Jahon | 10:52 / 12.11.2023
32055
19 daqiqa o‘qiladi

Eyfel minorasini sotgan firibgar – tarixdagi eng mashhur aldovlar

Mashhur firibgarlar tarixiga nazar tashlasangiz, ehhe, ular nimalar qilishmagan? Biri Eyfelni sotmoqchi bo‘lgan, ikkinchisi dunyoga mashhur Luvr muzeyi mutasaddilarini aldagan. Boshqasi esa chek va turli banknotlarni aslidan farq qilmaydigan tarzda yasab tarqatgan. Ushbu materialda yaqin tarixda sodir etilgan eng mashhur firibgarliklar bayon qilingan.

Odamlar oson pul topish uchun nimalar qilishmaydi: o‘g‘rilik, firibgarlik, tovlamachilik, talonchilik va bosqinchilik. Shular orasida eng ko‘p tarqalgani firibgarlik hisoblanadi.

Har yili Yer yuzi bo‘ylab millionlab insonlar turli firibgarliklar qurboni bo‘ladi va pullaridan, yer-mulklaridan ayriladi.

Masalan, 2022 yilda Yer yuzida birgina telefon orqali sodir etilgan firibgarliklar tufayli odamlar 53 mlrd dollar pullaridan ayrilgan.

Aksariyat hollarda ayrimlar uchun firibgarlik nafaqat pul topish usuli, balki hayot tarziga aylanadi. Taniqli dallollar va sarguzasht izlovchilar mahorat bilan ism-shariflarini, kasblarini va tarjimai hollarini o‘zgartirishadi.

Agar firibgar qanchalik mahoratli va iqtidorli bo‘lsa, shunchalik katta tavakkalga qo‘l uradi va mashhurroq odamlarni aldab ketadi. Katta kompaniyalarni, hatto shahar ahlini ham aldab, chuv tushirib ketishi mumkin.

Tarixda bunday hodisalar ko‘p bo‘lgan. Mashhur firibgarlardan biri Eyfel minorasini sotuvga qo‘ygan, boshqasi shaxsan Benito Mussolinini aldagan. Quyida juda shov-shuv bo‘lgan mashhur firibgarliklar haqida so‘z yuritamiz.

Viktor Lyustig – Eyfel minorasini sotgan firibgar

Viktor Lyustig o‘zining birinchi firibgarligini 1910 yilda, 20 yoshida qilgan. U xaridorga o‘zi yasagan soxta yuz dollarlik pulni chop etishga mo‘ljallangan ixcham uskunani ko‘rsatib, rosa maqtaydi.

So‘ng undan 100 dollarlik pulni chiqarib ko‘rsatadi va uskuna har olti soatda bitta banknot chiqarishini aytadi. Muvaffaqiyatli namoyishdan so‘ng bitim tuziladi. Lyustig 30 ming dollar oladi, mijoz esa mo‘jizaviy uskunani. Firibgar qo‘lga tushib qolmaslik uchun darhol xaridorning oldidan ketadi.

Uskuna hech qanday dollar chiqarmas, u hatto qog‘ozga naqsh ham tushirmasdi. Viktor chiqarib ko‘rsatgan dollar haqiqiy bo‘lib, firibgar uni uskuna ichiga oldindan joylab qo‘ygandi.

Lyustig eng mashhur firibgarligini 1925 yilda, Parijda Eyfel minorasida navbatdagi ta’mirlash ishlari olib borilayotganda amalga oshirgan.

Eyfelning atrofi o‘rab qo‘yilganidan foydalangan Lyustig minoraga mas’ul bo‘lgan pochta va telegraf vazirligining yuqori mansabdor shaxsi nomidan soxta hujjatlar tayyorlab, beshta yirik temirfurushga taklifnoma jo‘natadi.

Ulardan biri bilan uchrashuv chog‘ida firibgar tadbirkorga Eyfel minorasi yaroqsiz holga kelib, Parij aholisi va uning mehmonlari uchun xavf tug‘dirayotganini, shu bois shahar hokimiyati uni yo‘q qilishga qaror qilganini aytadi.

Bu ish jamoatchilik noroziligiga uchrashi mumkinligi sababli, minorani buzish shartnomasi bo‘yicha yopiq auksion o‘tkazish huquqiga egaligini ta’kidlaydi. Laqqa tushgan xaridor Lyustigga 250 ming frankka chek yozib beradi. Firibgar darhol pulni naqdlashtirib, mamlakatdan qochib ketadi.

