O‘zbekiston | 18:17 / 28.10.2023
18216
6 daqiqa o‘qiladi

Talabga qarab taklif: ayrim chiroyli avtoraqamlar boshlang‘ich narxi 165 mln so‘mdan auksionga chiqarildi

Ushbu sotuv narxlari auksion jarayonlarida karrasiga oshadi, ehtimolki amaldagi rekord - 893 mln so‘m (75 ming dollar)ni ham yangilashi mumkin. Talabgorlar “oltin” avtoraqamlar egasiga aylanish uchun 6-7 talab Cobalt’ning pulini sarflashga tayyor. Yillar kesimidagi tahlillarga qaralsa, qimmat bo‘lishiga qaramasdan chiroyli avtoraqam ishqibozlari ortgan. 2019 yilda 156.1 mlrd so‘mlik «chiroyli» avtoraqamlar sotilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu summa 304 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Foto: Kun.uz

Avtoraqamlar onlayn auksionida 5 ta chiroyli raqam 165 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan sotuvga chiqarildi. Ularning to‘rttasi Surxondaryo viloyati, bittasi Buxoro viloyati hududida ro‘yxatga olinadi. 

Sotuvga chiqarilgan «oltin» raqamlarning 3tasi jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan.  

Avtoraqamlardan ikkitasi yuridik shaxslar uchun sotuvga qo‘yilgan.

Avtoraqamlarning 4 tasi 12 oktyabr kuni, 1 tasi 24 oktyabr kuni sotuvga chiqarilgan.

Auksion savdolarida odatda oxirgi soatlarda «bozor» qizg‘in kechishiga e’tibor qaratilsa, bu «oltin» raqamlar boshlang‘ich narxdan bir necha barobar qimmat narxlarda sotilishi turgan gap.   

Raqam uchun milliardlar

Birjada sotilgan avtoraqamlar summasi yildan yilga o‘sib bormoqda. 2019 yilda 156,1 mlrd so‘mni, 2020 yilda 262,6 mlrd so‘mni, 2021 yilda 298,8 mlrd so‘mni hamda 2022 yilda 304 mlrd so‘mni tashkil etgan. 

2019 yilda onlayn-auksionlar orqali 36 mingdan ortiq avtoraqam sotilgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib bu ko‘rsatkich 118 mingga yetgan. 

2019 yil. 36 mingdan ziyod «chiroyli» avtoraqamlar 156.1 mlrd so‘mga sotilgan. Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha narxi 4.3 mln so‘mni tashkil etgan. 2019 yilda sotilgan eng arzon «chiroyli» avtoraqam - 1 mln 23 ming 786 so‘mga, eng qimmati esa 91 mln 876 ming so‘mga baholangan.

2020 yil. 262,6 mlrd so‘mlik 106 mingdan ziyod avtoraqamlar onlayn-auksionlar orqali sotilgan. Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,4 mln so‘mni tashkil etgan. Sotilgan avtoraqamlarning 92,3 foizi jismoniy shaxslar, 7,7 foizi yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. Avtoraqamlarning eng past bahosi 450 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 206,7 mln so‘mni tashkil qilgan. 

Bitimlarning 30 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlar, 33,5 foizi – ikkinchi, 19,3 foizi – uchinchi, 5,9 foizi – to‘rtinchi, 5,4 foizi – beshinchi va 5,9 foizi – oltinchi toifa avtoraqamlarga to‘g‘ri kelgan.

2021 yil. Ushbu yilda 139,4 mingdan ziyod avtoraqam 298,8 mlrd so‘mga sotilgan. Sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 450,5 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 441,5 mln so‘mni tashkil qilgan.

2022 yil. 118 mingdan ziyod avtoraqam onlayn-auksion orqali 304,1 mlrd so‘mga sotilgan. Sotilgan avtoraqamlarning o‘rtacha qiymati 2,6 mln so‘mni tashkil etgan. Ularning 91 foizini jismoniy shaxslar, 9 foizini yuridik shaxslar xarid qilgan.2022 yilda sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 494,9 ming so‘mni, eng yuqori bahosi 348 mln so‘mni tashkil qilgan. Bitimlarning 5 foizi birinchi toifadagi, 8 foizi ikkinchi va uchinchi, 11 foizi to‘rtinchi, 22 foizi beshinchi va 46 foizi oltinchi toifa avtoraqamlarga to‘g‘ri kelgan.

Ilk savdo

Avtoraqamlarning ilk onlayn-auksioni 2017 yil 14 sentabr kuni o‘tkazilgan va o‘shanda soat 15:24 da Jizzax viloyatida yashovchi shaxs 7.563.637,5 so‘mga (o‘sha paytdagi kursda 934 dollar) 25 E 070 EA raqamini xarid qilgan.

Keyinchalik xaridorlar avtoraqamlarni ancha baland narxlarda sotib ola boshlashdi. 2021 yil 4 yanvargacha onlayn-auksionda sotilgan eng qimmat raqam — 30 777 AAA hisoblangan. Ushbu avtoraqamni 2017 yilning 1 noyabr kuni Samarqandda istiqomat qiluvchi tadbirkor 287 mln so‘mga (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 35.500 dollar) sotib olgan. O‘shanda mazkur avtoraqamning boshlang‘ich bahosi 14.977.500 so‘m (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 1 873 dollar) edi va auksion savdo jarayonlarida narx 20 barobarga o‘sgan.  

600 mln so‘mga «oltin» raqam

2021 yilda Samarqand viloyatiga tegishli 30 Z 777 ZZ raqamining qariyb 600 mln so‘mga sotilishi o‘sha paytda shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Sababi, bu xarid o‘sha paytda rekordni yangilagan edi.

Xaridorlardan biri mazkur avtoraqamni 596 mln 525 ming so‘mga sotib olgan. Mazkur avtoraqamning boshlang‘ich narxi 111 mln 500 ming so‘m bo‘lgan. Savdo jarayonida xaridorlar tomonidan uning narxi 100 martadan oshiqroq ko‘tarilgan.

Oradan ko‘p o‘tmay Samarqand viloyatiga tegishli 30 O 010 OO avtoraqami ham 250 mln 875 ming so‘mga sotildi. Mazkur avtoraqamga 66 mln 900 ming so‘m boshlang‘ich narx belgilangan edi. Xaridorlar uning narxini 4 barobar oshirib yuborishgan.

Rekord yangilanadimi? 

Oldinroq 297 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan savdoga chiqarilgan 01 777 RRR davlat raqami auksion savdolarida 893 mln so‘m yoki 75 ming dollarga sotilgandi.

Bu pulga O‘zbekistonda yangi Tesla Model Y, Lexus LS, Kia Carnival, Zeekr 001 va boshqa premium avtomobillari yoki Toshkentning markazidan 3 xonali kvartira xarid qilsa bo‘ladi.

Tahlillardan ko‘rinib turibdiki, qimmat bo‘lishiga qaramasdan chiroyli avtoraqam ishqibozlari yil sayin ortib bormoqda. Bu «o‘sish surati» ortidan yaqin vaqtlarda bitta avtoraqam uchun mlrd so‘mlik pog‘ona «zabt etilsa» ajab emas.

Ruslan Saburov
Kun.uz

Mavzuga oid