Jahon | 01:13 / 21.11.2024
6954
2 daqiqa o‘qiladi

Belgiyalik rassomning «Yorug‘lik imperiyasi» turkumiga kiruvchi kartinasi 121,2 mln dollarga sotildi

Belgiyalik syurrealist Rene Magritt kartinasini o‘zining anonim qolishini istab, savdolarda telefon orqali ishtirok etgan shaxs sotib oldi. Kartinani sotishdan tushgan mablag‘larning bir qismi xayriya maqsadlariga yo‘naltiriladi.

Foto: Forbes.ru

Nyu-Yorkdagi Christie’s auksionida belgiyalik syurrealist rassom Rene Magrittning «Yorug‘lik imperiyasi» turkumiga kiruvchi kartinasi 121,2 million dollarga sotildi, deb xabar beradi The Wall Street Journal.

Qayd etilishicha, bu Magritt kartinalarining auksiondagi nafaqat rekord narxi, balki joriy yilda kimoshdi savdolari orqali 100 million dollarda qimmatga sotilgan birinchi kartina hamdir. Christie’s auksioniga qadar kartina 95 million dollarga baholagan. Magritt ijodining yangi egasi o‘zining anonim qolishini istab, savdolarda telefon orqali ishtirok etgan.

Polotno 1954 yilda chizilgan bo‘lib, rassomning «Yorug‘lik imperiyasi» turkumidan o‘rin olgan. Magritt ushbu turkum doirasida 1940 yildan 1960 yilga qadar ochiq osmon ostidagi tungi peyzajning paradoksal tasvirini ifodalovchi 27 ta kartinani yaratgan. Sotuvga qo‘yilgan kartina 2023 yil dekabrda vafot etgan interer dizayneri va san’at asarlari kolleksioneri Miki Ertegyunga tegishli bo‘lgan. 

«Syurrealizm timsoli bo‘lgan Magrittning Ertegyunga tegishli bo‘lgan ishi, ehtimol, butun seriyadagi eng yaxshi, eng mohirlik bilan chizilgan va hayratlanarli darajada go‘zal asaridir», — deydi Christie’s kimoshdi uyining vitse-raisi Maks Karter.

Christie’s savdolarga qadar kartinani sotishdan mablag‘larning «katta qismi» xayriya maqsadlariga yo‘naltirilishini ma’lum qilgandi. Magrittning «Yorug‘lik imperiyasi» turkumiga kiruvchi bundan oldingi kartinasi 2022 yilda Londondagi Sotheby’s auksioni orqali 79,7 million dollarga sotilgan edi.

Mavzuga oid