Jahon | 16:47 / 25.10.2023
19265
14 daqiqa o‘qiladi

Hindiston «Bharat»ga aylandimi? So‘nggi 100 yilda o‘z nomini o‘zgartirgan davlatlar

Joriy yil sentabrda Hindistonda G20 sammiti o‘tkazildi va unda kutilmagan holat mehmonlarni ajablantirdi. Hindiston o‘z uyida o‘tkazilayogan sammitda birinchi marta «Bharat» nomi bilan qatnashdi. Bu davlat hali rasmiy ravishda o‘z nomini o‘zgartirmadi. Biroq yaqin kelajakda India atamasi «Bharat»ga almashishi mumkin.

Bugun dunyoda 200 ta atrofida davlat bor. Ularning 193 tasi BMTga a’zo. Bu davlatlarning 50 ga yaqini turli sabablar bilan so‘nggi 100 yilda o‘z nomini o‘zgartirgan.

Bundan tashqari, XX asrda bir qancha ittifoq davlatlar parchalanib ketdi va ayrim mamlakatlar nomi o‘zgardi. Jumladan, Chexoslovakiya parchalanib, o‘rnida Chexiya va Slovakiya tashkil topdi.

1991 yilda SSSR parchalanib, 15 ta respublika o‘z mustaqilligini e’lon qildi va sovetlar ega bo‘lgan asosiy hududda Rossiya nomli davlat paydo bo‘ldi.

Xuddi shunday, bir qancha ittifoqdosh respublikalardan tashkil topgan Yugoslaviya parchalangach, o‘rnida yettita mustaqil davlat tashkil topdi.

XX asr boshigacha Koreya imperiyasi deb tanilgan va bir muddat yaponlar mustamlakasi bo‘lgan hududda ikkita davlat paydo bo‘ldi.

Shuningdek, o‘tgan asrda ikkita mamlakat birlashgan holatlar ham bo‘ldi. Jumladan, 1980-yilgacha Germaniya federativ respublikasi va Germaniya demokratik respublikasi sifatida yashab kelgan ikkita davlat yagona Germaniyaga birlashadi.

1989 yilda GFR va GDR yagona Germaniyaga birlashdi

Xuddi shuningdek, Afrika qit’asidagi Zanzibar va Tanganika birlashib, Tanzaniya nomini oladi.

Quyida XX asrda bir nechta davlatlarning o‘z nomini o‘zgartirishiga nima sabab bo‘lganini ko‘rib chiqamiz.

Bangladesh

Bangladesh davlati 1971 yilda tashkil topgan. Ungacha bu davlat avvaliga Hindiston tarkibida bo‘lgan va Sharqiy Bengaliya deb nomlangan.

Britaniya mustamlakasidan ozod bo‘lgach Pokiston tarkibiga kirgan va Sharqiy Pokiston deb atalgan. 1970 yilda Sharqiy Pokistonda mustaqillik uchun harakatlar boshlanib, referendum o‘tkaziladi.

Unda juda ko‘pchilik Sharqiy Pokistonning mustaqil bo‘lishi uchun ovoz beradi. Biroq Pokiston referendumni tan olmasligini ma’lum qiladi va mustaqillik tarafdorlari bo‘lgan taniqli shaxslarni hibsga ola boshlaydi.

Bangladesh va Pokiston bir paytlar bitta davlat bo‘lishgan.

Oqibatda o‘rtada qurolli mojaro kelib chiqadi. Sharqiy Pokistonda Pokiston armiyasi va qarshilik kuchlari o‘rtasida janglar boshlanib ketadi.

1971 yil kuzda mojaroga Hindiston ham qo‘shiladi va Pokistonga aviazarbalar bera boshlaydi. Oxir-oqibat 1971 yil dekabrda Pokiston yengilganini tan oladi va Sharqiy Pokistonga mustaqillik berishga rozi bo‘ladi. 1971 yil 16 dekabr kuni Bangladesh davlati tashkil topgani e’lon qilinadi.

Belarus

«Belaya Rus» so‘zlari qo‘shilishidan paydo bo‘lgan Belarusning nomi 1991 yil 17 sentabrgacha Belorussiya bo‘lgan. Sovet davrida u shunday nomlangan edi. 1991 yil 25 avgust kuni mamlakat mustaqillikka erishgandan so‘ng ham bir muddat mamlakat nomi Belorussiya bo‘lib qoladi.

Belarusning nomi bir paytlar Belorussiya bo‘lgan.

