To‘qayev Putin bilan uchrashuvda Markaziy Osiyoda kutilayotgan suv tanqisligi haqida gapirdi
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muammo qishloq xo‘jaligida hosildorlikni 30 foizga kamaytirib yuboradi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Markaziy Osiyoda yaqinlashib kelayotgan suv tanqisligi haqida gapirdi. Bu haqda u Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirokida Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik forumida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
«Iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlari, ayniqsa, qishloq xo‘jaligida suvning yuqori intensivligi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2050 yilga borib Markaziy Osiyodagi qurg‘oqchilik va suv toshqinlari hosildorlikning 30 foizga kamayishiga olib keladi. Qishloq xo‘jaligimiz suvning 60 foizdan ortig‘ini iste’mol qiladi va suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishni talab qiladi. Bu mutlaqo dolzarb vazifa», dedi To‘qayev.
Qozog‘iston prezidenti ta’kidlaganidek, ushbu chaqiriqlarga javoban mamlakat suv xo‘jaligini modernizatsiya qilishga kirishdi. 20 ta yangi va kamida 15 ta mavjud suv omborini rekonstruksiya qilish, 3,5 ming km dan ortiq kanallarni modernizatsiya va raqamlashtirish rejalashtirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu 2027 yilgacha qo‘shimcha ikki km.kub suv bilan ta’minlash imkonini beradi.
Qozog‘iston davlati rahbari mamlakatda yangi Suv kodeksi ishlab chiqilayotganini eslatdi. Shuningdek, Rossiya bilan birgalikda yirik daryolar - Irtish va Ural havzalarida tadqiqot olib borish bo‘yicha yagona yo‘l xaritasi amalga oshirilmoqda.
«Bunday murakkab muammoni bir davlatning sa’y-harakatlari bilan hal qilib bo‘lmasligini qayd etmoqchiman. Bu masalaga manfaatlarning oqilona muvozanatini hisobga olgan holda birgalikda yondashish kerak. Fursatdan foydalanib, Rossiya bilan strategik hamkorligimiz suv resurslaridan ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lida birgalikda oqilona foydalanishga mutanosib yondashuvni kafolatlashiga umid bildirmoqchiman», dedi To‘qayev.
Misli ko‘rilmagan global muammolar oldida Qozog‘iston va Rossiya uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish har qachongidan ham muhimroq, deb qo‘shimcha qildi Qozog‘iston rahbari.
Mavzuga oid
21:59 / 11.12.2024
Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlaganlik uchun jazo kuchaytiriladi
17:04 / 11.12.2024
Qozog‘istonda kuydirgi sababli chorva uchun majburiy karantin joriy etildi
17:03 / 28.11.2024
Putin Qozog‘istonga kelib, To‘qayev bilan uchrashdi – asosiy kelishuvlar haqida
12:47 / 22.11.2024