O‘zbekiston | 10:58 / 04.11.2023
15783
2 daqiqa o‘qiladi

“Yoshlarga xos qiziqish tufayli yasashga uringan” - supurgi yasayotgan talabalar voqeasiga vazirlik munosabat bildirdi

Buxoroda supurgi yasayotgan talabalar holatiga Oliy ta’lim vazirligi munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, supurgi institutning bo‘sh qarovsiz yeriga ekilgan bo‘lib, uni o‘rib olish jarayonida talabalar o‘zlari qiziqib qatnashgan.

Foto: Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi

Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti talabalarining supurgi yasash jarayonida qatnashgani aks etgan video tarqalgach, bunga Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy izoh berdi. Vazirlik vakillari institutga borib, holatni o‘rgangan va voqea talabani majburiy mehnatga jalb qilish deb talqin etilishi xato ekanini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti ilmiy jamoasi tomonidan yerning sho‘rlanishiga qarshi mahalliy galofit (cho‘lda o‘sadigan) o‘simliklardan foydalanish bo‘yicha tajribalar o‘tkazilgan. Supurgi ham shunday o‘simlik bo‘lib, u institutning bo‘sh, qarovsiz yer maydoniga ekilgan. Ayni vaqtda uni o‘rib olish ishlari boshlangan.

Yer maydoni talabalar turar joyining yaqinida bo‘lgani bois, ushbu jarayonga qiziqqan bir necha talabalar xodimlarning ishini bevosita kelib kuzatganlar va ayrimlari yoshlarga xos qiziqish tufayli o‘zlari ham supurgi yasab ko‘rishga uringan”, – deyilgan rasmiy munosabatda.

Shuningdek, vazirlik talabalarning har qanday majburiy mehnatga jalb etilishiga qat’iyan qarshi ekanini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Buxoroda talabalarning supurgi yasayotgani videosi bo‘yicha Kun.uz institut rasmiylaridan izoh so‘ragandi. Institut rektori talabalar tomoshaga tushganini aytgan bo‘lsa, OTM matbuot xizmati vakili buni o‘quv dasturining bir qismi deb, holat bo‘yicha 2 xil izoh berilgandi.

Mavzuga oid