O‘zbekiston | 17:26 / 08.11.2023
24564
15 daqiqa o‘qiladi

Bolaga stress va tabaqalanish xavfi. Nega repetitorga borish shart bo‘lib qoldi?

Bugun O‘zbekiston bolalari o‘z kelajagini yaxshi qurish uchun repetitorga borishga majbur. Busiz ular prezident maktabiga ham, sifatli oliygohga ham kira olmaydi. Xo‘sh, nega shunday bo‘lib qoldi? Kelgusida bizni qanday oqibatlar kutayotgan bo‘lishi mumkin?

O‘zbekiston bo‘ylab ayniqsa shaharlarda o‘quvchilarning maktabdan tashqari pullik ta’lim xizmatlari, ya’ni repetitorlarga borishi juda ommalashgan. Juda ko‘p ota-onalar farzandlarini matematika, kimyo, biologiya kabi fanlar yoki til darslariga berishadi. Ayniqsa, maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtiga repetitorsiz kira olishi mifga aylangandek.

Xo‘sh, aslida bunday ta’lim xizmatlariga nima uchun ehtiyoj paydo bo‘ladi? Uning mamlakat va jamiyatga manfaatli yoki zarar tomonlari nimada? Kun.uz mavzuni tahlil qilish uchun ta’lim sohasi vakillari – pedagog Shokir Tursunov, tadbirkor va bir qancha o‘quv markazlari asoschisi Umidjon Ishmuhammedov, ham o‘qituvchi, ham tadqiqotchi Iskandar Sattiboyev bilan suhbatlashdi.

– O‘zbekistonda so‘nggi yillarda repetitorlarga ehtiyojning ortganini maktab ta’lim sifati bilan korrelyatsiyasi bormi?

Iskandar Sattiboyev: Ta’lim jarayoniga nima sabab bunday ajiotaj bilan munosabatda bo‘linyapti, ya’ni nima uchun ota-onalar kerak bo‘lsa yuzlab, minglab dollarni repetitorlarga sarflashga tayyor? Chunki mamlakatimizda oliy ta’lim ijtimoiy tramplin hisoblanadi. Oliy ta’limga va uning diplomiga ega inson shu bilan ishga joylashishi, nisbatan barqaror maoshga ega bo‘lishi va natijada kelajakda “o‘zini eplaydigan odam” bo‘lishi mumkin. O‘quvchi yoki farzandini oliy ta’limga joylashtishtirishni maqsad qilgan ota-onaning perspektivasi shu.

Iskandar Sattiboyev

Bu jarayonda davlat ta’lim muassasalari qanday yordam bera olyapti? Afsuski, repetitor tayyorgarligisiz OTMga kirish aytib o‘tganingizdek mifga aylanyapti yoki aylanib bo‘lgan. Nimaga? Chunki bugungi kunda, tan olishimiz kerak, OTMga kirish uchun raqobat o‘ta kuchli. Imtiyozlar tufayli hamma fandan 100 foiz to‘g‘ri yechgan talabalar ham hatto budjetga kira olishmagan holatlar bo‘ldi. Ozmi-ko‘pmi nufuzga ega OTMga kirishni istagan yosh hamma kerakli fanlar bo‘yicha qattiq tayyorgarlik ko‘rishi kerak.

Bugungi kunda bir haqiqatga ko‘z yuma olmaymiz, ko‘p davlat ta’lim muassasalari bu talabga javob bera olmayapti. Natijada shartli ravishda paydo bo‘lgan bo‘shliqni xususiy sektor to‘ldiryapti. Muammoni hal qilish uchun xususiy sektor o‘z o‘quv kurslarini taqdim qilyapti.

1996 yildan boshlab test asosida o‘qishga kirish jory etilgan bo‘lsa, shuncha vaqtdan beri [pullik o‘quv markazlari xizmatlari] o‘zini oqlab kelyapti. Elda nomi chiqqan, ko‘pchilik tan oladigan repetitor ustozlarning kamida 50-60 foiz o‘quvchilari har yili oliygohlarga, kerak bo‘lsa, budjet asosida qabul qilinyapti. Bu esa tildan tilga o‘tib, ota-onalarning aynan shu ustozlarga qayta-qayta murojaat qilishiga sabab bo‘lyapti.

