Jahon | 16:09 / 17.10.2023
24192
27 daqiqa o‘qiladi

Baydenning Markaziy Osiyoga ehtimoliy tashrifi, grin-karta mojarosi, noqonuniy migratsiya – AQSh elchisi bilan suhbat

Kun.uz AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik bilan intervyu tashkil qildi. Suhbat davomida elchi Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan «C5+1» sammiti natijalari, prezident Baydenning Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga ehtimoliy tashrifi, O‘zbekistonning sarmoyaviy imkoniyatlari, Jyekson-Venik hujjati bekor qilinishi, AQSh-Xitoy munosabatlari, Afg‘onistonning G‘arb mamlakatlari banklarida tutib turilgan mablag‘lari qaytarilishi hamda O‘zbekiston fuqarolari uchun AQSh vizasini olishdagi muammolar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. U noqonuniy muhojirlarni yo‘lda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflardan ogohlantirib, odamlarni AQShga noqonuniy borishdan qaytardi.

— Janob elchi, sizni ko‘rib turganimizdan mamnunmiz, intervyuga rozilik berganingiz uchun katta rahmat.

— Taklif qilganingiz uchun sizga rahmat.

— Suhbatni prezident Mirziyoyevning AQShga sentabr oyidagi tashrifidan boshlasak. Sizningcha, tashrif qay darajada samarali bo‘ldi?

— Fikrimcha, prezidentning Nyu-Yorkka tashrifi juda samarali kechdi. Tashrif jarayonini to‘liq kuzatmagan bo‘lsam-da, ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekiston yetakchisi AQShning ko‘plab kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazganidan, BMT Bosh assambleyasida qatnashib, nutq so‘zlaganidan xabardor bo‘lib turdim. Shuningdek, u prezident Bayden bilan uchrashdi va Markaziy Osiyoning boshqa yetakchilari bilan birga «C5+1» formatidagi sammitda ishtirok etdi.

— «C5+1» sammiti chog‘ida prezident Bayden AQSh Markaziy Osiyoga xavfsizlikni ta’minlash uchun ajratiladigan mablag‘ miqdorini oshirayotganini aytdi. Buning sabablari nimada? AQSh hali ham mintaqada ehtimoliy tahdidlar bor deb hisoblaydimi?

— Prezident Bayden va davlat kotibi Blinken uchrashuv davomida Markaziy Osiyo rahbarlarini diqqat bilan tingladi. Aytishim mumkinki, mintaqa davlatlarida hali ham xavfsizlik va barqarorlik bilan bog‘liq xavotirlar bor. Bu ayniqsa, Afg‘oniston tomonidan kelishi mumkin bo‘lgan xavflar bilan bog‘liq. Shundan kelib chiqib, biz mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun qo‘shimcha sarmoya kiritish kerak, deb hisoblaymiz. Bu boradagi hamkorlik masalalari asosan chegaralar daxlsizligini ta’minlash va terrorizmga qarshi birgalikda kurashishdan iborat.

— Prezident Bayden Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga tashrif buyurishi mumkinligini aytdi. Buning ehtimoli qanday? Agar tashrif amalga oshsa, u qaysi davlatga kelishi mumkin?

— Ochig‘ini aytsam, prezident Baydenning Markaziy Osiyoga kelishi haqidagi gapi men uchun ham kutilmagan yangilik bo‘ldi. Bilamizki, shu kunga qadar AQShning biror prezidenti mintaqaga kelmagan. Prezident Baydenning rejalarini bilmayman, lekin agar uning shunday istagi bo‘lsa, demak bu amalga oshishi mumkin. Tashrif qachon va qaysi davlatga bo‘lishi haqida esa aniq bir nima deya olmayman.

— Nyu-Yorkdagi sammit natijalari haqida to‘xtalib o‘tsangiz. Uchrashuv davomida aynan qaysi sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi?

— Birinchi navbatda ushbu uchrashuv formati haqida aytib o‘tsam. Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o‘rtasidagi «C5+1» diplomatik platformasi 2015 yil Samarqandda tashkil etilgan va o‘shandan beri muntazam uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda. AQShda Bayden ma’muriyati rahbarlikka kelishi bilan esa ikki o‘rtadagi hamkorlik yanada faollashdi. Biz o‘tgan yillarda vazirlar darajasidagi beshta uchrashuvga va endi esa prezidentlik darajasidagi ilk uchrashuvga guvoh bo‘ldik. Bu Markaziy Osiyo va AQSh munosabatlari sezilarli darajada o‘sganidan dalolat.