Vilgelm Foygt – shahar hokimiyatini egallab olgan soxta ofitser

1906 yilda ishsiz qolgan Vilgelm Foygt Berlinga tutash Kyopenik shaharchasida Prussiya armiyasi kapitanining kiyimini sotib oladi va mahalliy kazarmaga boradi.

Vilgelm u yerda to‘rt nafar harbiyni uchratadi va ularga burgomister va g‘aznachini hibsga olish uchun o‘zi bilan birga shaharcha ma’muriyatiga borishni buyuradi.

Askarlar ofitserga bo‘ysunmaslikka jur’at eta olmaydi va unga ergashishadi. Vilgelm shaharcha ma’muriyati binosiga kirib, burgomister va g‘aznachi davlat mablag‘larini o‘zlashtirgani uchun hibsga olinishini e’lon qiladi.

Firibgar u yerdagi barcha pullarni ashyoviy dalil sifatida musodara qilinishini aytib, ularni oladi. So‘ng askarlarga ikkala mahbusni qo‘riqlashni buyurib, o‘zi vokzalga boradi va shaharchadan qochib ketadi.

Vilgelmni 10 kundan keyin ushlashadi va 4 yilga ozodlikdan mahrum qilishadi. Oradan ikki yil o‘tib, firibgarning bu ishi imperator Vilgelm I ning qulog‘iga yetadi.

Shunda imperator oddiy bir firibgarning dadilligidan hayratga tushadi va alohida farmon chiqarib, uni ozod qiladi. Shundan so‘ng firibgar Yevropa va Amerikada mashhur shaxsga aylanadi.

1909 yilda Vilgelm bu hayratlanarli voqea haqida asar yozib chop ettiradi. Ko‘p o‘tmay hodisa haqida film suratga olinadi va spektakl sahnalashtiriladi. Shu tariqa Vilgelm boyib ketadi va firibgarlik qilishga hojat qolmaydi.

Bugungi kunda, Kyopenik shahar ma’muriyati binosi oldidagi zinapoyada «afsonaviy kapitan»ning bronza haykali o‘rnatilgan. Shuningdek, Londondagi Madam Tyusso muzeyiga uning mumdan yasalgan haykali qo‘yilgan.

Jozef Ueyl – Mussolinini aldagan firibgar

Jozef Ueyl XX asrning juda mashhur firibgari edi. U hatto «firibgarlar qiroli» deb laqab olgandi. Bir kuni Jozef banklardan biri yangi joyga ko‘chib o‘tayotganini eshitib qoladi.

U bundan foydalanib qolish uchun darhol bo‘sh binoni ijaraga oladi. So‘ng bir guruh soxta xodimlarni ishga qabul qiladi. Soxta mijozlar yollaydi va bank faoliyatini boshlaydi.

O‘sha kunning o‘zidayoq bank arzon narxda yer uchastkasini sotishi haqida e’lon beradi. Bularning barchasi mahalliy boylardan birini tuzoqqa tushirish uchun qilinayotgandi.

Reja ish beradi va millioner tuzoqqa tushadi. U bankka kirib kelganda bir muddat Jozefni kutib qoladi va kassalar oldidagi navbatlarni, qog‘oz uyumlarini ko‘targan xodimlarni, qo‘riqchilarni kuzatadi, barchasi risoladagidek.

Bank egasi rolini o‘ynayotgan Jozef boy mijozni charchagan va norozi holda kutib oladi. Biroz o‘tib kelishuv imzolanadi va boy yer uchun pullarni to‘laydi. Unga yerning hujjatlarini berishadi.

Mijoz chiqib ketgandan so‘ng Jozef barchaga javob berib yuboradi va binoni bo‘shatib chiqib ketadi.

Ertasi kuni o‘sha ko‘chadan o‘tayotgan boy kecha o‘zi kirgan bank binosida hech kim ko‘rinmayotganidan shubhaga tushadi. Shunda u firibgarga chuv tushganini, qo‘lidagi hujjatlar soxta ekanini biladi.

Qizig‘i shundaki, Jozef o‘z davrida Italiya fashizmining otasi, mamlakatni 20 yil (1925-1945) boshqargan Benito Mussolinini ham chuv tushirgandi.

Jozef bir marta AQShning Kolorado shtatidagi konlarni o‘zlashtirish huquqini sotish haqida e’lon berganda, ularni Benito Mussolini ham sotib oladi.

Italiya maxsus xizmati xodimlari Jozefning bu firibgarligini fosh qilganda u 2 million dollar bilan qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi.