Demak, bu yerda davlat [umumta’lim] muassasalari o‘z funksiyasini to‘liq bajara olmayotgani tufayli yuzaga kelgan bir hodisa deb hisoblayman.

Umidjon Ishmuhammedov: Mustaqillikdan keyingi davrni hisobga olsak, biz bozor iqtisodiyotini tanladik. Bozor iqtisodiyoti nima deydi: o‘zingni xarajating va foydangni o‘zing boshqarasan. Bozor iqtisodiyotiga o‘tilgandan keyin narx-navolar oshadi va o‘qituvchilarning oyligi ko‘tarilmaganidan keyin o‘qituvchi o‘zining bilimini boshqa joyda sotishga majbur bo‘ladi. Xususiy ta’lim muassasalari yoki o‘quv markazlarining negizi mana shu strategiyadan chiqqan. Ya’ni maktabdagi ta’limini berib, o‘zining ehtiyojini berilayotgan maosh bilan qondira olmadimi, u albatta tashqariga chiqib o‘qitishni boshlaydi. Chunki u xarajatlarini qoplashi kerak.

Umidjon Ishmuhammedov

Butun dunyoda bir standart bor, buni magnit deyishadi. Kadr bilan pul yonma-yon yuradi. Ya’ni kadr qayerda bo‘lsa, pul o‘sha yerda yoki pul qayerda bo‘lsa, kadr o‘sha yerda bo‘ladi. Ularning orasida magnit paydo bo‘ladi, xohlaysizmi yoki yo‘q, bu magnit butun dunyoda ishlaydi. O‘zining bilimini boshqa joyda oldingidan ham kattaroq qiymat va qadrga egaligini bilsa, u mutaxassis o‘sha yerga boradi. Nega, chunki o‘zining yashash sharoiti va holatidan kelib chiqib inson doim ko‘proq ehtiyojini qondirish va pul topishga harakat qiladi. Mustaqillikka erishib, bozor iqtisodiyotiga o‘tganimizdan keyin o‘quv markazlarining kelib chiqishining asosiy sababi shu bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, xususiy sektorda ta’lim yo‘nalishlari paydo bo‘ldi.

Endi buning paydo bo‘lganidan nima foyda deyilganda, albatta, yuqorida aytilganidek, bu ikki tomon o‘rtasida raqobat bo‘lishi lozim. Nima uchun o‘quv markazlari berayotgan qiymatning darajasi davlat berayotgan qiymat darajasidan o‘tib ketdi? Chunki hozir universitetga kiraman desa yoki boshqa joyga topshiraman desa xususiy sektorda o‘qigan bolaning bilim darajasi ancha yuqori bo‘ladi.

Shokir Tursunov: Men repetitorlar, xususiy ta’lim, o‘quv kurslari sonining ko‘payishini 2 ta sabab bilan ajratgan bo‘lar edim. Birinchisi – davlat o‘zining vazifasini to‘g‘ri bajarmayotgani. Ya’ni davlat hamma uchun teng, adolatli ta’limni ta’minlab bera olmayotgani. Eng chekka hudud va shahar markazlaridagi maktab o‘qituvchilarining darajasi turlicha ekani. Aytishimiz mumkin, davlat buni hech qachon teng qila olmaydi deb, ammo buni amalga oshirish mumkin. Masalan, Finlandiyaga o‘xshagan mamlakatlar buni eplagan. Maktabda ishlamoqchimisan, o‘z sohang bo‘yicha bakalavriatni bitirasan, biologiya bo‘yicha shu sohani o‘qib, ta’limini bitirasan. Keyin biologiya bo‘yicha dars bermoqchi bo‘lsang, marhamat qilib bu bo‘yicha magistraturani ham bitirasan, undan keyin pedagogik kurs olasan, undan keyin biz seni imtihon qilib, ishga olamiz. Ya’ni bu imtihon barcha o‘qituvchilarning darajasini o‘z-o‘zidan bir xil qilib qo‘yadi. Bu amaliyotni Texas shtati misolida ham ko‘rganman. Texas ta’limida ham maktab o‘qituvchilari har 3-5 yilda litsenziya olishga, uni yangilashga majbur. Bu bo‘yicha alohida imtihon ham topshirishadi. Agar litsenziyasi bo‘lmasa, maktabda 1 kun ham turishga haqqi yo‘q.