Platforma tashkil etilgan dastlabki davrda u asosan ikki o‘rtada muloqot vositasi sifatida ko‘rilgan. Oradan bir oz vaqt o‘tib esa biz uni kengaytirishga qaror qildik, chunki aloqalar o‘sib borishi shuni talab qilardi. Natijada uning tarkibida uchta ishchi guruh tuzildi. Ulardan birinchisi iqtisod, ikkinchisi energetika va atrof-muhit, uchinchisi esa xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi. Bu ishchi guruhlar turli dasturlarni amalga oshirishda faol bo‘lib kelmoqda.

Bundan tashqari, AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari «C5+1» platformasi kotibiyatini ham tuzgan. U olti davlat vakillari muntazam ravishda virtual uchrashib, rivojlanish masalalarini ko‘rib chiqishi hamda yangi rejalarni amalda tatbiq etishi uchun muhokama maydoni sifatida xizmat qiladi.

Bevosita Nyu-Yorkdagi sammit haqida gapiradigan bo‘lsak, shuni aytish mumkinki, yig‘ilishda tomonlar ko‘plab masalalarni, xususan, xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni ko‘rib chiqishdi va prezident Bayden siz oldingi savolda eslab o‘tgan qo‘shimcha yordam ajratish haqidagi qarorini e’lon qildi.

Olti davlat rahbarlari energetika, qayta tiklanuvchi energiya resurslari, mintaqa energiya tizimini takomillashtirish hamda uni boshqa mintaqalarning energiya tizimlari bilan bog‘lash zarurati bo‘yicha fikr almashishdi. Tomonlar iqtisodiy hamkorlik, Markaziy Osiyoga investitsiya ko‘lamini oshirish uchun biznes muhitni yaxshilash kabi masalalarni ham muhokama qilishdi. Shu maqsadda prezident Baydenning taklifi bilan «C5+1» platformasini qo‘llab-quvvatlovchi yangi xususiy sektor faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kutilyapti. Uning asosiy vazifasi xorijiy investitsiyalarni, xususan, AQSh sarmoyasini mintaqaga jalb qilish va biznes uchun sharoitlarni yaxshilashdan iborat bo‘ladi.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoning jahon bozorlari bilan aloqalarini mustahkamlash zarurati haqida ham gapirib o‘tishdi. Bu aslida uzoq yillardan beri muhokama qilinadi, lekin ayni damda gap tranzit va transport yo‘laklari, jumladan, Kaspiy dengizi orqali Yevropa bozoriga borish haqida ketmoqda. Bu yo‘nalishda ham bir qator rejalar va dasturlar mavjud.

Prezident Bayden Nyu-Yorkdagi sammit davomida yana shuni ham aytdiki, kelgusi oyda O‘zbekiston «C5+1» formatidagi uchrashuvga mezbonlik qiladi. U AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari Samanta Pauer boshchiligida Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tadi. Unda e’tibor qaratiladigan mavzulardan biri – aynan transport yo‘lagi masalasi bo‘ladi.

Shuningdek, sammit ishtirokchilari inson huquqlari masalasida ham fikr almashdi. Prezident Bayden fuqarolik jamiyatini mustahkamlash ishlari davom ettirilishi va butun mintaqada ayollar huquqlarini kengaytirish bo‘yicha ish olib borilishi zarurligini ta’kidladi. U nogironligi bor shaxslarning jamiyatga integratsiyalashuvi oson kechishi uchun «C5+1» platformasida qo‘shimcha ishlar amalga oshirilishi foydali bo‘lishini aytib o‘tdi.

