Jamiyat | 14:48 / 10.11.2023
16534
16 daqiqa o‘qiladi

Xos bo‘ling!

Nega hozirgi davrda she’r o‘qilmayapti? Bu savol ko‘pchilikni qiziqtirmasligi aniq. She’r o‘qimaydigan odamning u haqda o‘ylab ko‘rishga ham ehtiyoji bo‘lmaydi. Xo‘sh, unda she’riyat bora-bora faqat shoirlarning o‘zi uchun yaratiladigan san’at turiga aylanadimi yo qachondir odamlar yana she’r mutolaasiga qaytishi mumkinmi? Eng qizig‘i, bu faqat bizning jamiyatda kuzatilayotgan holmi yoki butun dunyoning she’rga bo‘lgan ehtirosi so‘nganmi?

Nega hozirgi davrda she’r o‘qilmayapti? Bu savol ko‘pchilikni qiziqtirmasligi aniq. She’r o‘qimaydigan odamning u haqda o‘ylab ko‘rishga ham ehtiyoji bo‘lmaydi. Xo‘sh, unda she’riyat bora-bora faqat shoirlarning o‘zi uchun yaratiladigan san’at turiga aylanadimi yo qachondir odamlar yana she’r mutolaasiga qaytishi mumkinmi? Eng qizig‘i, bu faqat bizning jamiyatda kuzatilayotgan holmi yoki butun dunyoning she’rga bo‘lgan ehtirosi so‘nganmi?

Xuddi shu savollarga rus faylasufi va madaniyatshunosi, adabiyotshunosi Mixail Epshteyn o‘zining “Yuksak poeziya va alpodam” essesida javob qidirib ko‘radi. Epshteyn odamlar she’r o‘qimay qo‘ygan bu davr odamini “tobora poetik shaxsga aylanib boryapti” deb ta’riflaydi. chunki bunday odamning o‘zi “obrazli”, majoziydir. 21-asr odami bir mamlakatda tug‘iladi, boshqasida ta’lim oladi, uchinchisiga borib ishlaydi. Bunday kishi — poetik, majoz, uning hayoti esa ko‘pqatlamli matn.

Epshteyn odamning o‘zi obrazlashib, majoziylashib borishi bilan birga, poeziya hayotimizning hamma sohasiga kirib borayotganini, faqat buning uchun endi unga so‘z kerak bo‘lmay qolganini aytadi.

Poeziyaning bu turlari: antropoeyya va texnopoeyya, poeziya fizikasi, kosmopoeyya va biopoeyya, sotsiopoeyya va ekonopoeyya, noopoeyya kabilardir. Texnika taraqqiyoti natijasida siz qo‘lingizdagi smartfon orqali sizdan necha ming kilometr masofalardagi yaqiningiz yo yoringizni bir paytning o‘zida ko‘rib, eshitib suhbatlasha olasiz. Endi siz uni sog‘inganingizda, uning xayoli bilan ovunishingizga hojat yo‘q. Tuyg‘ularingizni o‘sha onning o‘zidayoq yetkazish imkoniga egasiz.

Yana bir tomoni — avvallari odamlar nima uchun she’r o‘qirdi? O‘zi istagan, ko‘rmoqchi bo‘lgan obrazini yozilgan asardan qidirardi va asardagi obraz uning chanqog‘ini bosardi. Endi esa odamlar boshqa obrazlarni izlamaydi, unga sig‘inishmaydi, ijtimoiy tarmoqlardagi profillari orqali o‘zining asli real hayotdan bir qadar uzoq bo‘lgan virtual obrazini yaratadi. Bugungi inson endi san’atkor yaratgan obrazlar dunyosida yashovchi odam emas, u o‘zining obrazini o‘zi yaratayotgan va uni o‘zi taqdim qilayotgan odam. Instagram, Facebook, Tik-Tok kabi tarmoqlarda odamlar o‘z ichki dunyosini matn, kiyim, uslub, yurish-turish vositasida yaratib va o‘sha paytning o‘zidayoq taqdim eta olyapti. Sotsiopoeyyani ifodalagan bu jarayonda tarmoq tizimida “biz boshqa odamlar rolini o‘ynaymiz, o‘zimizni “o‘zimiz emas” timsolida shakllantiramiz, … biz endi ko‘p “o‘zga” ega shaxs bo‘lib, unga bitta “men” torlik qiladi.» Ayni shu paytda xatti-harakatimiz shoirning o‘z lirik qahramonini yaratish jarayoni bilan bir xil. Shoir ham lirik qahramonlari yaratuvchisi edi, endi biz ham o‘z timsolimizni yaratuvchimiz.

