O‘zbekiston | 20:56 / 30.10.2023
5610
3 daqiqa o‘qiladi

Jinoyat protsessining ayrim qatnashchilariga haq to‘lash tartibi belgilandi 

Hukumat qarori bilan jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, jabrlanuvchi voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan shaxs bo‘lsa, u bilan birgalikda yoki uning o‘rniga ishda ishtirok etishga jalb etilgan qonuniy vakiliga haq to‘lab beriladi. 

Mas’ul organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ishda ishtirok etishga jalb etilgan quyidagi shaxslarga haq to‘lab beriladi:

- jabrlanuvchilar va ishga ko‘maklashuvchi shaxslarga:

- ularning doimiy yashash joylaridan tashqaridagi hududlarda o‘tkaziladigan protsessual harakatlarni amalga oshirish joyiga kelib-ketish xarajatlari;

- turarjoy bilan bog‘liq xarajatlari (mehmonxona yoki turarjoy ijarasi);

- kundalik xarajatlari;

- ekspert, tarjimon, mutaxassisga ishda ishtirok etishda o‘z vazifalarini bajarganligi uchun, ushbu vazifalar xizmat topshirig‘i tartibida bajarilgan hollar bundan mustasno;

- doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilar va ularning qonuniy vakili, guvohlar va xolislarga ishda ishtirok etishga ularni odatdagi mashg‘ulotidan qoldirilganlik (chalg‘itganlik) uchun.

Mas’ul organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ishda ishtirok etishga jalb qilingan ishga ko‘maklashuvchi shaxslar hamda jabrlanuvchilarning turarjoy bilan bog‘liq xarajatlarini bir kunlik qoplash (mehmonxona yoki turarjoy ijarasi) miqdori BHM 1,5 baravaridan oshmasligi lozim. 

Turarjoyda yashaganligi bo‘yicha xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan hollarda, har bir sutka uchun belgilangan BHM 20 foizi miqdorida qoplanadi. 

Turarjoy ijarasidan foydalanilganda, davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilgan ijara shartnomasi taqdim etiladi. 

Ekspert va mutaxassisga mas’ul organlar (mansabdor shaxslar) topshirig‘iga ko‘ra bajargan ishi uchun soatiga BHM 0,1 koeffitsiyenti miqdorida haq to‘lanadi. 

Bir tarjimon tomonidan ko‘rsatilgan har bir xizmati uchun alohida to‘lov amalga oshiriladi. 

Mazkur qoidalar protsessual majburiyatlarni xizmat topshirig‘i sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilingan ekspert, mutaxassis va tarjimonga o‘z vazifalarini bajarganlik uchun haq to‘lashga hamda xizmat safari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplab berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Mavzuga oid