Fermerlarga klasterlarni ixtiyoriy tanlash imkoniyati berilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida to‘qimachilik texnoparkini tashkil qilish va u yerga Yevropaning taniqli brendlarini olib kelish bo‘yicha topshiriq berdi.
«Qashqadaryo respublikada eng ko‘p don va paxta yetkazib beradi.
Lekin viloyatda ish o‘rnini ko‘p yaratadigan mato to‘qish 30 foizdan oshmaydi, matoni bo‘yash yo‘lga qo‘yilmagan. Vaholanki, buni hisobidan qo‘shimcha 60 ming yoshlar va ayollarni band qilib, 500 milliard so‘m tushumni ta’minlash mumkin.
Shu bois kelgusi yil davomida viloyatda 370 million dollarlik 33 ta yirik loyiha ishga tushiriladi. Bu orqali tayyor trikotaj mahsulot ishlab chiqarish 1,6 barobar, mato ishlab chiqarish 3,1 barobar oshib, 8 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Viloyatda To‘qimachilik texnoparkini tashkil qilish va u yerga Yevropaning taniqli brendlarini olib kelish topshirildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Prezident bu yilgi mavsumdan to‘g‘ri saboqlar chiqarib, qishloq xo‘jaligidagi yondashuvlarni ham o‘zgartirish vaqti kelganini ko‘rsatib o‘tdi hamda hozirda kelgusi yildan boshlab fermerlarga klasterlarni ixtiyoriy tanlash hamda hosilning shartnomadan ortiqcha qismini erkin sotish imkoniyatini berish masalasi muhokama qilinayotganini aytdi.
Kelgusi yilda Qashqadaryoda ekin maydonlarining agrokimyoviy tuproq tahlilini o‘tkazadigan 10 ta mobil laboratoriya tashkil qilinadigan bo‘ldi.
Yana bir masala – viloyatda 1,4 million gektar yaylov bor. Bu – 7 million bosh qoramol va quy-echki uchun tabiiy ozuqa bazasi.
Lekin, Mirishkor, Muborak va Nishonda 20 foiz yaylov degradatsiyaga uchragan, yana 25 foizida yashil qoplama yo‘q.
Shu bois, kelgusi yilda 100 ming gektar yaylovni yashil ekinlar bilan qoplash dasturini amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Bunda qurg‘oqchilik, issiq va cho‘llanishga qarshi urug‘chilik xo‘jaliklari tashkil qilinadi, meva-sabzavot va dorivor o‘simliklar ekiladi, ko‘p yillik daraxtzorlar barpo qilinadi, suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi hamda quyosh energiyasida ishlaydigan nasoslar o‘rnatilib, yomg‘irlatib sug‘orish pilot loyihasi ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, Chorva mollari genetik tadqiqoti laboratoriyasi tashkil qilinib, Ispaniyaning «Assaf» qo‘ylaridan yangi milliy zotlar ko‘paytiriladi.
Mutasaddilarga 1,4 million gektar yaylovning elektron xaritasini yaratish va 100 ming aholini band qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Prezident ekinlarni suv bilan ta’minlash masalasi yildan yilga tobora qiyinlashib borayotganiga e’tibor qaratdi. Bu muammo Qashqadaryo uchun ayniqsa dolzarb.
Lekin suv tejovchi texnologiyalar 515 ming gektardan atigi 16 foizida joriy qilingan.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish sur’ati Kitob, Chiroqchi, Kasbi va Nishonda orqada. Koson, Mirishkor, Kasbi va Nishonda yerni lazerli tekislashga e’tibor berilmayapti.
Shu bois, viloyatga 15 ta lazerli tekislash texnikasi olib kelinib, suv ta’minoti og‘ir Koson, Mirishkor, Kasbi va Nishonda dehqonlarga arzon va sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Sug‘orish tarmog‘ini bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkazib, 30 foiz suvni tejash mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga 50 kilometr kanallarni betonlash loyihasini boshlash, qo‘shimcha nasos va texnika olish, Paxtaobod kanalini modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
11:02 / 15.12.2024
Taxtiqoracha dovoni avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi
19:14 / 23.11.2024
Polshalik fermerlar Ukraina bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktini to‘sib qo‘ydi
23:36 / 20.11.2024
Britaniyalik fermerlar yangi meros solig‘i bekor qilinishini talab qilib, norozilik namoyishi o‘tkazdi
18:04 / 06.11.2024