O‘zbekiston | 12:05 / 28.10.2023
35349
3 daqiqa o‘qiladi

«Avto 60 oy» ishida 8 yilga qamalgan Jamshid Bahodirov ozodlikda ekani ma’lum bo‘ldi

Jamshid Bahodirov va uning jinoiy sheriklari sudning 2021 yil 29 mart kungi hukmi bilan 6 yildan 8 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra ayni paytda Jamshid Bahodirov ochiqda. Shikoyatlarga ko‘ra u fuqarolarga “arzon va qulay shartlarda avtomobil hamda kvartiralar olib berish xizmat”larini ko‘rsatmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2021 yil 29 mart kungi hukmi bilan Jamshid Bahodirov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a”, “b” bandlari, 188-1-moddasi (qasddan bankrotlikka olib kelish) 2-qismi “b”, “v” bandlari va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Tergov ma’lumotiga ko‘ra, “Avto oltmish oy” MChJ ta’sischisi va boshqa mansabdorlari fuqarolarga foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtotransport olib berishni va’da qilib, odamlardan transport vositasi turiga qarab 2 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha pul olgan, 16 mingdan ortiq mijozdan jami 57 milliard 412 million so‘m yig‘ilgan.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning undirilgan qismi 34 milliard 148 million so‘m bo‘lib, shundan naqd pul shaklidagisi 26 milliard so‘m, xatlangan mol-mulklar esa 8 milliard 148 million so‘mdan iborat. Qoplanmagan zarar 23 mlrd 264 mln so‘mni tashkil etgan. 

Kun.uz saytiga kelib tushgan ma’lumotga ko‘ra Jamshid Bahodirov ayni kunda ozodlikka chiqqan.

U fuqarolarga “arzon va qulay shartlarda avtomobil hamda kvartiralar olib berish xizmat”larini taklif qilib, yuzlab odamlar bilan shartnoma tuzishda ishtirok etgan. Bu ishda uning roli va vazifalari qanday bo‘lgani hozircha ma’lum emas (Kun.uz bu borada surishtiruvlar olib bormoqda). Tahririyat ixtiyoridagi materiallar yana yuzlab odamlar navbatdagi yirik firibgarlik qurboniga aylanganini ko‘rsatmoqda.

Yaqin vaqt ichida tafsilotlari haqida batafsil ma’lumotni Kun.uz’da o‘qishingiz mumkin. Unda Jamshid Bahodirov ochiqqa chiqarilishining huquqiy asoslariga ham aniqlik kiritiladi. 

Mavzuga oid