Oradan qariyb bir oy o‘tgach 1991 yil 17 sentabr kuni mamlakat nomi Belarus respublikasi deb qayta nomlanadi. O‘shanda belarus milliy harakati a’zolari mamlakat nomini Kriviya (hududning eski slavyancha nomi) deb atashni ham taklif etadi.

Mamlakat nomining o‘zgarganiga 30 yildan oshgan bo‘lsa-da, hanuzgacha MDHdagi rusiyzabonlarning aksariyati (ayniqsa rossiyaliklar) bu davlat nomini Belorussiya deb atashda davom etmoqda.

Eron

Eron davlati o‘z tarixida yevropaliklarga mustamlaka bo‘lmagan sanoqli davlatlardan biri hisoblanadi. Bu davlat o‘rta asrlardan 1935 yilgacha Fors davlati (Persiya) deb atalgan.

O‘sha yili mamlakat nomi rasmiy ravishda Eron deb o‘zgartirilgan. 1979 yilda sodir bo‘lgan inqilobdan so‘ng u Eron Islom Respublikasi deb qayta nomlangan.

Eronning rasmiy nomi 1935 yilgacha Persiya (Fors davlati) bo‘lgan

Kambodja

1953 yilda mustaqil bo‘lgan Kambodja 20-asrda nomini to‘rt marta o‘zgartirgan. 1953 yildan 1970 yilgacha uning nomi Kambodja qirolligi bo‘lgan.

1970 yilda Kambodjada davlat to‘ntarishi uyushtiriladi va uning nomi Kxamer Respublikasi deb o‘zgartiriladi. Shundan so‘ng mamlakatda fuqarolar urushi boshlanadi.

Kambodjaning nomi bir paytlar Kampuchiya bo‘lgan.

1975 yilda «Qizil kxamerlar» deb atalgan tomon g‘alaba qozonadi va fuqarolar urushi tugaydi. Mamlakat Kampuchiya nomini oladi. 1989 yilda davlat nomi qayta Kambodja deb ataladi va 1993 yilda yana konstitutsion monarxiyaga aylanadi.

Kongo

Markaziy Afrikadagi bu davlat 1960 yilda mustaqil bo‘lgancha turli nomlar bilan atalgan. Jumladan, 20-asr boshlarida Belgiya Kongosi deb atashadi.

1960 yilda Kongo mustaqil bo‘lgach Kongo demokratik respublikasi deb ataladi. Ungacha bir muddat uni poytaxti nomi bilan qo‘shib Kongo-Brazzavil Respublikasi, Kongo-Leopoldvil Respublikasi (Leopoldvil-Kinshasaning avvalgi nomi) deb atashadi.

Kongo demokratik respublikasi

Ko‘p o‘tmay Kongoda harbiy diktatura o‘rnatgan general uning nomini Zair Respublikasi deb o‘zgartiradi. 1996 yilda mamlakat eski nomi Kongo demoktratik respublikasi deb qayta nomlanadi.

Madagaskar

Afrikadagi bu orol davlat 20-asr o‘rtalarigacha Fransiya mustamlakasi edi. 1958 yilda Fransiya orolga muxtoriyat maqomini beradi va u Malagasiya Respublikasi deb nomlanadi.

1960 yilda muxtoriyat o‘z mustaqilligini e’lon qiladi. 1975 yilda uning nomi Madagaskar demokratik respublikasi deb o‘zgartiriladi. Keyinroq 1992 yilda uning nomi Madagaskar respublikasiga aylanadi.

Madagaskar

Myanma

Myanma 20-asrning birinchi yarmida Britaniya mustamlakasi bo‘lgan va 1948 yilda mustaqillikka erishgan. O‘sha paytlarda mamlakat nomi Birma deb atalardi.

1988 yilda Birmada harbiylar davlat to‘ntarishini amalga oshirishadi va hokimiyatni egallaydi. Oradan bir yil o‘tib, 1989 yilda uning nomi Myanma deb o‘zgartiriladi.

Myanma

Shimoliy Makedoniya

Makedoniyaning uzoq yillik tarixi bor va antik davrda greklarning bir viloyati shu nom bilan atalgan. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Makedoniya ittifoqdosh respublika sifatida Yugoslaviya tarkibiga kiritiladi.

1991 yilda SSSR parchalanib ketgach Yugoslaviya tarkibida bo‘lgan ittifoqdosh respublikalar, shu jumladan Makedoniya ham o‘z mustaqilligini e’lon qiladi.

