Jahon | 21:40 / 27.09.2024
4214
2 daqiqa o‘qiladi

Van Gogning «Kungaboqarlar»iga sho‘rva sepgan faollar ozodlikdan mahrum etildi

Sudda o‘z manfaatlarini o‘zi himoya qilgan ayblanuvchining ta’kidlashicha, bu nafaqat faollarga, balki «demokratiya asoslariga» ham chiqarilgan hukmdir.

Foto: AFP

Sud Londondagi Milliy galereyada Vinsent Van Gogning «Kungaboqarlar» kartinasiga pomidor sho‘rva sepgan Just Stop Oil harakatining ikki faoliga qamoq jazosini tayinladi, deb xabar beradi BBC News.

Qayd etilishicha, 23 yoshli Fibi Plammer ikki yil muddatga, 22 yoshli Anne Xolland esa 20 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Iyul oyida sud hay’ati faollarni qonunga xilof ravishda zarar yetkazishda aybdor deb topgandi.

Plammer va Xolland 2022 yil oktyabrda, yer qa’ridan yonilg‘ilar qazib olinishiga qarshi bo‘lgan Just Stop Oil harakatining maykalarida «Kungaboqarlar» kartinasiga tomat sho‘rvasini sepib, o‘z kaftlarini kartina ostidagi devorga yopishtirgan edi. Polotno himoya oynasi ortida bo‘lgani uchun unga hech qanaqa zarar etmagan. Aksiya natijasida XVII asrga tegishli, qiymati 10 ming funt sterlingga teng Italiya romi shikastlangan.

Sudya Kristofer Xexir hukmni e’lon qilar ekan, aksiya doirasida «madaniy xazina»ga «jiddiy zarar yetishi yoki hatto yo‘q qilingan bo‘lishi» mumkinligini ma’lum qildi. «Kartinaga shikast yetdimi yoki yo‘q — sizlarga baribir. «Kungaboqarlar» bilan bunday ish qilishga haqqingiz yo‘q edi», — deydi u faollarga murojaatida.

Xolland himoyasining aytishicha, aksiyadan oldin faollar kartina himoyalanganiga ishonch hosil qilgan. Sudda o‘z manfaatlarini o‘zi himoya qilgan Plammerning ta’kidlashicha, bu nafaqat faollarga, balki «demokratiya asoslariga» ham chiqarilgan hukmdir.

Mavzuga oid