Nyu-Yorkdagi uchrashuvning yana bir natijasi prezident Bayden «muhim minerallar bo‘yicha dialog» deb atagan yo‘nalish bo‘ldi. Barcha mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanish yo‘liga, kelajagiga nazar tashlar ekanmiz, foydali qazilmalar ahamiyati qanchalik yuqori ekanini ko‘ramiz. Minerallarga boy hudud sifatida Markaziy Osiyo AQSh bilan hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlarga ega va biz ushbu minerallarni qazib chiqarishda zarur texnikalarni taqdim etish orqali ko‘maklashishga tayyormiz. Umid qilamizki, ushbu foydali qazilmalar mintaqa davlatlari aholisi, xorijiy mamlakatlar va xususan Amerika Qo‘shma Shtatlariga foyda keltiradi.

Sammit davomida shu va shu kabi boshqa masalalar ko‘rib chiqildi. Endilikda ularning ijrosiga kirishiladi.

— Siz Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekistonning sarmoyaviy imkoniyatlari haqida gapirdingiz. Ayting-chi, AQSh O‘zbekistonda iqtisodiyotning qaysi sohalariga investitsiya kiritish foydaliroq deb hisoblaydi?

— O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida iqtisodi eng keng qamrovli va ko‘p tarmoqlisi hisoblanadi. Shunday ekan, mamlakatingizda G‘arb uchun, xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun iqtisodiyotning ko‘plab jozibador tarmoqlari mavjud.

So‘nggi paytlarda biz AQShning Air Producs energetika kompaniyasi O‘zbekistonga katta sarmoya kiritganini ko‘rdik. Ular mamlakatingizga qariyb 2 milliard dollar investitsiya kiritgan. Adashmasam, prezident Mirziyoyev Nyu-Yorkda ushbu kompaniya raisi bilan uchrashdi va energetika sohasiga yanada ko‘proq sarmoya kiritish rejalari ma’lum qilindi.

Biz qishloq xo‘jaligi, jumladan, paxtachilik, qurilish va tog‘-kon sanoatiga ham sarmoya kiritganmiz. Bundan tashqari, IT sohasida investitsiya kiritishga qiziqish bildirgan kompaniyalarimiz ham bor. Ular yurtingizdagi faoliyatini muntazam kengaytirib bormoqda. Shu o‘rinda aytishim kerakki, O‘zbekiston ham AQShga IT xizmatlari eksportini ancha oshirgan.

Shunday ekan, hamkorlikning aynan bir yo‘nalishini alohida e’tirof etish qiyin, menimcha. Sarmoya kiritish mumkin bo‘lgan ko‘plab tarmoqlar mavjud.

— Sentyabr oyi boshida AQSh senatorlari Kris Myorfi va Tod Yang O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston uchun Jyekson-Venik hujjatini bekor qilish va ular bilan odatiy savdo munosabatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Kongressga taklif kiritgandi. Bu borada biror o‘zgarish bo‘lishi kutilyaptimi?

— Prezident Bayden ma’muriyati bu hujjat allaqachon bekor qilinishi kerak deb hisoblaydi. Chunki O‘zbekiston bir necha yildan buyon ushbu hujjat talablariga og‘ishmay amal qilib kelmoqda. U asosan harakat erkinligini tartibga soladi va O‘zbekiston fuqarolariga erkin sayohat qilish imkonini beradi.

Hujjatni bekor qilish huquqi AQSh Kongressi tasarrufida. Bu kabi masalalar faqatgina Kongress tomonidan hal qilinishi mumkin.

Men bu borada takliflar bildirilib, oldinga siljish bo‘layotganini ko‘rishdan xursandman, albatta, lekin hujjat qachon va qay ko‘rinishda bekor bo‘lishi yoki o‘zgarishi haqida biror nima deya olmayman.

— O‘zbekiston fuqarolarining AQShda erkin harakatlanish imkoni haqida gapirdingiz. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, aksariyat o‘zbekistonliklarning AQShga borish uchun topshirgan viza arizalari elchixona tomonidan rad etilmoqda. Buning sabablari nimada? Vaziyat o‘zgarishini kutish mumkinmi?

— Bu yil biz O‘zbekiston fuqarolaridan rekord darajada ko‘p viza arizalari qabul qildik, viza suhbatlari tashkil etdik va rekord darajada ko‘p vizalar berdik. Shunday ekan, bu boradagi fikringizga qo‘shilolmayman. Oxirgi paytlarda AQShga sayohat qilish istagini bildirayotgan o‘zbeklar soni keskin ortib bormoqda.