Avvallari bolalar doston va ertak o‘qishardi va ulardagi uchar gilamlar, qahramonning kun emas, soat sayin ulg‘ayishidan, o‘zga olamlarga sayohat qilishidan hayratga tushardi. Bugun esa ilm-fan taraqqiyoti tufayli, uchar gilam mo‘jiza emas, masalan, Toshkentning qoq markaziga borib, siz uchar sharda uchasiz, zaminga tepadan turib qaray olasiz.

Yaqinda bir dugonam “Go‘ro‘g‘li” dostonlarida qahramonlarning soat sayin ulg‘ayishi degani yorug‘lik tezligidan ham tezroq vaqtning borligi tufayli shunday degan fikrini aytdi. Demak, endi ertak va dostonda bizga mo‘jiza bo‘lib tuyuladigan voqealarning ham qandaydir ilmiy izohi borligiga, u mo‘jiza yo xayoliy tasavvur mahsuli bo‘lmay reallikligiga ishonadi. Nega bunday? Chunki bir asr davomidayoq biz uchar gilam tasavvuridan chekinib, uchar samolyotga ega bo‘ldik. Endi gilam va u haqda aytish, tinglash mo‘jiza emas. Uchoqda uchib ko‘rishning o‘ziyoq sizga uchishdan tug‘iladigan zavq-shavqni taqdim eta oladi. Shuning uchun uchar mashina-yu, boshqa mamlakatlar bilan bog‘laydigan samolyot, nainki boshqa mamlakatlar, balki kosmosga uchirilayotgan raketa-yu kemalarni multfilmda tomosha qilayotgan bola bugun Hamid Olimjonning “Oygul bilan Baxtiyor” ertagidan ta’sirlanishi qiyin. Bunda hech kimni ayblab bo‘lmaydi, bolani kitob o‘qimayotganligida ayblashdan oldin poeziya hayotimizning hamma jabhasiga kirib borganini, tasavvur mahsuli bo‘lgan hodisaning moddiylashgani va inson hayotining o‘zi majozdan chiqib majoziylashganini e’tirof etish kerak.

Bugun ertak qahramonining nega soat sayin ulg‘ayishi hayratlanarli emas? Mashhur “Intersteller” degan kino bor. Ko‘pchilik tomosha qilgan. Undagi voqealar rivoji Yerda apokalipsis boshlanganidan keyin boshlanadi. Oziq-ovqat tugayotgan, resurslar yo‘q, insoniyat bolasining taqdiri so‘roq ostida qolgan bir palla. Shu pallada kosmonavt yangi resurslar topish uchun boshqa sayyora va gallaktikalarga uchadi. U ketayotganida qizi o‘smir yoshiga yetmagan bola edi. Qahramon o‘z missiyasiga erishib qaytib kelganda esa Yerga, qiz kampirga aylanib o‘lim to‘shagida yotar, ota esa mutlaqo o‘zgarmagan, qarimagan, qizi bilan xayrlashganda qanday bo‘lsa, qaytganida ham shunday ahvolda edi. Kinodagi bu voqelik ham tasavvur mahsuli emas, aksincha ilm-fan haqiqati, Eynshteynning mashhur “Nisbiylik nazariyasi”ga isbot. Ya’ni vaqt bizning sayyoramiz va boshqa sayyoralar, gallaktikalar, kosmos uchun nisbiy hodisadir. Bugun buni biladigan inson soat sayin ulg‘ayadigan qahramondan hayratga tushmaydi. Balki vaqt haqida savol berib ko‘radi o‘ziga. Bu ham poeziyaning – noopoeyya, ilm-fan sathlariga qay tarzda ko‘chganini ko‘rsatadi.

Yana bir qiziq jarayon — avvallari ertak yo dostondagi o‘lib-tirilish, narigi dunyoga borib kelish degan syujyet chizig‘i o‘quvchini o‘ylantirardi. Endi esa olimlar Yer va Kosmos o‘rtasida yorug‘lik tezligidan-da tezroq muddatda “narigi olamlarga”, gallaktikalarga borib kelish imkonini beradigan “qurteshiklar” deb ataluvchi vaqt-makon tunneli borligini nazariy jihatdan bashorat qilib bo‘lishdi. Biz yozgan sms yo yuborgan rasmimiz bir daqiqadayoq okeanortidagi insonga yetib borishidan bugun hayratlanmaymiz. Ammo o‘sha vaqt-makon tunneli topilsa, biz o‘zimizni kelajakka, o‘tmishga ham teleportatsiya qila olishimiz mumkin bo‘lishi bugun ilmiy-fantastik kinolarda ko‘rsatilmoqda. Vaqt o‘tib hatto o‘tmishdagi o‘zimiz haqida o‘ylashimizga hojat qolmasligi, u bilan borib yuzlashib, gaplashib kelishimiz mumkinligi poeziyaning aqlga sig‘mas darajada takomillashayotganini ko‘rsatadi. Yo‘q, u aynan so‘z yordamida kengaymayapti, ammo bizning xayollarimiz, tasavvurlarimiz reallashishi, moddiylashishi natijasida dahshatli kengayib boryapti.

