Gurjiston bugun dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri hisoblanadi. Ana shu omil ham sayyohlarning bu davlatga oshiqishlariga sabab bo‘lmoqda.
Tbilisi ko‘chalarida yurar ekansiz, istalgan joyni va odamni tasvirga tushirishingiz mumkin. Bu ish uchun hech kim e’tiroz bildirmaydi.
Shuningdek, odamlardan, hatto politsiya xodimlaridan ham tasvirga tushirish uchun ruxsat so‘rasangiz tabassum bilan bosh irg‘ab, rozi bo‘lishadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
11:31
Zurabishvili: Gurjiston prezidenti va bosh qo‘mondoni bo‘lib qolaman
19:23 / 22.12.2024
Gurjiston bosh vaziri Kobaxidze prezident Zurabishviliga jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi
13:47 / 21.12.2024
Yevrokengash bosh kotibi: Tbilisi tashqi ta’sirga oid qonunni o‘zgartirishga va’da berdi
20:54 / 20.12.2024