To‘g‘ri, ayrim fuqarolar viza ololmagan bo‘lishi mumkin. Buning sabablari turlicha va bu sabablar har doim ham elchixonaga bog‘liq bo‘lavermaydi. Kongress barcha elchixonalarga bir xil talablar qo‘yadi. Bu talablardan maqsad – AQShga kiruvchilarning qonunlarni hurmat qiladigan fuqarolar bo‘lishi va sayohat maqsadlari qonun doirasida ekaniga ishonch hosil qilish.

Aytib o‘tganimdek, so‘nggi paytlarda ko‘plab o‘zbeklar turizm, biznes, ta’lim va hattoki ish uchun AQShga safar qilishmoqda. Biroq noqonuniy sayohat qiluvchilar soni ham ancha ortgan. Ular Markaziy Amerika orqali juda xavfli yo‘llardan o‘tib, Meksika va AQSh chegarasini noqonuniy tarzda kesib o‘tmoqda. Men ularni bunday qilishdan qat’iy qaytargan bo‘lardim, chunki bu juda xavfli. Yo‘lda odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilar qo‘liga tushib qolish ehtimoli bor. Ular o‘zlari uddasidan chiqa olmaydigan ishlarni va’da qilib, noqonuniy migrantlardan katta pul talab qilishadi. Bu kabi holatlar ayniqsa so‘nggi vaqtlarda juda ko‘paygan. O‘zbeklar hududini kesib o‘tayotgan mamlakatlar ularga chegaralarni yopmoqda. Bu esa uy-joyini sotib, bor pulini sarflab yo‘lga chiqqanlarni qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda.

AQSh chegarasigacha yetib borishni uddalaganlar esa o‘sha yerda qo‘lga tushyapti. Oldinlari ularni qo‘yib yuborishardi, biroq hozirda tartib-qoida ancha o‘zgargan. Chegarani buzib o‘tganlar qo‘lga olinib, o‘z yurtlariga deport qilinyapti. Shunday ekan, men yana bir bor odamlarni AQShga noqonuniy yo‘llar bilan borish fikridan qaytargan bo‘lardim.

AQShga borishning ko‘plab qonuniy yo‘llari bor. Men yuqorida sanab o‘tganlardan tashqari, grin-karta lotereyasi ham shular jumlasidan. Biz har yili dunyo bo‘ylab 55 mingta grin-karta lotereyalarini taklif qilamiz. Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerakki, O‘zbekiston fuqarolari grin-karta o‘ynovchilar soni bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘rinlarda turadi.

Noqonuniy sayohatchilar bir narsani bilishi zarur: ular bu ishlari orqali AQSh hududidan butunlay quvilishi mumkin, ya’ni ularga mamlakat hududiga kirish, grin-karta o‘ynash, vizaning har qanday turiga topshirish taqiqlanadi. Bu ham odamlarni AQShga noqonuniy migratsiyadan qaytarishimizga asosiy sabablardan.

— Ayrim grin-karta lotereyasi g‘oliblari elchixona tomonidan intervyuga taklif etilmadi. Ularga joylar soni tugagani ma’lum qilindi. Xo‘sh, ularning viza olish imkoniyatlari endi nima bo‘ladi?

— Gapingiz to‘g‘ri. Shu o‘rinda bu tizim qanday ishlashini qisqacha tushuntirib bersam. Aytib o‘tganimdek, biz har yili dunyo bo‘yicha 55 mingta lotereya taklif qilamiz, unda ishtirok etish mutlaqo bepul. Agar siz grin-karta yutib olsangiz keyingi bosqichga o‘tasiz va kerakli hujjatlarni topshirishingiz kerak bo‘ladi. Ularni topshirib bo‘lgach, elchixonaga suhbat uchun taklif etilasiz. Intervyuga taklif etish uchun shartlardan biri – 55 mingta joyning barchasi to‘lib qolmagan bo‘lishi, ya’ni siz uchun bo‘sh o‘rin mavjudligi. Biz ushbu joylar ayrim sabablarga ko‘ra bo‘sh qolib ketmasligi uchun mavjud o‘rinlar sonidan ko‘proq odamga lotereyalar taqdim etamiz.