Kvant fizikasining ochilishi fizikaning mutlaqo poetik ekanini isbot etdi men uchun. Avvallari shoir “oyga qara va meni o‘yla, o‘sha mahali men ham seni o‘ylayotgan bo‘laman” derdi. Har bir energiya bir-biriga tortishadi deydi kvant fizikasi. Bugun har bir moddada bo‘linuvchi atomdan ham kichik zarra – kvantning mavjudligi, eng muhimi u odamlar ko‘ziga aynan o‘z holatida ko‘rinmasligi, nima bilan qarayotgan bo‘lsangiz, sizga shu shaklda ko‘rinishi avvallari shoirona gap bo‘lib tuyuladigan “dunyoga qanday qarasang, shunday qaraydi u ham senga” , degan so‘z bilan barobar.

Darvoqe, yana bir hodisa. Hoshimjonning qalpoqchasi esingizdami? U orqali Hoshimjon ko‘rinmas bo‘ladi, baholarini o‘zgartiradi va hokazo. Bugungi fizika, fizik olimlar ko‘rinmaslik ham nazariy jihatdan mumkin bo‘lgan hodisa demoqda, ehtimol ming yillar oralig‘idagi kelajak fizikasini insoniyat uchun ko‘rinmaslikning ochilishi kutar.

Epshteyn poeziya hamma narsaning hamma narsaga kirishi, o‘tishidir deydi. Bugun hayotning hamma jabhasida shu jarayon ketyapti. Poeziya ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p o‘zliklarni namoyon qilyapti, fizika va poeziya tili allaqachon bir tilni eslatib yuborgan, kosmos, gallaktikalar, osmondagi yulduzlar biz uchun xayol qilinadigan narsa emas, turli teleskoplardan olingan rasmlarda ularning suratini ko‘ryapmiz, hatto biz Katta portlashdan million yil keyin teleskoplarga kelgan nur sabab uning ham qismlarini ko‘rdik. Bugun hech narsa hayrat uyg‘otmasligi tabiiy, chunki turmush tarzimizda har bir hayratlanarli narsa moddiylashib, reallashib bormoqda.

Bu degani endi she’rga ehtiyoj qolmadi deganimi? Yo‘q, unday emas. She’rga ehtiyoj hamisha mavjud. Birinchidan, bizga doim shoir kerak. Shoir kim? Shoir — san’atchi. San’atchi esa doim individual shaxs, olam. Biz bugun ko‘p jihatdan bir-birimizga o‘xshash odamlarmiz — taraqqiyot mevalarini iste’mol qilishda, ishlab chiqaruvchi inson bo‘lib taraqqiyotning bir bo‘lagiga aylanishda. Bunda o‘z-o‘zidan individuallik yo‘qoladi. Shoir avvalo o‘zida o‘sha individualligini asrab qolgan odam. Va bunday individuallikka doim bizning ehtiyojimiz bor, nega deganda, voqelikka boshqa tomondan qarash uchun bizga doim o‘sha boshqa tomondan qaray oladigan, qaranglar, bu tomon ham bor, bu tomondan ham qarash mumkin degan odamlar kerak. Individuallik bizning yakrang, umumiy turmush tarzimizni buzib turadi. Eng muhimi individuallikni ta’riflab bo‘lmaydi, u o‘z-o‘zidan sodir bo‘ladi, agar bunday bo‘lmaganda hamma shoir bo‘lishi mumkin edi.

Ikkinchidan esa, bugun poeziyaning boshqa sathlarga ko‘chishi natijasida so‘zdagi poeziya ham o‘zgarishlarga yuz tutdi. Ayrim shoirlar poeziyaning bu tarzda hayotimiz sathlariga yoyilishiga isyon sifatida endi yuksak badiiy til bilan emas, balki ommabop til, hatto ko‘cha tilida ham yoza boshlashdi. Bunday sharoitda shoir o‘ylaydi — endi yozish uchun nima qoldi unga, xayol va tasavvurlar reallashayotgan bir pallada? Endi hayotdagi eng isqirt, eng ko‘rimsiz, eng tuban deb bilinadigan narsalar, tushunchalarga ham ma’no berish vaqti kelgandir, poeziya hayotning doim chetda qoladigan qismi haqida ham gapirishga o‘ziga ruxsat berar?! Bunday xususiyat Amerikaning Allen Ginzberg, Charlz Bukovskiy kabi 20-asrning so‘nggi taniqli shoirlari bo‘lmish “sindirilgan avlod” ijodida ko‘rina boshladi. Keyinchalik bunday kayfiyat dunyo she’riyatiga ham yoyildi.

