Jahon | 20:33 / 21.10.2023
11088
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyevning sobiq qudasi qamoqdan ozod etildi

Qayrat Bo‘ronboyev qaramog‘idagi millionlab dollarlik mulklarni davlatga topshirganidan so‘ng qamoq jazosi shartli jazoga almashtirildi.

Foto: Zakon.kz

Qozog‘istonlik tadbirkor Qayrat Bo‘ronboyevga nisbatan qamoq jazosi ozodlikni cheklash bilan almashtirildi. Nursulton Nazarboyevning sobiq qudasi barcha mol-mulkini davlatga o‘tkazdi. Qaytarilgan aktivlar orasida neft koni, gaz taqsimlash stansiyasi, fitnes markazlari tarmog‘i, savdo-ko‘ngilochar majmualari va boshqalar bor.

Sud jazoni almashtirishda tadbirkor jazo muddatining uchdan bir qismini o‘taganini, yetkazilgan zararning o‘rnini qoplaganini va qilmishiga pushaymon bo‘lganini hisobga olgan. Sudning tushuntirishicha, Bo‘ronboyev probatsiya nazoratida bo‘ladi.

Qayrat Bo‘ronboyev Qozog‘istonning eng boy va nufuzli 50 nafar tadbirkori qatoridan joy olgan. Forbes jurnali uning boyligini 590 mln dollarga baholagan. Uning qizi sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning nabirasi Oysultonga (2020 yil avgust oyida vafot etdi) turmushga chiqqan edi.

2022 yil mart oyida Bo‘ronboyev «Qazaq Gaz» milliy kompaniyasidan yirik miqdordagi mablag‘ni o‘g‘irlaganlikda ayblanib, hibsga olindi.

2023 yil sentabr oyida Moliyaviy monitoring agentligi Bo‘ronboyev ixtiyoriy ravishda 90 milliard tengedan (195,4 million dollar) ortiq mol-mulkni davlatga qaytarib berganini ma’lum qildi.

Buni inobatga olgan sud sentabr oyi o‘rtalarida Bo‘ronboyevni 6 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Shundan so‘ng, Bo‘ronboyev qiymati 74,2 mln dollar bo‘lgan «Qorajonbos severniy» neft koni, 29,3 mln dollar bo‘lgan «Aziya Gaz Chundja» gaz taqsimlash kompaniyasi, 18,8 mln dollar bo‘lgan «Servisnyy Tsentr KazTurboRemont» zavodini davlat tasarrufiga o‘tkazdi.

Mavzuga oid