Ayrim yillarda grin-karta yutgan o‘zbeklarning barchasi suhbatga chaqirilgan, ba’zida esa dunyo bo‘ylab 55 mingta o‘rinning barchasi uchun suhbat tashkil etilib, joylar soni tugagani sababidan Toshkentdagi elchixona ham intervyularni to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Bu shuni anglatadiki, agar siz suhbatga chaqirilmagan bo‘lsangiz, sizning imkoniyatingiz, ming afsuski, kuyib ketgan bo‘ladi. Lotereyada yana ishtirok etish istagingiz bo‘lsa, keyingi yilda uni qaytadan o‘ynashingiz mumkin.

Unutmaslik kerakki, hatto suhbat bosqichiga yetib borsangiz ham bu grin-karta berilishini kafolatlamaydi. Chunki hujjatlardagi ma’lumotlar yaxshilab tekshiriladi va agar ularda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan yoki xato ma’lumot kiritilgan bo‘lsa, bu ham so‘zsiz o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Misol keltiraman, oldingi yillarda shunday holatlar bo‘lganki, ayrim nomzodlar ismlari yozilish shaklini, undagi bir-ikkita harfni o‘zgartirib lotereya uchun bir nechta hujjat topshirgan. Bundan maqsad – yutish imkoniyatini oshirish. Agar shu kabi holatlarni aniqlasak, intervyu bosqichida bo‘lsa ham ularni chetlashtiramiz.

— Grin-karta yutganlarning ba’zilari intervyuga taklif etilmagani sababini Rossiya fuqarolari O‘zbekistonga kelib, elchixonadagi suhbat joylarini band qilib olgani bilan izohladi. Bu qanchalik to‘g‘ri? Chindan ham buning ta’siri bo‘ldimi?

— Mutlaqo yo‘q. AQShda bu bo‘yicha maxsus markaz bor. U kimni qachon intervyu qilish haqida elchixonaga kerakli ko‘rsatmalar beradi. Bizda suhbatlarni tashkil etish uchun imkoniyat yetarli edi, biroq dunyo bo‘ylab mavjud 55 mingta joy to‘lib qolishi natijasida ulgurmay qoldik. Shunday ekan, Rossiya fuqarolari Toshkentdagi AQSh elchixonasiga kelishi bu jarayonga hech qanday ta’sir ko‘rsatgani yo‘q.

— AQSh elchixonasi O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish tizimini yaxshilashga alohida e’tibor beryapti. Yaqindagina Amerikadan kelgan 25 nafar o‘qituvchi 10 oylik dastur asosida ish boshladi. Shu va shu kabi boshqa loyihalardan ko‘zlangan maqsad va natijalar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

— To‘g‘ri aytdingiz. Biz O‘zbekistonda ingliz tili o‘qitish tizimini takomillashtirishga katta sarmoya kiritganmiz. Bu aslida prezident Mirziyoyevning bir necha yil oldin ilgari surgan maktablarda til o‘rganish tizimini yaxshilash tashabbusi bilan bog‘liq. Bizning asosiy loyihalarimizdan biri – ingliz tili darsliklarini ishlab chiqishda ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi. Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda yangi darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari tayyorladik va ularni O‘zbekistondagi deyarli barcha maktablarga yetkazib berdik.

Bundan tashqari, maktab o‘qituvchilari uchun maxsus kurslar tashkil etib, ularning malakasini oshirishga o‘z hissamizni qo‘shdik. Bir necha yil davomida vazirlik bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu kurslarimizda 15 ming o‘qituvchi ishtirok etdi.

Siz aytib o‘tgan loyiha ham aslida ko‘p yildan beri davom etib kelyapti. Fikrimcha, maktablar va boshqa o‘quv dargohlarida faqat yaxshi darslik yoki o‘qituvchi bo‘lishining o‘zi yetarli emas, o‘quvchilarda o‘zlari o‘rganayotgan til egalari bilan muloqot qilish imkoni ham bo‘lishi kerak. Shuning uchun biz AQShdan malakali o‘qituvchilarni jalb qilib, O‘zbekistondagi ta’lim dargohlari, xususan, universitetlarga joylashtirdik. Bunda amerikalik o‘qituvchilarning nafaqat poytaxtda, balki chekka hududlarda ham ishlashiga alohida e’tibor qaratdik. Ular butun O‘zbekiston bo‘ylab turli institut va maktablarda o‘qituvchilar, professorlar hamda talabalar bilan muntazam hamkorlikda ishlab kelmoqda.

