O‘zbekiston | 15:34 / 13.11.2023
4537
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat organlari o‘z xarajatlarini e’lon qilishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yishyapti – Aksilkorrupsiya agentligi

Ochiqlikka doir farmonga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari o‘zlarining xaridlari, avtomobillar va xizmat safarlari xarajatlari kabi ijtimoiy ahamiyatga molik 35 toifadagi o‘z ma’lumotlarini ochiq e’lon qilishi shart. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘tkazgan monitoringga ko‘ra esa, davlat organlari aksariyat hollarda budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning xarajatlariga oid ma’lumotlarni ochiq e’lon qilishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ymoqda. 

Foto: Kun.uz

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi holati monitoring qilindi. Agentlikning ma’lum qilishicha, monitoringda 93 ta vazirlik va idoralarning 2023 yil 3-choragidagi faoliyati mobaynida ochiqlikka doir hujjatda ko‘rsatilgan ijtimoiy ahamiyatga molik 35 ta toifadagi ma’lumotlarni e’lon qilish darajasi o‘rganildi.

Xususan, monitoringda 21 ta vazirlik, 7 ta qo‘mita, 11 ta agentlik, 7 ta markaziy muassasa, 13 ta hokimlik va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, 23 ta davlat ulushi mavjud tashkilot va 10 ta bank tomonidan ma’lumotlarni belgilangan axborot resurslarida e’lon qilinishi tahlil qilingan.

Ma’lum bo‘lishicha, 93 ta vazirlik, idora va hokimliklar tomonidan umumiy 52 % samaradorlik ko‘rsatkichi qayd etilgan – ya’ni tashkilotlar e’lon qilinishi lozim bo‘lgan 1103 ta ma’lumotlardan faqat 577 tasi e’lon qilgan.

“Ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni e’lon qilish darajasi 8 ta davlat organi faoliyatida 100%, 11 tasida 80 %dan yuqori, 23 tasida 50 %dan yuqori va 51 tasida 50 %dan past samaradorlik ko‘rsatkichlarida ijro etilgan.

Shuningdek, idoralar kesimida ijro samaradorligi vazirliklar faoliyatida 66 %ni, qo‘mitalarda 56 %ni, agentliklarda 54 %ni, hokimliklarda 56 %ni, davlat ulushi mavjud tashkilotlarda 43 %ni, banklarda 32 %ni va markaziy muassasalarda 31 %ni tashkil etgan.

Tahlillarga ko‘ra, ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish darajasi bo‘yicha eng qoniqarsiz ko‘rsatkich markaziy muassasalar, davlat ulushi mavjud tashkilotlar va banklar hissasiga to‘g‘ri keladi”, — deyiladi agentlik xulosasida.

Monitoring jarayonida aniqlanishicha, davlat organlari tomonidan aksariyat hollarda budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning xarajatlariga oid ma’lumotlarni ochiq e’lon qilishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

“Jumladan, davlat organlari faoliyatidagi davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 47 %, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari 44 %, xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar 59 %, xarajatlar smetasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar 42% ko‘rsatkichlarda e’lon qilingan”.

O‘rganish yakuniga ko‘ra, Agentlik tomonidan 23 ta davlat organlari va tashkilotlariga ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.

Mavzuga oid