Shokir Tursunov

Shuningdek, ta’lim standartlari to‘g‘ri qo‘yilmagani uchun ham deyman. Oliy ta’limga kirish uchun repetitorga borayotganlar nima uchun o‘quv markazlariga murojaat qiladi. Chunki ular 11 yillik ta’limi davomida hech qachon test imtihoniga tayyorlanishmaydi, bola hech qachon o‘qishga tushadigan standartdagi savollarni ko‘rmaydi. Davlat buni nazarda tutmagan, ammo bunga ham tayyorlash mumkin. Davlatning qo‘lida fanlar kesimida nazorat ishlari mavjud, bitiruv imtihonlarida ham o‘tkazsa bo‘ladi. Repetitorlar har oy shunday testlar ishlatgani sabab bola ularni yaxshiroq deb qabul qiladi. Bu birinchidan. Ya’ni xulosa, davlat o‘z vazifasini to‘g‘ri bajara olmayapti, adolatli ta’limni ta’minlab bera olmayapti.

Ikkinchi tomondan xalqimizda so‘nggi paytlarda paydo bo‘lgan iste’mol qobiliyatini ko‘rsatish imkoniyati. Masalan, to‘ylar haqida gapirganimizda ham aytishimiz mumkin, dabdabali to‘y bilan u iste’mol qobiliyatini ko‘rsatib qo‘ymoqchi, bu borada unda boshqa yo‘l yo‘q. Bolasini repetitorga olib boradigan, kursma-kurs yetaklab yuradiganlarning bitta sababi shu bo‘lishi mumkin, ya’ni o‘zining iste’mol qobiliyatini boshqalarga ko‘rsatib qo‘yish orqali darajasi va saviyasining yuqorida ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi.

Va bizda oxirgi vaqtda shunday tendensiya paydo bo‘ldiki, ko‘p o‘qitsam, yaxshi bo‘ladi degan fikr shakllanib qoldi. Ya’ni biz bolani muvaffaqiyatli qilishga harakat qilib qoldik, so‘nggi paytlarda “muavaffaqiyatli” so‘zi mashhur bo‘lib ketdi. Menimcha, biz muvaffaqiyatli avlodni tarbiyalashimiz kerak emas, ota-onalar baxtli avlod tarbiyalashga harakat qilishimiz kerakligini tushunishi lozim. Bu ikki narsaning boshqa-boshqa narsa ekanini tushunmay qoldik. Tadqiqotlarda qo‘shimcha akademik yordam beradigan kurslar (teatr, sport, raqs kurslari bundan mustasno) bolaga ortiqcha depressiya berishi isbotlangan. Biz shunday avlodni shakllantirayotganimizni ham his qilishimiz kerak.

Demak, birinchi sababi davlat o‘z vazifasini adolatli ta’minlamayapti, ikkinchisi esa xalqimizning o‘zi ham bolaning muvaffaqiyatli bo‘lishining asosiy sababi ko‘proq o‘qishi kerak degan fikr shakllanib qolganida.

Iskandar Sattiboyev: To‘g‘ri, bugungi kunda odamlarimizning yelkasiga muvaffaqiyatlilik yuki yuklab qo‘yilyapti. Lekin Eynshteynning bir gapi bor: “Baliqni daraxtga chiqish bo‘yicha baholasangiz, u 2 oladi”. Shunga o‘xshab, hamma bola ham matematikadan daho bo‘lish uchun tug‘ilmagan. Kimningdir ovozi chiroyli, kimdir rasmni yaxshi chizadi. Ya’ni iqtisodiyotni rivojlantirish uchun diversifikatsiya bo‘lishi kerak, turli tarmoqlar yaratilishi kerak deganimizdek, shaxs ham xuddi shunday.

Mening fikrimcha, maktablarda moddiy-texnik baza shunday shakllantirilishi kerakki, u yerda o‘qiyotgan o‘quvchi xoh amaliy, xoh nazariy yo‘nalishda o‘zini topishga sharoit bo‘lishi lozim. Va bu yerdagi fikr yana shunga borib taqaladiki, bizda oliy ta’lim ijtimoiy tramplin sifatida ko‘riladi. Bugun jamiyatda kim muavaffaqiyatli deb tan olinyapti, yaxshi pul topgan dasturchi, IELTSdan yuqori ball olgan yigit yoki qiz... Ota-onalar bolasining qobiliyati bilan hisoblashib ko‘rmasdan shu tarafga yo‘naltiryapti.

