Iqtisodiyot | 18:05 / 03.11.2023
19679
3 daqiqa o‘qiladi

2024 yilgi davlat budjeti bo‘yicha ehtimoliy risklar ma’lum qilindi

Hisob-kitoblarga ko‘ra, so‘m kursining 100 so‘mga qadrsizlanishi budjet xarajatlarini 400 mlrd so‘mga oshiradi. Oltin narxi unsiyasiga 100 dollarga pasaysa, budjet 4,5 trln so‘mni yo‘qotadi. Gaz-svet narxlari oshirilmay qolsa, budjetga 1,5 trln so‘mlik qo‘shimcha yuklama tushadi.

Foto: Shutterstock

Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan “Budjetnoma”da 2024 yil davlat budjeti prognozlarida kuzatilishi mumkin bo‘lgan risklar sanab o‘tilgan.

Geosiyosiy ziddiyatlar kuchayayotgani sharoitida tovar bozoridagi narxlar o‘sishi va taqchilligiga olib kelib, buning natijasida mamlakatda inflatsiya bosimi kuchayishi mumkinligi asosiy risk o‘laroq ko‘rilmoqda.

Global miqyosda oziq-ovqat narxlarining keskin o‘sishi aholining zaif qatlamlariga salbiy ta’sir qilib, ularni oziq-ovqat narxlarining yuqoriligidan himoya qilish zaruriyatini keltirib chiqarishi mumkin, bu o‘z navbatida, budjetning ijtimoiy xarajatlari oshishiga olib keladi.

“Bundan tashqari, inflyatsion bosim ostida ish haqi va pensiya to‘lovlarining qo‘shimcha indeksatsiyasi amalga oshirilishi, milliy valutaning asosiy jahon valutalariga nisbatan qadrsizlanishi, mehnat migrantlarining ommaviy mamlakatga qaytishi va O‘zbekistonda doimiy daromad manbaiga ega bo‘lolmasligi oqibatida davlat budjetidan nafaqa oluvchi oilalar sonining ortishi kabi omillar ta’sirida budjet xarajatlarining oshishi kutiladi”, – deyiladi hujjatda.

Shuningdek, xalqaro tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan qarz (kredit) mablag‘lari bo‘yicha foiz stavkasining o‘sishi tashqi qarz mablag‘larini jalb qilish jozibadorligini pasaytirishi mumkin.

Ushbu global trend va tashqi omillar natijasida davlat budjeti prognozlarida kuzatilishi mumkin bo‘lgan risklar quyidagicha tasvirlanmoqda:

  • ish haqi miqdorining qo‘shimcha ravishda 1 foizga oshirilishi yiliga 1,3 trln so‘m atrofida;
  • pensiya miqdorining 1 foizga oshirilishi esa 600 mlrd so‘m miqdorida qo‘shimcha xarajatlar talab etadi;
  • so‘m almashinuv kursining 100 so‘mga qadrsizlanishi yillik davlat budjeti xarajatlarining 400 mlrd so‘mga oshishiga olib keladi;
  • oltin narxining prognozda ko‘zda tutilgan 1 unsiya uchun 1 800 dollar narxidan 100 dollarga pasayishi 4,5 trln so‘m budjet daromadlari kamayishiga;
  • mis narxining prognozda ko‘zda tutilgan 1 tonnasi uchun 7 800 dollar narxidan 500 dollarga pasayishi 940 mlrd so‘m budjet daromadlari kamayishiga;
  • energiya resurslari tariflarining oshirilmay qolishi 1,5 trln so‘m budjet daromadlari kamayishiga olib kelishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 2024 yil budjet qonuni loyihasiga ko‘ra, davlat budjeti daromadlari 270,3 trln so‘mni, xarajatlar esa 279,6 trln so‘mni tashkil qilishi kutilmoqda. Davlat budjeti loyihasi 4 foizlik defitsit bilan ishlab chiqilgan.

Shuningdek, kelgusi yilda ish haqi, pensiya va stipendiyalar miqdorini oshirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida yuridik shaxslar uchun energoresurslar tariflari oshirilib, aholi uchun tariflar o‘zgarishsiz qoldi. Maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyasi va gaz tariflariga 2024 yil may oyida o‘zgarish kiritilishi mumkin.

Mavzuga oid