Jozef faoliyati davomida bir necha marta qamalib chiqadi. U uzoq umr ko‘radi va 1976 yilda 101 yoshida vafot etadi.

Frenk Abigneyl – FQBni ham dog‘da qoldirgan firibgar

Frenk Abigneyl qalbaki cheklarni yasay boshlaganida 16 yoshda edi. Keyinchalik soxta cheklarni yasab tarqatish uning odatiy ishiga aylanadi.

Abigneyl Pan American uchuvchisining soxta guvohnomasi maxsus formasini qo‘lga kiritadi va aviakompaniya samolyotlarida dunyo bo‘ylab tekinga ucha boshlaydi. U qayerga borsa, o‘sha yerda soxta cheklarni naqd pullarga almashtirib olaveradi.

Shu tariqa Frenk yasagan 2,5 million dollarlik soxta cheklar dunyo bo‘ylab tarqalib ketadi, 26 ta davlatda muomalada bo‘ladi. Yigitda hech qanday diplom yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham u soxta diplom bilan shifoxonada ishlaydi, prokuror yordamchisi bo‘ladi. Oxir-oqibat FQB Frenkni ushlashga muvaffaq bo‘ladi.

1971 yilda Virjiniya shtati Oliy sudi Abigneylni 12 yillik qamoq jazosiga hukm qiladi. Shunda FQB soxta chek va pullarni aniqlashda noyob iste’dod egasi bo‘lgan Abigneylga hamkorlik taklif etadi.

Hamkorlikning sharti shu ediki, Abigneyl soxta cheklarni aniqlashda FQBga ko‘maklashadi. Buning evaziga ular Frenkning qamoqdan muddatidan oldin chiqishiga yordam berishadi.

Abigneyl qamoq muddatining to‘rtdan birini o‘tagach FQB kafilligi ostida ozod qilinadi. Shundan so‘ng uni Byuroga ishga olishadi. Frenkni ta’qib qilib hibsga olgan agent keyinchalik uning eng yaqin do‘stiga aylanadi.

Keyinchalik Abigneyl haqida Hollivudda film suratga olinadi. Filmni mashhur rejissyor Stiven Spilberg suratga olgan va unda bosh rollarni Hollivud yulduzlari Leonardo di Kaprio va Tom Henks ijro etgan.

«Tutqich bermas firibgar» deb nomlangan mazkur film ikkita Oskar mukofotini qo‘lga kiritgan va ijodkorlariga juda katta mablag‘ ishlab bergan.

Ferdinand Demara – tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan iste’dodli shifokor

1950-1953 yillarda bo‘lib o‘tgan Koreya yarimorolidagi fuqarolar urushi paytida Kanadaning «Kayuga» esminetsi bortiga o‘nlab yarador askarlar olib chiqiladi.

Yaradorlarning barchasini kema shifokori Jozef Kayr operatsiya qiladi va ular tuzalib ketishadi. O‘shanda Jozef amalga oshirgan eng qiyin operatsiyalardan biri – ko‘krak qafasidan o‘qni olib tashlash – hatto Kanadaning ixtisoslashgan jurnaliga kiritiladi. Bu katta janjalning boshlanishi edi.

Ma’lum bo‘lishicha, shifokor Kayr soxta ism-sharif bilan harbiy-dengiz flotiga qo‘shilgan va u qalbaki hujjatlarda ko‘rsatilgandek Kanada fuqarosi emas, balki amerikalik Ferdinand Demara bo‘lgan.

Eng hayratlanarlisi, bu shaxsning tibbiyotga umuman aloqasi yo‘q edi. Fosh bo‘lganidan so‘ng Demara kuchli xotira sohibi ekani va katta hajmdagi matnni so‘zma-so‘z eslab qolish qobiliyatiga egaligini aytadi.

Ma’lum bo‘lishicha, Demara har bir operatsiyadan oldin jarrohlik bo‘yicha darslikning tegishli bo‘limini o‘rgangan.

Aytgancha, shifokorlik Ferdinand Demara o‘zini sinab ko‘rgan yagona kasb emas. U hayoti davomida qurilish muhandisi, sherif o‘rinbosari, qamoqxona nazoratchisi, psixologiya fanlari doktori, advokat, bolalarni himoya qilish xizmati eksperti, jarroh va o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.

Turli ishlarda ishlar ekan u moddiy manfaatdorlik uchun bunday qilmagan. Firibgarni faqat ijtimoiy mavqe qiziqtirgan.

