NASA odamlarni oyga olib chiqmoqchi, stressni aniqlaydigan paypoqlar va bilaguzukka aylanuvchi smartfon – hafta texnodayjesti
Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.
Bilaguzukka aylanuvchi smartfon
Lenovo Tech World’23 ko‘rgazmasida Motorola kompaniyasi pOLED FHD+ displeyiga ega konseptual smartfonni taqdim qildi. Uni chinakamiga buklash va o‘rash mumkin.
Bunday gadjet gorizontal holatda oddiy Android telefoni kabi ishlashi, bukilgan holda esa stend gadjetiga aylanishi mumkin. Uni bilakka o‘rab qo‘ysa ham bo‘ladi. Tekis holatda 6,9 dyuymli ekrandan to‘liq foydalanish mumkin, lekin buklanganda faqat 4,6 dyuymli qismini ishlatsa bo‘ladi. Smartfonning qachon sotuvga chiqishi va narxi haqida ma’lumot berilmagan.
NASA odamlarni oyga olib chiqmoqchi
NASA 2025 yilda odamlarni Oyga olib chiqishni va u yerda kosmik stansiya qurishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, bir nechta turar joylardan iborat aholi yashash punktini tashkil qilish ham ko‘zda tutilgan.
Ushbu loyiha 3D maketlarni bosib chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Texasning ICON qurilish kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshiriladi. Bugungi kunga qadar loyihaga 60 mln dollar sarmoya kiritildi va prototip sinovlari allaqachon boshlangan. Xususan, Oydagi sharoitga yaqin muhitni ta’minlovchi maxsus kamera yaratilgan.
Aqlli paypoqlar
Britaniyaning Milbotix startapi sun’iy intellektga ega aqlli paypoqlarni taqdim qildi. Smarsocks deb nomlangan paypoqlar oddiy matodan tikilgan. Ularni bemalol kir yuvish mashinasida yuvish mumkin, chunki batareyasi yo‘q.
Qurilma matosiga o‘rnatilgan datchiklar inson terisi bilan aloqa qilganda quvvat oladi. Aloqa nuqtasi foydalanuvchining to‘pig‘i hisoblanadi.
Smarsocks insonlardagi stress darajasini o‘lchash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, qariyalar uylari va tibbiyot muassasalaridagi bemorlar uchun foydali bo‘lishi aytilmoqda.
Loyiha mualliflarining ta’kidlashicha, sinovlar 2024 yil yakunlanadi, shundan so‘ng yangi texnologiya ommaviy sotuvga chiqariladi. Dastlabki narxlar hali e’lon qilinmagan.
Bukiluvchan parrakli transformer avtomobil
Xitoyning Xpeng AeroHT kompaniyasi kelajak avtomobilining ikkita prototipini namoyish qildi. Birinchisi «Model A» deb nomlangan, tashqi ko‘rinishi bo‘yicha ikki eshikli kupega o‘xshash. Buklanadigan parraklar bilan jihozlangan va shaffof eshiklarga ega. Orqa tomonda LED faralar va katta ventilyatsiya teshiklari mavjud.
Ko‘zgu o‘rniga kameralar ishlatiladi. Eshik tutqichlari ham yo‘q. Ushbu tashqi xususiyatlar parvoz va harakatlanish paytida havo qarshiligini kamaytirish uchun joriy qilingan.
Asosiy xususiyat — ustki qismida joylashgan rotorlar. Ular sakkizta va korpus ichiga yashirilishi mumkin, bu esa avtomobilni yo‘llarda haydashda yanada ixcham va xavfsizroq qiladi. Uchar mashinaning vazni taxminan 1000 kilogrammni tashkil qiladi. Ilgari uning narxi bir million yuan (qariyb 1,7 mlrd so‘m) ekani aytilgandi.
Ikkinchi prototip «Model B» nomini olgan. U birinchi versiyadan tubdan farq qiladi. U harakatlanuvchi modul (asosiy transport) va uchuvchi drondan iborat bo‘lib, tashqi ko‘rinishi miniven yoki ixcham yuk mashinasiga o‘xshaydi.
