«Navbahor»dan tarixiy g‘alaba, OKMKning Tehrondagi «qo‘rqinchli tuni», Ronaldu rekord tomoshabinlar tashrifiga sabab bo‘ldi. OChL 4-turining 7 voqeasi
So‘nggi uch kun davomida Osiyo Chempionlar ligasi 4-turi doirasidagi bahslar o‘tkazilib, bir qator e’tiborli voqealar yuz berdi. Dushanba kuni «Ozodi» stadioni 6 soat ichida dastlab o‘zbek klubining tarixiy g‘alabasini tan olgan bo‘lsa, tunda Tehron qanchalik «qo‘rqinchli» ekani guvohiga aylandik – OKMK 0:9 hisobidagi antirekord qayd etdi. Krishtianu esa Osiyoda maydonga tushmay ham rekordga sabab bo‘lmoqda. Tribuna.uz tur yakunlariga ko‘ra, e’tiborga molik voqealarni saraladi.
OKMK OChLda antirekord qayd etdi
Osiyo Chempionlar ligasi 4-turi o‘zbek futboli uchun salbiy va ijobiy jihatdan tarixiy ahamiyat kasb etdi. 6 noyabr, dushanba oqshomi – OKMK futbol klubi tarixidagi qora kun sifatida qoladigan bo‘ldi. Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi Olmaliq klubi Erondagi o‘yin oldi sarsongarlikdan so‘ng, maydonda sharmandali natijaga sabab bo‘ldi. Isfaxon shahrida o‘tishi kerak bo‘lgan bahs, OFK qaroriga ko‘ra o‘yindan ikki kun oldin Tehronda bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingach, olmaliqliklar Eron poytaxtiga uzoq parvozlar orqali yetib kelishdi.
OKMK jamoasini «Ozodi»da ham dahshatli voqealar kutayotgandi. Eron chempionatida 8-o‘rinda borayotgan «Sipohon»ga qarshi Qosimov shogirdlari faqat bir bo‘lim qarshilik ko‘rsata olishdi va tanaffusga minimal hisobdagi mag‘lubiyat bilan chiqishdi. Ikkinchi bo‘limda esa forslar maydonda xohlaganini qilishdi. Ustiga-ustak Akromjon Komilovning chetlatilishidan keyin OKMK sha’ni batamom toptaldi. Eronliklar Botirali Ergashev darvozasiga naq 9ta gol kiritib, turnir tarixidagi eng yirik g‘alabasiga erishdi.
Shu bilan birga OKMKning 0:9 hisobidagi mag‘lubiyati OChL tarixida «G‘arb» mintaqasi uchun eng yirik hisobli mag‘lubiyat sifatida antirekordga aylandi.
«Navbahor» Eronda tarixiy g‘alabaga erishdi
Olmaliq klubi Osiyoda o‘zbek futboli tarixidagi sharmandali natijani qayd etishidan ikki soat avval esa «Navbahor» xuddi shu o‘yingoh – «Ozodi»da tarixiy g‘alabaga erishdi. «Nassaji Mozandaron» klubi mehmoni bo‘lgan Namangan klubi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi tarixida safardagi ilk g‘alabasini aynan Tehronda qo‘lga kiritdi.
Igor Golban va Oston O‘runovning dubli evaziga Samvel Babayan shogirdlari muhim va tarixiy natija (3:1) qayd etib, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini yaxshiladi. Namangan klubi o‘z guruhida 10 ochko to‘plab, «Al-Hilol» bilan qo‘shhokimlik qilmoqda.
«Paxtakor» 25 yil o‘tib Turkmanistondan ochko bilan qaytdi
O‘zbekistonning amaldagi chempioni OChLni ketma-ket mag‘lubiyat bilan boshlagach, 3-turda Toshkentda «Axal» ustidan g‘alabaga erishdi va Turkmanistondagi javob bahsida ham zafar quchsa, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini yaxshilagan bo‘lardi. «Paxtakor» so‘nggi marta 1998 yil Turkmanistonga safar qilib, Osiyo Kubok egalari kubogi doirasida Qurbon Berdiyev murabbiyligidagi mamlakat futboli bayroqdori «Nisa»ga 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi (Toshkentda «Paxtakor» 6:0 hisobida g‘alaba qozongan).