Meri Beyker – Karabu malikasi

Yana bir mashhur firibgar Meri Beyker ham moddiy manfaatlarni ko‘zlamasdi. U 1817 yilda ekzotik kiyimda, boshida salla bilan Angliyaning Glostershir grafligida paydo bo‘ladi.

Meri daraxtlarga chiqadi, g‘alati qo‘shiqlar kuylaydi. Qiz angliyaliklarga notanish tilda gapirardi. Avvaliga barchaga notanish bo‘lgan bu qiz har joyda yashab yuradi.

Kunlarning birida portugaliyalik dengizchi Manuel Eynesso uning nutqini tushunayotganini aytadi. Dengizchining aytishicha, qiz Hind okeanida joylashgan orol malikasi Karabu. U qaroqchilar tomonidan asirga olingan. Qaroqchilarning kemasi halokatga uchragach, qiz qochib qutulishga muvaffaq bo‘lgan.

Bu yangilik glostershirliklarning notanish qizga bo‘lgan qiziqishlarini oshiradi. Biroq uning rasmi mahalliy gazetada paydo bo‘lgandan so‘ng, bir ayol aslida etikdo‘zning qizi bo‘lgan Merini tanib qoladi.

Sud yolg‘onchini jazo sifatida Filadelfiyaga yuboradi. Ammo Meri u yerda ham odamlarni sirli malika haqidagi hikoyasi bilan aldamoqchi bo‘ladi. Keyinchalik Beykerning tarjimai holi haqida «Malika Karabu» filmi suratga olinadi.

Sergey Mavrodi – koliyaviy piramida asoschisi

1993 yilda Sergey Mavrodi tomonidan tashkil etilgan MMM kooperativi qimmatli qog‘ozlarni chiqardi. Ko‘p o‘tmay kooperativ 10-15 million kishini jalb etadi va Rossiya tarixidagi eng yirik moliyaviy piramidaga aylanadi.

Eng avjiga chiqqan paytda MMMga jalb etilgan depozitlar miqdori mamlakat jami budjetining uchdan bir qismini tashkil etadi.

1994 yil 4 avgustiga kelib MMM aksiyalari narxi o‘zining dastlabki qiymatidan 127 marta oshadi. Ba’zi ekspertlarning fikricha, o‘sha paytda Sergey Mavrodi birgina Moskva shahrining o‘zida kuniga taxminan 50 million dollar ishlab topgan.

Piramida qulaganida millionlab odamlar o‘z jamg‘armalaridan mahrum bo‘lishadi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Mavrodi yetkazgan zararning umumiy miqdori 110 million dollardan 80 milliard dollargacha edi.

Mavrodi avvaliga o‘zini Rossiyadan qochib ketganday ko‘rsatib yashirinadi. U interpol tomonidan qidirilayotganda ham Stock Generation nomli virtual moliyaviy piramida tashkil etib, odamlarning pullarini o‘zlashtirish bilan band edi.

2003 yilda Mavrodi ushlanadi. 2007 yilda Moskva shahridagi sudlardan biri uni 4,5 yilga ozodlikdan mahrum etadi. Firibgar 2018 yilda Moskva ko‘chalaridan birida yurak xuruji tufayli vafot etadi.

Goxmanlar – Luvr muzeyini aldagan aka-uka

Aka-uka Goxmanlar XIX asrda Odessada yashagan. Ular ko‘pinch tarixiy osori-atiqalar bilan birga soxta narsalarni ham sotadigan do‘konga egalik qilgan.

Goxmanlar katta pulni orzu qilishardi, shu maqsadda ular haqiqatan ham misli ko‘rilmagan tadbirni tashkil etishga qaror qilishadi. 1896 yilda ular oddiy tojni Luvr muzeyiga skif qiroli Saytafarnaning noyob toji deb 200 ming frankka pullashadi.

Yetti yil davomida butun dunyodan ko‘plab odamlar Parijga ushbu mo‘jizani ko‘rish uchun keladi. Sakkizinchi yilda rassom va haykaltarosh Ellin Mayens tojning soxtaligini fosh qiladi. Shunday bo‘lsa-da, aka-uka firibgarlarni javobgarlikka tortishning iloji bo‘lmaydi.

Pavel Shpeyyer – Moskva general-gubernatorining uyini sotgan firibgar

Rossiya tarixidagi eng shov-shuvli firibgarlik XIX asrning ikkinchi yarmida sodir bo‘lgan. 1867 yilda Pavel Shpeyyer boshchiligida firibgarlar guruhi tashkil etilgan.