Futuristik avtomobilning asosiy qismi oltita g‘ildirakka ega. Salonda oltita o‘rindiq bor. Elektr dron qo‘l va avtomatik boshqaruvga ega, ammo faqat ikkita yo‘lovchiga mo‘ljallangan.
Gmail’dan ovozli xat yozish funksiyasi
Gmail foydalanuvchilar faqat o‘z ovozini ishlatgan holda xabarlar yaratish imkonini beruvchi «ovozli xat yozish» funksiyasini taqdim qilishni rejalashtirmoqda. Bunda sun’iy intellekt xatni to‘ldiradi.
Ovozli terish funksiyasini qo‘shish sayohat paytida yoki uchrashuvga ketayotganda xabar yuborishi kerak bo‘lganlar uchun foydali bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
TikTok videolar davomiyligini oshiradi
TikTok foydalanuvchilarga 15 daqiqalik videolarni yuklash imkoniyatini berishni sinovdan o‘tkaza boshladi. Kompaniya tanlab olingan hududlarda cheklangan foydalanuvchilar guruhi o‘rtasida sinov o‘tkazmoqda. Yangi variant ilovadagi video davomiyligini 10 daqiqadan 15 daqiqagacha oshiradi.
TikTok eng mashhur qisqa video platformasi sifatida shuhrat qozongandi, ammo vaqt o‘tishi bilan xizmat uzoqroq formatlarni o‘zlashtira boshladi. Dastlab kompaniya 15 soniyali videolarga ruxsat berdi, keyinchalik ularning uzunligi 60 soniyaga yetkazildi. Fevral oyida kompaniya videoning maksimal uzunligini 3 daqiqadan 10 daqiqagacha oshirdi.
E’lon qilingan o‘zgarish TikTok platformasini YouTube bilan raqobatini yanada oshiradi. Ushbu yangilik bilan TikTok odatda YouTube tarmog‘ida kontent joylashtiradigan video mualliflarini jalb qilmoqchi ekanini ko‘rsatadi.
Xiaomi 14 smartfonlari
Xitoyning Xiaomi kompaniyasi yangi mahsulotlar taqdimoti doirasida Xiaomi 14 va Xiaomi 14 Pro smartfonlarini namoyish qildi.
Qurilmalar Snapdragon 8 Gen 3 chipi bilan jihozlangan, S8 yorug‘lik taratuvchi materialga asoslangan displeyga ega. Uning maksimal yorqinligi 3000 nit va zichligi 422 dyuym/pikselgacha. LPTO texnologiyasi 1 dan 120 Gs gacha bo‘lgan o‘zgaruvchan yangilanish tezligini ta’minlaydi.
Xiaomi 14 smartfoni 5 Gbit/s gacha o‘tkazish qobiliyatiga ega USB 3.2 Gen1 porti bilan jihozlangan, Xiaomi 14 Pro esa USB 3.2 10 Gbit/s ulagichga ega. Asosiy versiyaning yuqori energiya zichligidagi akkumulyatori 4610 mA•soat bo‘lib, 90 Vt HyperCharge simli va 50 Vt simsiz zaryadlashni, Pro versiyasining 4880 mA•soat batareyasi esa 120 Vt HyperCharge simli zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi qurilmalar bozorga Xiaomi HyperOS operatsion tizimi bilan chiqadi.
Mavzuga oid
12:10 / 22.12.2024
“Qotil” chatbot, kasallikni oldindan aniqlaydigan aqlli uzuk va super kompyuter – texnodayjest
17:55 / 02.04.2024
Xiaomi'dan SU7 elektromobili, iOS 18 taqdimot sanasi, Soradan film – texnodayjest
13:05 / 03.03.2024
Uchar taksi, qo‘lga taqiladigan smartfon va kiber kuchukcha – hafta texnodayjesti
21:18 / 10.02.2024