Iqtisodiyot | 19:21 / 07.11.2023
24427
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston davlat qarzi 31,5 mlrd dollarga yetdi

Joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston davlat qarzi 2,3 mlrd dollarga ko‘paydi. Mamlakatlar kesimida eng ko‘p tashqi qarzi Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan olingan.

Foto: Paul Yeung/Blomberg

2023 ĭil 1 iyul holatiga O‘zbekiston davlat qarzi 31,5 mlrd dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,8 foizni tashkil etdi. Shundan davlat tashqi qarzi – 25,9 mlrd dollar, davlat ichki qarzi – 5,6 mlrd dollar.

Taqqoslash uchun, ushbu ko‘rsatkich 2023 yilning 1 yanvar holatiga 29,2 mlrd dollar bo‘lgan. Davlat qarzining YaIMga nisbati esa 36,4 foizni tashkil etgan.

Mamlakatlar kesimida eng ko‘p tashqi qarzi Xitoy (3,8 mlrd dollar), Yaponiya (2,1 mlrd dollar) va Janubiy Koreyadan (0,9 mlrd dollar) olingan. Xalqaro moliya tashkilotlari kesimida esa eng ko‘p qarz Osiyo taraqqiyot banki (6,2 mlrd dollar), Jahon banki (5,6 mlrd dollar) va Islom taraqqiyot bankidan (0,9 mlrd dollar) jalb qilingan.

2023 yilda O‘zbekiston nomidan va kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan bitimlarning umumiy qiymati 4,5 mlrd dollarni tashkil qilishi, shundan davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, budjet taqchilligi uchun 2 mlrd (bu o‘tgan yilga nisbatan 500 mlrd dollarga kam), investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun esa 2,5 mlrd dollar (bu o‘tgan yilga nisbatan 500 mln dollar ko‘p) jalb qilinishi belgilangan.

 “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi ko‘zda tutilgan.

Dastlabki tahlillarga ko‘ra, o‘rta muddatda makroiqtisodiy hamda fiskal ko‘rsatkichlarning barqarorligi ta’minlangan sharoitda, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati 2024 yilda 37 foizni, 2025 yilda 37,4 foizni, 2026 yilda 37,9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Davlat qarzini xavfsiz darajada saqlash va samarali boshqarish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda quyidagi choralar ko‘rilishi ko‘zda tutilgan:

  • davlat qarzi bo‘yicha yillik limitlarni belgilash amaliyotini davom ettirish;
  • milliy valutada qarz mablag‘larini jalb qilish orqali valuta xatarlarini kamaytirish. Bunda, davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini chiqarishning cheklangan sof hajmini 2024 yilda 25 trln so‘m etib belgilash;
  • davlat qarzini to‘lashning o‘rtacha muddatini uzaytirish, shuningdek, davlat qarzini manbalar bo‘yicha diversifikatsiya qilish;
  • davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bozoriga xalqaro investorlarni keng jalb qilish jarayonini jadallashtirish; 
  • davlat qarzi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xatarlarning oldini olish, ularni bartaraf etish yoki kamaytirish;
  • davlat qarziga oid ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash.

Ma’lumot uchun, 2024 yilda olinadigan davlat tashqi qarzining cheklangan miqdori – 5 mlrd dollar. Shundan 2,5 milliardi davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 2,5 milliardi investitsiya loyihalariga yo‘naltiriladi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan 25 trln so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi ko‘zda tutilmoqda.

Mavzuga oid