Natijalar haqida gapiradigan bo‘lsak, biz ko‘plab ijobiy fikrlar eshityapmiz. Talabalar amerikalik o‘qituvchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilish imkoni paydo bo‘lganidan juda xursand va AQShdan yanada ko‘proq o‘qituvchi jalb qilishni so‘rashmoqda.

Afsuski, 25 nafar o‘qituvchi unchalik ham ko‘p emas. Umid qilamizki, bizda asta-sekinlik bilan ularning sonini oshirish imkoni bo‘ladi va balki keyinchalik Peace Corps’ni ham O‘zbekistonga qaytarishga erisharmiz. Bu ham o‘qituvchilar soni ortishiga xizmat qiladi.

— O‘zbekiston Afg‘onistonning iqtisodiy jihatdan tiklanishini qo‘llab-quvvatlaydi hamda yetishmovchilik tufayli aziyat chekayotgan afg‘onlarga ko‘mak bo‘lishi uchun mamlakatning G‘arb davlatlari banklarida muzlatib qo‘yilgan aktivlari qaytarilishi kerak, deb hisoblaydi. AQShning bu boradagi fikri qanday?

— O‘ylaymanki, AQSh hukumatining ham, O‘zbekiston hukumatining ham Afg‘oniston borasidagi qarashlari juda o‘xshash. Ikki davlat ham afg‘on iqtisodiyoti o‘sishi, u yerda aholiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan inqirozlar ro‘y bermasligi, tinchlik va barqarorlik hukm surishini ko‘rishni xohlaydi. Chunki bu mintaqa xavfsizligi va rivojlanishi uchun juda muhim.

Muammo Kobuldagi hukumat o‘z majburiyatlarini e’tiborsiz qoldirayotganida. Ular qizlar o‘qishini, ayollar ishlashini taqiqlab, ularning huquqlarini cheklamoqda va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishdan bosh tortmoqda. Bu majburiyatlar amalga oshirilsagina muzlatilgan aktivlar haqida gaplashish mumkin. Unga qadar esa biz BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar orqali afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini yuborishda davom etamiz. Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda Afg‘oniston rahbariyati bilan muloqotlar o‘tkazib, u yerdagi vaziyatni yaxshilash, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha harakatlarni davom ettiramiz.

— AQSh Afg‘onistonning amaldagi hukumatidan xalqaro miqyosda tan olinishi uchun qanday majburiyatlarni bajarishini kutyapti?

— Ochig‘ini aytsam, men bu borada mutaxassis emasman. Amaldagi hukumat boshqaruvni qo‘lga olgan vaqtda AQShning oldingi ma’muriyati bilan ma’lum kelishuvlarga imzo chekkan; men bu kelishuvlar tafsilotlarini to‘liq bilmayman. Biroq kuzatuvchi sifatida aytishim mumkinki, ular to‘g‘ri yo‘l qolib noto‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda. Biroz oldin aytganim – qizlar maktabdan chetlatilishi, ayollarning ishlash imkoniyatlari cheklanishi gapimning misoli deyish mumkin. Bu ikki masala biz Afg‘onistonda o‘zgarishini xohlaydigan holatlardan.

— AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyat kuchayishi Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Bu muammo qayerga qarab ketayotgani, kelajakda nimalar kutishimiz mumkinligi haqida aytib o‘tsangiz.

— Prezident Bayden bu masalani Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo yetakchilari bilan qisman muhokama qildi. Mintaqa o‘z geografik joylashuvi sabab qiyin vaziyatni boshdan kechirmoqda. Bunda nafaqat AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyat, balki Rossiyaning Ukrainaga hujumi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Biz bunday vaziyatda Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston bilan muloqot olib borib, ushbu jarayonlarning iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirishga harakat qilyapmiz.