Ular bir necha yil davomida ko‘plab firibgarliklarni sodir etishadi. Oxir-oqibat Shpeyyer kimsan Moskva general-gubernatorini ham aldagach guruhning barcha a’zolari ushlanib, jazolanadi.

Firibgarliklar ortidan yaxshi daromad qilgan va aslzodalarday yurgan Shpeyyer Moskva general-gubernatori knyaz Vladimir Dolgorukovning ishonchiga kiradi va uning do‘stiga aylanadi.

Kunlarning birida firibgar «do‘sti»dan yashab turgan qo‘rg‘onini bir kunga berib turishni so‘raydi. General xursandchilik bilan rozi bo‘ladi va oilasi bilan dam olishga shahar tashqarisiga chiqib ketadi.

Shundan so‘ng Shpeyyer generalning qo‘rg‘onini biroz avval tanishgan ingliz lordiga o‘z uyi deb ko‘rsatadi va katta miqdordagi pulga sotadi.

Bir necha kundan so‘ng general dam olishdan qaytib, noma’lum shaxs xizmatkorlari bilan birga uyiga narsalarni tushirayotgani ustidan chiqadi. Ma’lum bo‘lishicha, Shpeyyer qo‘rg‘onni unga 100 000 rublga sotgan.

Notarius tomonidan berilgan oldi-sotdi hujjati qalbaki bo‘lib chiqadi. Hujjatni bergan notariusni esa topib bo‘lmaydi.

General-gubernator firibgardan qattiq qasos olishga ahd qiladi. 1875 yilda guruhning deyarli barcha a’zolari hibsga olinib, jazoga tortiladi. Qizig‘i, sudlangan 48 firibgardan 36 nafari zodagonlarga mansub edi.

Asosiy tashkilotchilar surgun qilinadi, ijrochilar turli muddatlarga qamaladi. Bir nechtasi katta jarimalar bilan qutulib qoldi. O‘shanda Shpeyyer qochib ketadi va uni tutishning iloji bo‘lmaydi.

Savin–Graf de Tuluza-Latrek – Rossiya hukumati vakili

XX asr boshlarida Rossiya armiyasi ofitseri Nikolay Savin San-Fransiskoga boradi va eng yaxshi mehmonxonadan joy olib, o‘zini hammaga graf de Tuluza-Latrek deb tanishtiradi.

U mahalliy gazetalarga intervyu beradi, AQShga Rossiya hukumatining topshirig‘i bilan Trans-Sibir temiryo‘li qurilishi uchun Amerikadan hamkor topish maqsadida kelganini aytadi.

Firibgarning yolg‘onlariga laqqa tushgan bir necha tadbirkor soxta grafning qabuliga kirish uchun navbatda turadi. Unga qimmatbaho sovg‘alar berishadi.

Kaliforniya bo‘ylab sayohat qilib ancha pul yig‘ib olganidan so‘ng soxta graf Rossiya hukumati bilan hamkorlik qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni dog‘da qoldirib, g‘oyib bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay Savin Rimda paydo bo‘ladi. Bu yerda Italiya Mudofaa vazirligi qurolli kuchlar uchun ko‘p ot sotib olish haqida e’lon bergandi. Firibgar darhol yilqichilik bilan shug‘ullanuvchi yirik rus chorvachisi roliga kiradi.

So‘ng u Mudofaa vazirligi bilan otlarni yetkazib berish bo‘yicha muvaffaqiyatli shartnoma tuzadi va avans uchun berilgan yirik miqdordagi pullarni olib qochib ketadi.

Bolgariya poytaxtida u Nikolay I ning o‘g‘li Buyuk gersog Konstantin Nikolayevich rolini ham qoyillatib o‘ynaydi. Firibgar juda ishonarli tarzda gersogning qiyofasiga kirgan edi.

Unga sovg‘a-salomlar berishar, har kuni ziyofatlarga taklif etishardi. Biroq Sofiya shahridagi sartarosh gersogning sochini kesayotib, uni fosh qilib qo‘yadi. Firibgar u yerdan ham qochishga majbur bo‘ladi.

Savinning yana bir mashhur firibgarligi Sankt-Peterburgdagi Qishki saroyni boy amerikalikka sotish bo‘lgan. Bu ish ham muvaffaqiyatli amalga oshgan va firibgar ancha mablag‘ ishlab olgan.

Amerikalik chuv tushganini bilganida 1917 yildagi fevral inqilobi sodir bo‘lgan, mamlakatda yuz berayotan talato‘plar tufayli uni eshitadigan odam yo‘q edi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid