Inson fikrlarini o‘qiydigan mashina, «to‘rt oyoqli» mototsikl va Infiniti QX50 2024 – hafta texnodayjesti
Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.
«To‘rt oyoqli» mototsikl
Yaponiyaning Suzuki kompaniyasi Japanese Mobility Show tadbirida MOQBA deb nomlangan yangi turdagi transport vositasi konsepsiyasini taqdim etdi.
MOQBA’ning maksimal tezligi 32 km/s bo‘lib, akkumulyatori to‘liq quvvatlantirilganda 80 km masofani bosib o‘tish imkoniga ega.
Innovatsion qurilma faqat bitta odamni ko‘tara oladi. Motosiklning afzalligi shundaki, uni doimiy boshqarishi shart emas, faqat yo‘nalishni belgilashning o‘zi kifoya. Bu harakatlanishi cheklangan insonlar yoki jarohatlanganlarni tashishda qulay.
MOQBA tekis yuzada harakatlanadigan g‘ildiraklar bilan ham jihozlangan, biroq u notekis joylarda ham yura oladi.
Inson fikrlarini o‘qiydigan mashina
Nissan kompaniyasi inson ongini o‘qish funksiyasiga ega bo‘lgan kelajak elektr minivenining konsepsiyasini namoyish qildi. Hyper Tourer deb nomlangan avtomobilning ichida 360 daraja aylana oladigan 4 ta o‘rindiq bo‘ladi.
Miniven avtopilot yordamida boshqariladi. Kreslolardan birida rul bor, lekin uni ishlatish shart emas.
Hyper Tourer’ning asosiy xususiyati sun’iy intellekt asosida qurilgan aqlli tizimdir. Salonga o‘rnatilgan datchiklar yordamida avtomobil yo‘lovchilarning miya faoliyatini, yurak urishi, nafas olishi va terlashini kuzatishi mumkin. Ushbu ma’lumotlarga asoslanib, neyron tarmoq avtomobil ichidagi musiqa va yoritishni o‘zgartiradi.
Mazkur konsepsiya qachondan boshlab amaliyotga tatbiq qilina boshlashiga aniqlik kiritilmagan.
Monitorli ko‘ylak
Adobe kompaniyasi birgina tugmani bosish orqali rangini va naqshlarini o‘zgartira oladigan kiyim yaratdi. Maxsus libos Project Promise loyihasi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, moslashuvchan mayda displeylardan tashkil topgan.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu innovatsion yondashuv nafaqat moda sohasida, balki mebel dizayni va turli obektlarni bezashda inqilob yasashi mumkin.
iOS versiyasini avtomatik yangilash tizimi
Apple kompaniyasi yangi iPhone smartfonlarini sozlash jarayonini soddalashtirmoqchi. Agar qurilma sotuvlar boshlanganida xarid qilinmagan bo‘lsa, odatda undan foydalanishdan oldin, iOS dasturining so‘nggi versiyasini yangilash talab etiladi. Yangi tizim Apple do‘koni xodimlariga qutini ochmasdan qurilmaga so‘nggi dasturni o‘rnatish imkonini beradi.
Bloomberg muxbiri Mark Gurmanning xabar berishicha, Apple shu maqsadda «simsiz zaryadlovchi qurilmaga o‘xshash jihozni» ishlab chiqmoqda. Xodim dasturni yangilamoqchi bo‘lsa, iPhone solingan qutini ushbu jihoz ustiga qo‘yadi, shunda smartfon ishga tushadi va iOS yangi versiyasini yuklab oladi. Jarayon yakunlangach, yana o‘chadi.
Gurmanning qo‘shimcha qilishicha, bunday uskunalar 2023 yil oxirigacha do‘konlarda paydo bo‘ladi. Gap faqat Apple Store haqida ketyaptimi yoki vakolatli sotuvchilar ham iPhone smartfonini qutisini ochmasdan yangilay oladimi, hozircha aniq emas.
Infiniti QX50 2024
Infiniti QX50 2024 taqdim etildi. Ushbu model o‘tgan yilgi kabi beshta: Pure, Luxe, Sport, Sensor va Autograph komplektatsiyalarida bo‘ladi.
Avtomobil narxi 42 045 dollardan boshlanadi. Top komplektatsiya uchun esa 59 095 dollar to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Xitoy uchar taksida odam tashishga ruxsat berdi
Xitoy uchuvchisiz havo taksilaridan foydalangan holda yo‘lovchilarni tijorat maqsadida tashishga ruxsat bergan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. EH216-S uchar avtomobilini ishlab chiqqan EHang startapi shunday ruxsatnoma olgan.
Ushbu qurilmaning prototipi 2017 yilda osmonga ko‘tarilgan. Shundan beri kompaniya 40 mingga yaqin sinov parvozini amalga oshirdi. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, sinov paytida bortdagi odamlar bilan birorta ham favqulodda vaziyat yuzaga kelmagan.
EH216-S — ikki kishilik kapsulaga ega elektr oktokopter. Ikkala o‘rindiq ham yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan, bortda uchuvchi bo‘lishi talab qilinmaydi. U vertikal ravishda uchadi va qo‘nadi. Bitta zaryad atigi 20 daqiqalik parvoz uchun yetarli, shuning uchun qurilma hali uzoq masofalarga mo‘ljallanmagan. Ammo qisqa sayohatlar 135 km/soat tezlikda amalga oshirilishi mumkin.
Buklanadigan ekranli iPad
Apple ham egiluvchan ekranli qurilmalar, xususan, iPad yaratish ustida ishlayotgan bo‘lishi mumkin. Insayderlarning ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda kompaniya vakillari yetkazib beruvchilar bilan faol hamkorlik qilmoqda va kichik hajmdagi ishlab chiqarish 2024 yil oxirida boshlanishi mumkin. Planshetning texnik xususiyatlari va o‘lchami qanday bo‘lishi haqida ma’lumotlar mavjud emas.
Mavzuga oid
12:10 / 22.12.2024
“Qotil” chatbot, kasallikni oldindan aniqlaydigan aqlli uzuk va super kompyuter – texnodayjest
17:55 / 02.04.2024
Xiaomi'dan SU7 elektromobili, iOS 18 taqdimot sanasi, Soradan film – texnodayjest
13:05 / 03.03.2024
Uchar taksi, qo‘lga taqiladigan smartfon va kiber kuchukcha – hafta texnodayjesti
21:18 / 10.02.2024