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar haqida shuni aytish mumkinki, ayni damda AQSh tomonidan Xitoy bilan ziddiyatga sabab bo‘lgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiy masalalar bo‘yicha ham shunday deyish mumkin. Bilamizki, O‘zbekistonning Xitoy bilan iqtisodiy aloqalari juda yaxshi, o‘z o‘rnida AQShning ham. Shunday ekan, oradagi ziddiyat bu munosabatlarga ta’sir qilmaydi, deb umid qilaman.

— O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni qanday baholaysiz?

— So‘nggi yillarda yurtingizda bu borada katta ishlar amalga oshirildi, ayniqsa, prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng. Bilmadim, agar ushbu o‘zgarishlar bo‘lmaganida bu suhbat ham amalga osharmidi, yo‘qmi. Masalan, olti-yetti yil oldin. Shunday ekan, fikrimcha, so‘z erkinligi, matbuot erkinligi, inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha olib borilgan ishlarni ijobiy baholash mumkin.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga chek qo‘yildi, ayniqsa, paxta hosilini yig‘ish davrida. Vijdon erkinligiga yo‘l ochildi hamda tergov jarayonida qiynoqlarga barham berildi.

Ammo shunga qaramasdan, hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. O‘rni kelganda shuni ham aytish kerakki, oxirgi bir-ikki yil ichida biz islohotlarda ortga chekinish holatlarini ham ko‘rmoqdamiz, masalan, matbuot erkinligini ta’minlash borasida. Buning sabablari nimada ekanini ochig‘i bilolmadim. Prezident Mirziyoyev o‘z nutqlarida matbuot erkinligini qo‘llab-quvvatlashi, uni demokratik jamiyat qurish va shu bilan birga korrupsiyaga qarshi kurashishdagi roli haqida o‘z fikrlarini aniq-ravshan bayon qilgan.

Uning bu yondashuviga qaramasdan, biz haligacha jurnalistlarga turli bosimlar bo‘layotganini ko‘ryapmiz. Bu bosim har doim ham ochiq bo‘lavermaydi. Ba’zan u o‘z-o‘zini senzura qilish shaklida namoyon bo‘ladi, ya’ni jurnalist u yoki bu mavzuda yozishdan tiyiladi.

Yaqinda ba’zi bloger va jurnalistlarga qarshi sud ishlari ham bo‘lib o‘tdi. Men ularning shaxsiyatiga to‘xtalib o‘tirmayman, qilgan ishlarini oqlab biror nima deyolmayman ham. Shunchaki aytmoqchi bo‘lganim, bu kabi holatlar boshqa jurnalistlarga signal jo‘natib, ularni o‘z-o‘zini cheklashga majbur qilmoqda.

Men O‘zbekistonda matbuotga kengroq yo‘l ochilishi, ko‘proq imkoniyat berilishini xohlagan bo‘lardim.

— Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda elchixona sizning ishga metroda ketayotganingiz tasvirlangan qiziqarli videoni joyladi. Bu tashabbusni barcha iliq kutib oldi. Jamoat transportidan doimiy ravishda foydalanasizmi? O‘zbekiston transport tizimi haqida qanday fikrdasiz?

— Afsuski, jamoat transportidan doimiy ravishda foydalanmayman. Metro bekati elchixonaga ham, uyimga ham biroz uzoq masofada joylashgan, lekin havo yaxshi bo‘lgan paytlarda ba’zan undan foydalanib turaman. Toshkent metrosi juda go‘zal. Undagi ba’zi bekatlar san’at asariga o‘xshaydi va muzeylarni eslatadi.

Avtobuslar haqida biror nima deyishim qiyin. Garchi ular haqida ijobiy fikrlar eshitgan bo‘lsam ham, foydalanib ko‘rmaganman. Yo‘llardagi tirbandlik ularga ham ta’sir qiladi, menimcha.

Hayotining asosiy qismini shaharlarda yashab o‘tkazayotgan odam sifatida aytishim mumkinki, biz jamoat transportlaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlashimiz zarur, chunki u tirbandliklarni kamaytirishga, havo sifatini yomonlashishdan biroz bo‘lsa-da asrashga yordam beradi.

Men ish jadvalim tig‘izligi, xavfsizlik bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra mashinadan ko‘proq foydalanaman, biroq imkon bo‘lganda jamoat transportlaridan foydalanishni kanda qilmayman.

Mavzuga oid