“Nuqsonlilik kompleksi” degan tushuncha bor, ya’ni ota-onalar bir vaqtlar o‘zlari qaysidir imkoniyatlarni qo‘ldan chiqargan bo‘lsa, shu narsa farzandida ham takrorlanishini istamay, bolaga ortiqcha yuk yuklaydi. Ming sharoit yaratilgani bilan odamlarda irsiyat degan narsa bor, bunga ular moyilmi? Ya’ni bolani qaysidir sohaga yo‘naltirish bilan ularni muvaffaqiyatli qilib bo‘ladimi? Hozircha bu borada savollarimiz ko‘p, ammo javoblarimiz kam.

– Janubiy Koreya tajribasiga nazar tashlasak, ularda ham ma’lum vaqt davomida pullik o‘quv kurslarga bo‘lgan talab ortib ketgan. Oqibatda esa butun boshli rivojlangan davlatda o‘rtahol oilalarning kambag‘al bo‘lib qolishi, buning ortidan esa depopulyatsiya, ya’ni aholi sonining kamayishi kuzatilgan.

Dunyoda endigina rivojlanayotgan davlatlar qatorida turgan va YaIM uncha ham yuqori bo‘lmagan O‘zbekistonda repetitorlarning ko‘payishi yoki kamayishi qanday ahamiyatga ega, bu nimalarga sabab bo‘lishi mumkin? Foydali va zarar bo‘lgan jihatlari haqida gapirsangiz.

Iskandar Sattiboyev: Endi bu yerda juda ko‘p omillarni inobatga olish kerak bo‘ladi. Faqatgina quruq iqtisodiyot nuqtayi nazaridan olib qarasak, xususiy biznes sektorlari ko‘payadi. Muvofiq ravishda sub’yektlarning davlat ro‘yxatidan o‘tib, soliqlarni to‘lashi YaIMning ko‘payishiga xizmat qiladi. Misol uchun, AQSh yoki Buyuk Britaniyada aynan o‘z bilimlarini xususiy sektorda sotish YaIMning sezilarli foizini tashkil qiladi.

Endi ijtimoiy tomondan olib qarasak, hozir davra suhbatida bo‘lib turgan fikr – bu yerda ota-onalarning shaxsiy ambitsiyasiga bog‘liq. Ya’ni misol uchun, o‘zbek ota-onasi mening farzandim mana bu o‘quv markazida o‘qiydi deyishi uchun ham farzandini o‘sha markazga jo‘natishi mumkin. Harakatlarning urfga aylanishi markazdagi oqimni ham ko‘paytiradi. Demak, bu yerda mening farzandim shu markazda o‘qiydi deyishi bilan ota-ona bolaning ma’lum doiraga mansubligini ko‘rsatishga shaxsiy ehtiyoji bor.

Endi o‘quv markazlar sonining ortishini ta’lim jarayoniga bevosita bog‘lasak, birinchi navbatda davlat ta’lim muassasalaridagi davomatning pasayishiga olib keladi, aslida olib kelib bo‘lgan. Ya’ni ta’lim markazidagi dars 10:30da boshlanadi, bola ertalab o‘qiydi, yo o‘qituvchidan ruxsat so‘raydi, yo so‘ramay ketadi. Oqibatda sinfdagi ta’limning o‘z o‘rnida bo‘lish imkoniyati yo‘qoladi. Lekin shunga yarasha ta’lim markazi va maktab go‘yoki o‘zaro kompromisga kelishyapti. Chunki ta’lim markazlariga bahoni xalq, ya’ni iste’molchi beradi. Maktab faoliyatini esa davlat statistika asosida bitiruvchilarning qanchasi OTMga kirganini aniqlash orqali baholaydi. Bu yerda xolis o‘ylaydigan bo‘lsak, davlat ta’lim muassasasi o‘z o‘quvchisining xususiy markazlarga borishidan manfaatdor. Chunki bola davlat maktabidan ololmayotgan bilimini o‘quv markazidan olib, oliygohga kirib, maktab reytingini oshirib beryapti.

·       Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.
Montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid