AQShda Tojikiston va Rossiya fuqarolari RF armiyasi uchun texnika kontrabandasida ayblanib sudlanmoqda
Rossiyaning uch fuqarosi AQShda Ukrainadagi urushda qo‘llangan Rossiya qurollaridan topilgan elektronikani sanksiyalarni chetlab o‘tib, yetkazib berishda ayblanmoqda.
Nyu-York prokuraturasi Kanadaning Bruklin va Monreal shaharlarida yashovchi Tojikiston va Rossiya fuqarolarini AQSh sanksiyalarini buzish va Rossiyaga elektron komponentlar, jumladan, harbiy qismlarni kontrabanda qilish maqsadida til biriktirishda aybladi. Bu haqda 31 oktyabr, seshanba kuni shtat prokuraturasi ma’lum qildi.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Bruklinda Rossiya va Tojikiston fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxs qo‘lga olingan, uning uyidan minglab yarimo‘tkazgich va boshqa elektronika topilgan.
Rossiya va Kanada fuqarolari bo‘lgan ikki shaxs Tojikiston fuqarosining oldiga safari chog‘ida Manhettendagi mehmonxonada qo‘lga olindi. Ulardan 20 ming dollarga yaqin naqd pul olib qo‘yilgan. Rasmiylar, shuningdek, ushlanganlarga aloqador mahalliy bank hisoblaridan bir million dollardan ortiq mablag‘ni musodara qildi.
Rossiyaga harbiy elektronika yetkazib berish bo‘yicha ayblov
Tergov fikricha, 2022 yil yanvar oyidan beri uch nafar shaxs Bruklindagi SH Brothers va SN Electronics firmalari orqali Amerika kompaniyalaridan sotib olingan turli elektron komponentlarni Rossiyaga yetkazib berishni tashkillashtirgan. Umuman olganda, taxminan 10 million dollarga baholangan 300 dan ortiq yetkazib berish holati qayd etilgan. Shu bilan birga, AQSh rasmiylari ta’kidlaganidek, elektron qurilmalarning bir qismi keyinchalik Ukrainadagi vertolyotlar, raketalar, tanklar va boshqa rus qurollaridan topilgan.
Prokuraturaning fikricha, ayblanuvchilar elektronika harbiy maqsadda ishlatilishi haqida oldindan bilgan. Ish materiallarida sudlanuvchilardan birining ikkinchisini «Vatan himoyachilari kuni» bilan tabriklashi tilga olinadi, unga shunday javob berilgan: «Biz uni imkon qadar himoya qilyapmiz».
Prokurorlar suddan ayblanuvchilarni qamoqqa olishni so‘radi, chunki ular jiddiy xalqaro aloqalarga ega va qochish ehtimoli bor.