Keyinchalik Makedoniya NATOga a’zo bo‘lishga ariza beradi. Biroq bu ishga Gretsiya qarshi chiqadi va Makedoniyadan o‘z nomini o‘zgartirishni talab qiladi. Chunki bu paytda Gretsiya shimolida Makedoniya provinsiyasi bor edi.

Shimoliy Makedoniyadan tashqari, Greytsiyada Makedoniya viloyati, Bolgariyada Pirin Makedoniyasi nomli tuman bor

Makedoniya Gretsiya talablari ustidan hatto Haagadagi xalqaro sudga ham murojaat qiladi. Sud Gretsiya Makedoniyaning NATOga a’zo bo‘lishiga taqiq qo‘yishi mumkin emasligi haqida qaror chiqaradi. Biroq greklar bu qarorga parvo qilmaydi.

Oxir-oqibat Makedoniya 2019 yilda o‘z nomini Shimoliy Makedoniyaga almashtiradi. Shundan so‘ng Gretsiya uning NATOga kirishiga rozi bo‘ladi.

Tayland

Tayland ham yevropalik mustamlakachilar egallay olmagan kam sonli davlatlardan biri hisoblanadi. Bu davlatning nomi 20-asrning birinchi yarmigacha Siam deb atalgan.

1949 yilgacha Tayland rasmiy ravishda Siam deb atalgan

1932 yilda Siamda tinch inqilob amalga oshiriladi va mamlakatda konstitutsion monarxiya tizimi o‘rnatiladi. 1939 yildan boshlab uni Tailand deb atay boshlashadi.

1949 yilda bu davlat rasmiy ravishda Tailand nomini oladi. Hozirda mamlakatning rasmiy nomi Tayland qirolligi.

Turkiya

Bir paytlar turklarning o‘zi va musulmon dunyosi Usmoniylar xalifaligi, yevropaliklar esa Usmoniylar imperiyasi deb atagan davlat Birinchi jahon urushidan keyin Turkiya respublikasi nomini oladi.

Shundan so‘ng Turkiyaning nomi ingliz tilida Turkey deb atala boshlanadi. Turkey so‘zi ingliz tilidan tarjima qilinganda kurka ma’nosini beradi.

Yaqingacha ingliz tilida xalqaro nomi Republic of Turkey bo‘lgan Turkiya o‘z nomini Republic of Turkiye deb o‘zgartirdi

Joriy yilda turklar mamlakatning xalqaro nomini o‘zgartirishdi. Endi u ingliz tilida ham Turkey emas, Turkiye (Republic of Türkiye) deb atalmoqda va turklar barchadan mamlakat nomini shunday yozishni talab qilishmoqda.

Shri-Lanka

Tinch okeani shimolida, Hindiston janubi bilan chegarada joylashgan bu davlat qadimda turli nomlar bilan atalgan. Hindlarning eski bitiklarida Lanka oroli, arablar, turklar va forslar uni Sarandib oroli deyishgan. Keyinchalik hindlar orolni Simhaladvipah deb atagan.

1505 yilda portugallar orolni egallashadi va uni Cellao deb atashadi. Bu so‘zni inglizlar Tseylon tarzida talaffuz qilishadi va orol shunday nom oladi.

1972 yilgacha Shri-Lankaning nomi Tseylon bo‘lgan

1948 yilda Tseylon Britaniyadan mustaqillikka erishadi. 1972 yilda mamlakatda yangi konstitutsiya qabul qilinadi. Unda Tseylonning nomi Shri-Lanka respublikasi deb atalishi belgilab qo‘yiladi.

Esvatini

Afrikadagi bu davlat 2018 yilda Esvatini nomini oldi. O‘shangacha u Svazilend deb atalgan. Svazilend uzoq yillar Britaniya mustamlakasi bo‘lgan.

1968 yilda mustaqillikka erishgach bu davlatda monarxiya joriy qilinadi va u Svazilend qirolligi deb atala boshlanadi.

Yaqingacha Svazilend deb atalgan Esvatini YuAR va Mozambik davlatlari o‘rtasida joylashgan

2018 yilda mamlakat qiroli Msvati Svazilendning nomini Esvatini qirolligi deb o‘zgartirganini e’lon qiladi. Esvatini «svazilar yeri» degan ma’noni anglatadi.

Efiopiya

Efiopiya 20-asrning 70 yillarigacha Abissiniya deb atalgan. Abissiniya arabcha «habashat» so‘zidan olingan turkcha Habeshistan (Habeşistan) atamasining amxar tilidagi o‘zgargan ko‘rinishi hisoblanadi.