Oradan 25 yil o‘tib, Toshkent klubi Ashxobodga tashrif buyurdi. Sun’iy qoplamali maydonda o‘tgan bahsda Hojimat Erkinovning 90+5-daqiqadagi goli Maksim Shatskix jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi va «Paxtakor» chorak asrdan keyin Turkmanistondan ochko (1:1) bilan qaytdi. Shu tariqa, jamoa guruhida 4 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. «Sherlar» keyingi ikki o‘yinda g‘alabaga erishsagina keyingi bosqichga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
«Al-Ittihod»ning Iroqdagi mag‘lubiyati Eshpiritu Santuning iste’fosiga sabab bo‘ldi
«S» guruhida OKMKning yirik mag‘lubiyatidan tashqari, yana bir e’tiborli voqea Iroqda kuzatildi. Saudiya chempioni «Al-Ittihod» Arbilda «Al-Quva al-Javiya» mehmoni bo‘lib, kutilmagan mag‘lubiyatni tan oldi – 2:0.
Karim Benzema, Ngolo Kante singari yulduzlar to‘p surayotgan Jidda klubining bu mag‘lubiyatini rahbariyat ko‘tara olmadi va jamoa Arabistonga qaytishi bilan bosh murabbiyi Nunu Eshpiritu Santuga «chiqish eshiklari» ko‘rsatildi. «Al-Ittihod» 9 ochko bilan guruhda hamon peshqadam bo‘lsa, «Sipohon» va «Al-Quva» 7 ochko bilan 2-3-o‘rinni egallab turibdi. OKMK esa -15 to‘plar nisbati bilan hamon ochkosiz.
Ronaldu Qatarga bormasdan tomoshabinlar rekordiga sabab bo‘ldi
Qatarda o‘tgan «Ad-Duhayl» va «An-Nasr» o‘yiniga qiziqish Ronaldu sababli juda yuqori edi. Kristof Galte murabbiyligidagi jamoa «E» guruhida 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinda bo‘lsa-da, Krishtianu yetakchiligidagi Ar-Riyod klubining tashrifi sababli mezbon muxlislar o‘yindan bir necha kun oldin hattoki 55 dollar narxdagi chiptalarga navbatda turib sotib olishgandi.
Ammo o‘yindan bir kun oldingi matbuot anjumanida «An-Nasr» bosh murabbiyi Krishtianu Ronalduga dam bergani va u Qatarga kelmaganini ma’lum qildi. Shunga qaramay, «Khalifa» xalqaro stadionida 36 528 nafar tomoshabin keldi. Bu Osiyo Chempionlar ligasi 2023/24 yilgi mavsumida eng ko‘p tomoshabin tashrifi kuzatilgan o‘yin sifatida mavsum rekordiga aylandi. Portugaliyalik yulduz maydonga tushmay ham, rekordlarga sabab bo‘lmoqda.
Koutino OChLdagi debyut golini kiritdi
«Ad-Duhayl» - «An-Nasr» (2:3) bahsida Ronaldu maydonga tushmagan bo‘lsa-da, qatarliklar safidagi Filipe Koutino Osiyo Chempionlar ligasidagi debyut golini kiritdi. Braziliyalik yarimhimoyachi 8 va 80-daqiqada gol kiritib, stadionni larzaga keltirgan bo‘lsa, mehmonlardan Taliska het-triki evaziga Ronalduning o‘rnini bilintirmadi – 3:2. Shu tariqa, «An-Nasr» 12 ochko to‘plab, keyingi bosqichga yo‘llanma olish uchun juda yaqin turibdi.
«Al-Ayn» nimchorakfinalga chiqqach, bosh murabbiyi bilan xayrlashdi
Birlashgan Arab Amirliklarining «Al-Ayn» klubi Osiyo Chempionlar ligasi 4-turi doirasidagi «Al-Fayha» bilan o‘yindan (3:2) keyin murabbiylar shtabida o‘zgarish bo‘lgani haqida e’lon qildi. «Al-Ayn» jamoasi guruh bosqichida ketma-ket 4-g‘alabasiga erishib, OChLda nimchorakfinalga yo‘llanma olgan birinchi jamoaga aylangach, klub bosh murabbiyi Alfred Shryoder iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. Niderlandiyalik 51 yoshli mutaxassis o‘z xohishi bilan BAA jamoasini tark etishga qaror qilgan.
«Al-Ayn» OChL 5-turida «Paxtakor»ga qarshi maydonga tushadi. Ushbu o‘yinda jamoani yangi murabbiy Ernan Krespo tayyorlaydi.
Mavzuga oid
13:54 / 12.12.2024
Gazprombankka qarshi sanksiyalar O‘zbekiston mis sanoati rivojini xavf ostiga qo‘yadi - The Diplomat
17:30 / 11.12.2024
OKMKda investitsiya loyihalari ishga tushirilmoqda: kombinatning yangi bosqichi va kelajagi haqida ma’lumot berildi
21:47 / 20.11.2024
OKMKning qariyb 25 foizi 12,2 trillion so‘mga baholanib, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga o‘tkazildi
17:00 / 02.11.2024