Jahon | 10:27 / 16.10.2023
14777
3 daqiqa o‘qiladi

Mahmud Abbos: Falastin-Isroil mojarosi siyosiy yechim bilan yakunlanishi kerak

Falastin milliy ma’muriyati rahbarining ta’kidlashicha, asirga olingan tinch aholini ozod qilish kerak.

Foto: Contributor/Getty Images

G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMAS harakatlari va siyosati Falastin xalqi manfaatlarini aks ettirmayapti, dedi Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos Venesuela rahbari Nikolas Maduro bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida. Siyosatchilar o‘rtasidagi suhbatdan parchalarni 16 oktyabr, dushanba kuni Falastinning WAFA axborot agentligi e’lon qildi.

Abbos ham falastinliklar, ham isroilliklar o‘rtasida tinch aholining o‘ldirilishiga qarshi ekanini bildirdi, shuningdek, «har ikki tomondan tinch aholi, asirlar va qo‘lga olinganlarni» ozod qilishga chaqirdi, deb yozadi WAFA. Falastin-Isroil mojarosi siyosiy yechim bilan yakunlanishi kerak, bunga esa, siyosatchilar o‘rtasidagi suhbatdan parchalarga ko‘ra, zo‘ravonliksiz yo‘l bilan erishiladi. 

Falastin rahbari, shuningdek, «xalqning G‘azo sektoridan ko‘chirilishini butunlay rad etishi»ga ishora qilib, buni «falastinliklar uchun ikkinchi Nakba» (falastinlik arablarning 1947-1949 yillardagi arab-isroil urushi natijasida ketishi) deb atadi. G‘azo sektorida gumanitar yo‘laklar ochilishi, aholi suv va dori-darmon bilan ta’minlanishi kerak, dedi Abbos. 

Isroil G‘azo sektori janubiga suv ta’minotini tikladi 

Isroil energetika vaziri Israel Kats 15 oktyabr kuni mamlakat rasmiylari AQSh prezidenti Jo Bayden bilan muzokaralardan so‘ng G‘azo sektori janubida aholini evakuatsiya qilishga yordam beradigan suv ta’minotini tiklashga kelishib olganini aytdi. 

Isroil mudofaa kuchlari (TsAXAL) bir kun avval G‘azo sektorida quruqlikda keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazishga tayyorlanayotganini tasdiqladi. TsAXAL vakillari bayonotiga ko‘ra, bu harakatlar faqat Isroil ta’kidlayotgan G‘azo sektori shimolidan janubga tinch aholini evakuatsiya qilish zarurati tufayli kechiktirilmoqda. 

Bayden falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘llab-quvvatladi, ammo HAMAS ishtirokisiz 

Yaqin Sharqdagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun hali imkon bor va Falastin xalqi o‘z hokimiyatiga ega chiqishi, «Falastin davlatiga yo‘l bo‘lishi kerak», ammo mojaro keskinlashuvining yangi bosqichi hisobga olinsa, bu yechimga hozircha erishish mumkin emas, dedi AQSh prezidenti Jo Bayden. 

Shu bilan birga, Amerika yetakchisining ta’kidlashicha, HAMAS falastinliklarning manfaatlarini ifodalamaydi va Isroil, ehtimol, «Falastin xalqining muhim qismi harakat pozitsiyasiga qo‘shilmasligini» tushunadi. Guruhning o‘zi, Baydenga ko‘ra, «butunlay yo‘q qilinishi» kerak va Isroil buni qilishga haqli. 

Mavzuga oid