Uchinchidan, poeziyaning o‘zi ijtimoiy, biologik, fizik, kosmik va ilmiy hayot sathlariga yoyilgan ekan, qanday qilib so‘zli she’riyat bularning barchasini qamrab olmasligi mumkin?! Azaldan she’riyat barcha san’atning cho‘qqisi bo‘lgan, chunki u bir lahzani muhrlash orqali, bir lahza ta’rifi haqida ayta turib, butun borliq haqida gapirgan. Poeziyaning bu tabiatini tushunish hamma uchun oson emas. Salaflarimizdan biri aytganidek, buning uchun kamida “ikki vagon” kitob o‘qish kerak bo‘ladi. Agar siz o‘zingizni shunday kitobxon qilib tarbiyalamagan odam bo‘lsangiz, she’rni tushunolmaysiz. Ayniqsa, bugungi hamma narsani qamrab olishga urinadigan she’riyatni.

Yana bir fikr, 20-asrdagi fransuz she’riyati she’r tili, strukturasi, fikr oqimi — barchasini tubdan o‘zgartirdi. Va ularning yozgani hamma uchun tushunarli emasdi, ular ma’lum xos odamlar uchun edi. Xo‘sh, ular nega bunday qilgan deb o‘ylaysiz? Men o‘ylaymanki, bunday she’riyat orqali ular insoniyatni mutlaqo boshqa fikr o‘lchamida qarashga o‘rgatmoqchi bo‘lgan. Bu orqali ham she’riyat bashorat qilgan. Bilasizmi, nimani bashorat qilgan, hozirgi olimlar koinotning biz bilmagan gallaktikalarida mutlaqo boshqa o‘lchamlar bor deydi, ehtimol u yerda sivilizatsiyalar bor va u yerdagi o‘lchamlar mutlaqo boshqa, biz uning qandayligini hatto tasavvurimizga sig‘dirolmaymiz deyishadi. Bu vaqt o‘lchami ma’nosida yo zamon o‘lchami ma’nosidami, xullas, hammasida shunday. Demak, haqiqiy she’riyat hamon mavjud va u o‘z davrining fikr o‘lchamlaridan oldinda yurmoqda. Ammo uni tushunish uchun siz istalgan she’rni olib o‘qib ketishingiz kifoya emas. Ha, endi she’rni o‘qish, anglash, his qilish uchun xos bo‘lish har qachongidan-da zarur. Hayotimizning hamma pallasi va jabhasi she’rga aylanganda she’riyatning o‘zi nima demoqda? Siz she’r voqeligiga ayni shu nuqtadan qaray olishingiz kerak.

Buning uchun esa yana o‘sha — xoslik muammosi. She’r nega o‘qilmayotganiga sabab ham shu – o‘quvchining o‘zini xos darajada tarbiyalay olmasligi, mabodo xos bo‘lish haqida gap ketsa, tezda burun jiyirishi. To‘g‘ri, bilmagan narsamizni birov bilmaysan deb aytsa, darrov egomizga tegib ketadi va o‘rnimizdan sakrab ketamiz. Lekin ikkinchi tomondan o‘ylab qarasa, sizda imkon bor. Bilmagan narsangizni qachondir bilish yoki shu ego izmida hech qachon bilmay o‘tish. Xos bo‘ling, degan gapni ham kamsitilishdek qabul qilishingiz mumkin. Ammo unutmang, nega xos bo‘ling desa jahlingiz chiqadi, bilasizmi, biz o‘zimizni hamma yuqori, yuksak narsalarga loyiq ko‘rmay qo‘ygan odamlar ekanimizdan. Biz o‘zimizni xoslikka loyiq ko‘rmasligimiz va o‘zimizni xos qilib tarbiyalashga urinmasligimiz evaziga ham xoslikdan burun jiyiramiz. Ammo siz chinakam she’riyatdan zavq olishni istasangiz, xos bo‘lishingizga to‘g‘ri keladi. Agar siz buni tanlamasangiz ham, yuksak she’riyat doim yashayveradi, o‘zini xoslikka loyiq ko‘radigan insonlar va xalqlar uchun. Ular she’riyat bergan tasavvur imkoni evaziga poeziyani hayotga tatbiq qilib boraveradilar.

She’r o‘qing. Buning uchun o‘zingizni xoslikka loyiq ko‘ring. Xos bo‘ling!

Tillaniso Nuryog‘di, filologiya fanlari bo‘yich falsafa doktori (Phd)

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Mavzuga oid