Aslida «habash» so‘zi ivrit (yahudiy) tilidan olingan va arablarga ham shu ko‘rinishda o‘tgan.

Abissiniya Afrika qit’asida yevropalik mustamlakachilardan eng tez ozod bo‘lgan davlat hisoblanadi. U 19-asr oxirida mustaqil bo‘lgandi.

Efiopiya

Shundan so‘ng Abissiniya imperiya deb e’lon qilinadi. 1974 yilda Abissiniyada monarxiyaga qarshi qo‘zg‘olon bo‘lib o‘tadi. Imperator taxtdan ag‘dariladi. Ko‘p o‘tmay mamlakat nomi ham Efiopiya deb o‘zgartiriladi.

Yevropada Abissiniya atamasi sal avvalroq, 1945 yildan boshlab muomaladan chiqqan va ular bu davlatni Efiopiya deb atay boshlashgan. Bu atamaning tarixi qadimgi grek tiliga borib taqaladi.

Tanzaniya

Bir paytlar Germaniya mustamlakasi bo‘lgan Afrikadagi bu davlat ikkita alohida hududdan iborat edi. Uning asosan musulmonlar yashaydigan qismi Zanzibar, ikkinchi qismi Tanganika deb atalardi.

Har ikkala hudud 1960-yillar boshida ozod bo‘ladi va biri Tanganika respublikasi, ikkinchisi esa Zanzibar sultonligi nomini oladi. Ko‘p o‘tmay Zanzibarda sulton taxtdan ag‘dariladi va mamlakat Zanzibar respublikasiga aylanadi.

Tanzaniya bir paytlar Tanganika va Zanzibar deb atalgan ikkita respublikadan iborat bo‘lgan

1964 yil 26 aprel kuni Tanganika respublikasi va Zanzibar respublikasi rahbarlari har ikki davlatni birlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishishadi. Shu tariqa yagona davlat tashkil topadi.

1964 yil 29 oktyabr kuni Tanzaniya atamasidan Tan, Zanzibardan Zan olinadi va Tanzaniya nomi yasaladi. Hozirda mamlakat nomi Birlashgan Tanzaniya respublikasi deb ataladi.

Zambiya

Afrikadagi bu davlat ham o‘rta asrlarda yevropaliklar tomonidan mustamlaka qilingan. 1924 yilda Britaniya Afrika janubidagi ikkita koloniyasini birlashtiradi va unga Shimoliy Rodeziya deb nom beradi.

1964 yilda Shimoliy Rodeziya mustaqilligini e’lon qiladi. Ko‘p o‘tmay bu davlat nomi Zambiya deb o‘zgartiriladi. Zambiya nomi mamlakat hududidan oqib o‘tadigan, Afrika qit’asidagi to‘rtinchi yirik daryo Zambezi nomidan olingan.

Zambiya

Kot-d’Ivuar

Afrikadagi bu davlat nomi fransuzcha bo‘lib, u so‘zma so‘z tarjima qilinganda Fil suyagi qirg‘og‘i degan ma’noni anglatadi.

1986 yilgacha barcha davlatlar Fil suyagi qirg‘og‘i nomini o‘z tillarida yozib kelishgan. 1986 yilda mamlakat o‘zining rasmiy nomi faqat Kot-d’Ivuar bo‘lishi haqida qaror qabul qildi.

Shundan so‘ng dunyo davlatlari mamlakat nomining tarjimasini emas, Kot-d’Ivuar ko‘rinishidagi atamani ishlatib kelmoqda.

Kot-d’Ivuar

Iordaniya

Iordaniya XX asrning birinchi yarmida Britaniya mandati ostida yarim mustamlaka davlat bo‘lgan va u Transordaniya amirligi deb atalgan. O‘sha paytda qisman Iroq hududi va Falastin ham Transiordaniya tarkibiga kirgan.

1946 yilda Britaniya Yaqin Sharqdagi hududlarni tashlab chiqadi va natijada bir nechta mustaqil davlat paydo bo‘ladi. Ulardan biri Transiordaniya Hoshimiylar qirolligi edi.

Iordaniya bir paytlar Transiordaniya deb atalgan va u juda katta hududlarga ega bo‘lgan

1949 yilda Transiordaniya qirolligi Falastin yerlari uchun bo‘lib o‘tgan ikki yillik urushda Isroildan mag‘lubiyatga uchraydi. Shundan so‘ng o‘sha yili mamlakat qiroli Abdulloh I davlat nomini Iordaniya Hoshimiylar qirolligi deb o‘zgartiradi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid