Jahon | 09:34 / 06.11.2023
9876
4 daqiqa o‘qiladi

Entoni Blinken Ramallohda Mahmud Abbos bilan uchrashdi

AQSh Davlat kotibi Ramallohda FMM rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashdi. U Vashingtonning falastinliklarga gumanitar yordam ko‘rsatishga sodiqligini bildirdi.

Foto: PPO/AFP

AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken G‘arbiy sohildagi Ramallohda G‘azo sektoridagi Falastin aholisini himoya qilishga chaqirdi. 5 noyabr, yakshanba kuni Falastin milliy ma’muriyati (FMM) rahbari Mahmud Abbos bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda u HAMAS guruhi nazorati ostidagi hududdan falastinliklarning chiqarib yuborilishiga qarshi chiqdi.

Blinken Abbosga Vashington nuqtayi nazaridan FMM G‘azo sektori kelajagida markaziy rol o‘ynashi kerakligini aytdi, deb yozadi Reuters Davlat departamentining yuqori martabali mulozimiga tayanib. Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Blinken Abbos mintaqa kelajagini shakllantirish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishni o‘z zimmasiga olmoqchi degan fikrda bo‘lgan.

Tomonlar, shuningdek, G‘arbiy sohilda «falastinliklarga qarshi zo‘ravonliklarni to‘xtatish zarurligi haqida» gaplashdi, dedi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller. O‘z navbatida, Abbos G‘azo sektoridagi «genotsid» haqida aytdi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu Isroil tomonidan amalga oshirilmoqda. U Isroil hukumatini G‘azoda Falastin xalqiga qarshi jinoyatlarda, xalqaro huquq tamoyillarini buzganlikda aybladi. Blinken AQShning G‘azo sektori aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish majburiyati haqida ma’lum qildi.

Blinken Turkiyaga uchib keldi

Blinken avvalroq Isroilga kutilmagan tashrifni amalga oshirdi, keyin esa Ramallohga safar qildi, bu 7 oktyabrdan keyin Falastin hududlariga birinchi tashrif. OAV xabariga ko‘ra, uchrashuvdagi masalalardan biri urush tugaganidan keyin G‘azo sektorining kelajagi bo‘lgan. Avvalroq Blinken G‘azo sektori FMM nazoratiga o‘tishi kerakligini aytgan edi.

5 noyabr kuni kechqurun davlat kotibi Turkiyaga uchib keldi va u yerda «Yaqin Sharqda barqaror tinchlikka erishish» bo‘yicha ehtimoliy yechimlarni, jumladan «Falastin davlatini yaratish»ni, Amerika tashqi siyosatini muhokama qilish niyatida. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 10 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid