Jahon | 23:47 / 21.10.2023
9042
2 daqiqa o‘qiladi

Armaniston-Ozarboyjon munosabatlarini normallashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» shakllantirildi

Armaniston Ozarboyjon bilan yil oxiriga qadar tinchlik shartnomasini imzolashga va munosabatlarni normallashtirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Foto: armenpress.am

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvlar chog‘ida Yevropa Ittifoqi (YeI) vositachiligida Armaniston-Ozarboyjon munosabatlarini normallashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» shakllantirilganini ma’lum qildi.

Pashinyan Litva bosh vaziri Ingrida Shimonite bilan muzokara yakunlari bo‘yicha aytganidek, «yo‘l xaritasi» 5 oktyabr kuni Granadada bo‘lib o‘tgan Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammitida qabul qilingan to‘rt tomonlama bayonotda o‘z aksini topgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlarning yo‘l xaritasiga sodiqligi tinchlik muzokaralarida yutuqni ta’minlaydi.

Ozarboyjon tomoni oktyabr oyi boshida «Fransiyaning noxolis pozitsiyasi tufayli» sammitda ishtirok etishdan bosh tortgan edi. To‘rt tomonlama bayonotni Nikol Pashinyan, Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Olaf Shols imzoladi.

Ozarboyjonning tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy amaliyoti va uning amalda tugatilishi ortidan Boku ham, Yerevan ham tinchlik bitimi uchun «yaxshiroq imkoniyatlar» paydo bo‘lganini e’lon qildi.

Nikol Pashinyan o‘z mamlakati yil oxirigacha Ozarboyjon bilan tinchlik shartnomasini imzolashga va munosabatlarni normallashtirishga tayyorligini aytdi.

Mavzuga oid